Prezident joriy yil 18 aprelda imzolagan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga tegishli tartibda qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mazkur hujjat bilan jinoiy sud ishlarini yuritish takomillashdi. Sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini kengroq qo`llashga imkoniyat yaratildi. Ayniqsa, sud majlisida videokonferensaloqa tizimi joriy qilingani sudlar faoliyatida odil sudlovga erishishni kafolatlash bilan birga, sudlar shaffofligini ta`minlaydi. Sud ishlari ko`rilishining tezkorligini oshiradi. Shu bilan birga, mazkur tizim sudlar faoliyatiga taalluqli tashkiliy masalalar bilan bog`liq ma`lumotlarni tezkorlik bilan etkazilishiga, yig`ilish, seminar va konferensiyalarni masofaviy tarzda o`tkazilishiga xizmat qiladi.
Ushbu tartibning yana bir afzalligi shundaki, boshqa hududda yashayotgan jinoyat prosessi ishtirokchilarining moddiy mablag` hamda vaqt sarf qilinishining oldi olinadi.
Qonunda barcha sudlarda jinoyat ishlarini oshkora ko`rishga alohida e`tibor qaratilgani inson manfaatlari muhofazasiga oid yana bir afzallik deyish mumkin. Xususan, sudlarda jinoyat ishlarini oshkora ko`rish sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat prosessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko`ra audio yoki videoyozuvdan foydalangan holda o`tkazilishi mumkin.
O`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslarning jinoyatlari to`g`risidagi ishlarni, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma`lumotlarni yoki ularning sha`ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma`lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek, ular oila a`zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta`minlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko`rishga yo`l qo`yiladi.
Sudlar zarur hollarda ommaviy axborot vositalari xodimlarini, tegishli jamoat birlashmalarini va jamoalarni bo`lajak prosesslar to`g`risida xabardor qilishi, shuningdek, prosesslarni bevosita korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari hamda ta`lim muassasalarida o`tkazishi mumkin. Bu, o`z navbatida, sudlov faoliyatida oshkoralikni ta`minlashga xizmat qiladi.
Endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari (yopiq sud majlislarida ko`rilgan ishlar bo`yicha sud qarorlari bundan mustasno) jinoyat prosessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini ko`rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi.






