Moliyaviy firibgarliklar bilan bog`liq takrorlanuvchi hodisalarning oldini olish maqsadida Yagona umumrespublika prosessing markazi (Uzcard) barcha karta egalarini ogoh bo`lishga chaqirdi.
Bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan muhtoj va ehtiyojmandlarga yordam ko`rsatish maqsadida, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xayriya aksiyalari o`tkazilib kelinmoqda. Bunday tadbirlarni tashkillashtirish, albatta, e`tiborga molik ish, biroq, bu firibgarlar e`tiborini tortishini ham unutmaslik kerak.
Yordamga muhtoj insonlar uchun bu kabi tadbirlar tashkillashtirilishi muhim, biroq hadya qilingan mablag`ni qabul qiluvchi karta egasi zimmasida ham plastik karta xavfsizligini ta`minlashdek vazifa borligini unutmaslik lozim. Avvalambor, tadbirni tashkillashtiruvchilar tomonidan mablag` qabul qiluvchi karta egasi onlayn-o`g`riliklarning qurboniga aylanmasligi uchun ogohlantirilishi juda muhim.
"Yaqinda qayd etilgan firibgarlik hodisalaridan birida, o`g`rilar e`lon qilingan karta raqamini mobil ilovaga ulash maqsadida karta egasi bilan bog`lanib, SMS orqali yuborilgan kodni aniqlab olishadi. So`ngra yig`ilgan pul mablag`larini onlayn rejimda o`g`irlashadi, deb misol keltirilgan «Uzcard» xabarida.
Mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan bir qator mobil ilovalar tomonidan xavfsizlik talablari bajarilib, har bir karta egasi e`tiboriga havola etilgan yuridik ma`lumotda kod raqamini uchinchi shaxsga taqdim qilish mumkin emasligi ta`kidlansa-da, barcha fuqarolar ham bu ogohlantirishlarga amal qilmaydi.
Qayd etilgan qator firibgarliklardan kelib chiqib, «Uzcard» barcha ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashkillashtirilayotgan xayriya tadbirlarini e`lon qilishdan avval karta egasini plastik karta xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirishlarini va ogoh qilishlarini so`ragan.






