Chernobil atrofida istiqomat qiluvchi aholi Xirosimada yuz bergan atom fojiasidan 90 barobar ko`p zarar ko`rgan.
1986 yilning 26 aprel kuni Chernobil Atom elektr stansiyasida jahonda eng yirik deya aytiladigan texnogen fojiasi yuz bergan edi.
Atom elektr stansiyasining 1983 yil foydalanishga topshirilgan to`rtinchi blokida yuz bergan fojia oqibatida kelib chiqqan yong`in ikki hafta davom etdi. Fojiadan avval to`rtinchi blok reaktorida 180–190 tonnaga yaqin yadro yoqilg`isi (uran dioksidi) borligi aytiladi. Taxminlarga qaraganda, yoqilg`ining 5 foizidan 30 foizigachasi havoga tarqalgan. Insonlarning halok bo`lishi, zarar ko`rishi va iqtisodiy talofatlar bo`yicha mazkur fojea atom energetikasi tarixidagi eng yirik hodisa bo`lgani tan olinadi. Chernobil atrofida istiqomat qiluvchi aholi Xirosimada yuz bergan atom fojeasidan 90 barobar ko`p zarar ko`rgani ma`lum. Umumiy hisobda 160 ming kvadrat kilometr hudud zaharlandi.
400 mingga yaqin kishi fojia hududlaridan xavfsiz joyga ko`chirildi. Ularga har qanday buyumlarni olish taqiqlandi. Hatto bolalar ham o`z o`yinchoq va qo`g`irchoqlarini olishlari mumkin emasdi.

Odamlar faqat ustilaridagi liboslarnigina olib, uylarni tashlab ketishlari kerak edi. Odamlar orasida vahima kelib chiqishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida uch kundan keyin uylariga qaytishlari mumkinligi aytildi. Aholiga fojia xavfi haqida aniq ma`lumot va o`zlarini qanday tutishlari haqida tavsiyalar berilmadi.

Biroq xorijiy ommaviy axborot vositalarida odamlar hayoti uchun katta tahdid paydo bo`lgani to`g`risida xabarlar paydo bo`ldi. Xorij televidenielarida Markaziy va Sharqiy Evropa mamlakatlariga yopirilib kelayotgan zaharli bulutlar oqimi xaritasi namoyish etila boshlandi.

Fojia haqida rasmiy xabar ikki kundan keyingina matbuotda paydo bo`ldi. Ya`ni, 28 aprel kuni “Chernobil atom elektrostansiyasida fojia yuz bergani, bitta atom reaktori ziyon ko`rgani, talofatlarini bartaraf etish maqsadida choralar ko`rilayotgani, jabrdiydalarga yordam ko`rsatilayotgani, hodisani o`rganish maqsadida hukumatning maxsus komissiyasi tuzilgani” haqida qisqa xabar paydo bo`ldi.

Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti 2005 yil e`lon qilgan ma`lumotlarga qaraganda, fojia oqibatida 4 mingga yaqin kishi halok bo`lgan bo`lishi mumkin.

Biroq Grinpis va Xalqaro “Shifokorlar yadro urushiga qarshi” tashkiloti birgina talofatni bartaraf etuvchilar orasidan halok bo`lganlarning soni 10 ming kishini tashkil qilishini aytib keladi.

Evropaning Ukrainaga qo`shni mamlakatlarida 10 mingga yaqin nosog`lom chaqaloq tug`ilgani aytiladi.

O`shanda Chernobil fojiasidan xulosa chiqargan bir qator davlatlar atom energetikasidan voz kechishga qaror qildi. Atom elektr stansiyalarini tekshirishda mas`uliyat kuchaydi. 2003 yilning dekabr oyida BMT Bosh assambleyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi rahbarlarining 26 aprelni radiasiya fojiasi va halokatlari qurbonlarini yod etish kuni, deb e`lon qilinishi borasidagi tashabbusini qo`llab-quvvatladi.
Sharofiddin To`laganov, O`zA






