AsosiyJamiyat

Bugungi kunda umumta`lim maktabi o`qituvchisining o`rtacha oylik ish haqi qancha?

'Bugungi kunda umumta`lim maktabi o`qituvchisining o`rtacha oylik ish haqi qancha?'ning rasmi

Moliya vazirligiga hozirgi vaqtda o`qituvchilarning oyligi qanchaligi yuzasidan ko`plab savollar kelib tushayotgani haqida ma`lum qildi.

E`tiboringiz uchun, umumta`lim maktabi o`qituvchilarining o`rtacha oylik ish haqi miqdorlari to`g`risida qisqacha to`xtalib o`tishni lozim topdik.

Bugungi kunda umumta`lim maktablarining malaka toifaga ega bo`lmagan oliy ma`lumotli boshlang`ich sinf o`qituvchisining oylik maoshi 1 133 700 so`mni, shu toifadagi yuqori sinf o`qituvchisining oylik maoshi 1 004 547 so`mni tashkil etadi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta`limi xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to`g`risida”gi 275-sonli qaroriga muvofiq umumta`lim muassasalari o`qituvchilariga quyidagi qo`shimcha haq to`lanadi:

- sinf rahbarligi uchun – eng kam oylik ish haqining 100 foizi;

- daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun - eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida.

Mazkur qarorga muvofiq umumta`lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasi mablag`lari hisobidan bazaviy tarif stavkalariga:

- tarbiyaviy jarayon amalga oshirilishining sifati va samaradorligiga, sinfdan tashqari ishlarga qo`shilgan aniq shaxsiy hissaga qarab hamda sinfdan tashqari ishlar uchun 15 foizgacha miqdorda;

- o`qitishning yuqori samaradorligi va sifati uchun 25 foizgacha miqdorda qo`shimcha ustama belgilanadi.

Demak, umumta`lim muassasalari o`qituvchisining oylik ish haqini yuqorida keltirilgan barcha ustama va qo`shimchalarning o`rtacha miqdorini qo`shgan holda hisoblasak, boshlang`ich sinf o`qituvchisiga 1 618 800 so`m, yuqori sinf o`qituvchisiga esa 1 463 816 so`m oylik hisoblanar ekan.

Ushbu ish haqi miqdorlaridan soliqlar va ushlanmalarni chegirib hisoblasak, boshlang`ich sinf o`qituvchisi 1 312 620 so`m, yuqori sinf o`qituvchisi 1 195 607 so`m oylik ish haqi qo`liga oladi.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-1875-sonli qaroriga asosan umumta`lim muassasalarining chet-tili o`qituvchilariga qishloq joylarda joylashgan ta`lim muassasalarida ularning tarif stavkalariga yana 30 foiz hamda boshqa ta`lim muassasalarida 15 foiz qo`shimcha haq to`lanishini ma`lum qilamiz.

    Boshqa yangiliklar