AsosiyJamiyat

Toshkentlik tadbirkor xorijdagi kolbasa ishlab chiqaruvchi korxonalarga xomashyo etkazib beryapti

'Toshkentlik tadbirkor xorijdagi kolbasa ishlab chiqaruvchi korxonalarga xomashyo etkazib beryapti'ning rasmi

Sharq tabobatida qo`y ichagidan ip – ketgut tayyorlanib, undan jarohatlarni tikishda foydalanilgani haqida ma`lumotlar bor. Bugungi kunda ham u turli sohalarda xomashyo sifatida qo`llanilmoqda.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi «Modern furnitura» mas`uliyati cheklangan jamiyati aynan qo`y ichaklari – arzon “mahsulot”ni xorijga eksport qilib, yuqori daromad olmoqda, deb yozadi O`zA.

Korxonada 15 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan band. Shu kunlarda «Modern furnitura» mas`uliyati cheklangan jamiyatida qo`y ichagini Germaniyaga eksport qilishni boshlash uchun hozirlik ko`rilmoqda. Buning uchun qayta ishlash jihozlari Evrostandart talablari darajasiga olib chiqildi.

– Olti yildan buyon tumanimizdagi kushxonalar bilan hamkorlikda ishlayapmiz, – deydi ushbu jamiyat texnologi Sherzod Rasulov. – Qo`y ichaklarini eksport qilyapmiz desak, ba`zilar hayron bo`ladi, yana kimdir eng foydali va xavfsiz tijorat sizlarniki ekan deydi.

Korxona direktori Venera Botsmonovaning aytishicha, qo`y ichagi bir necha bosqichli qayta ishlovdan o`tgandan so`ng dunyo standartlari darajasidagi xomashyoga aylanadi. So`ngra Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilinadi. Joriy yilning birinchi choragida qariyb 18 tonna ana shunday yarim tayyor mahsulot Misr va Livanga yuborildi.

Xorijlik tadbirkorlar undan sosiska, kolbasa kabi go`sht mahsulotlarining sirtini qoplab, oziq-ovqat mahsulotlarining ekologik tozaligini ta`minlashda foydalanadi.

    Boshqa yangiliklar