AsosiyJamiyat

Soxta yo`l harakati xavfsizligi xodimlari qo`lga tushdi

'Soxta yo`l harakati xavfsizligi xodimlari qo`lga tushdi'ning rasmi

Aholi orasida huquqiy madaniyat targ`ibotini kuchaytirish, jamiyatni befarqlik va loqaydlik kabi illatlardan xalos etish borasida izchil ishlar qilinayotgan bo`lsa-da, ayrim hududlarda firibgarlik bilan bog`liq jinoyatlar sodir etilmoqda. Ayniqsa, davlat xizmatchilarining maxsus kiyimini kiyib, undan shaxsiy manfaati yo`lida foydalanish qonunga xilofdir.

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasiga Ohangaron tumani hududidan o`tgan A-373 M-39 “Guliston – Bo`ka – Angren – Qo`qon – Andijon – O`sh” avtomobil yo`lida ichki ishlar organlari xizmati kiyimida shubhali yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari faoliyat olib borayotgani haqida xabar kelib tushadi.

Ushbu holat yuzasidan viloyat IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tadbirda A-373 M-39 “Guliston – Bo`ka – Angren – Qo`qon – Andijon – O`sh” avtomobil yo`lining 124-kilometrida, yo`l chetida “Nexia” rusumli avtomashina old o`rindig`ida ichki ishlar organlari xizmati kiyimida bo`lgan shaxsdan o`zini tanishtirish so`ralganida, qonuniy talablarni bajarmasdan ularga qarshilik ko`rsatadi. Fuqarolik kiyimida bo`lgan sherigi esa, avtomashinani katta tezlikda Ohangaron shahri yo`nalishida boshqarib, voqea joyidan qochib ketadi.

Ichki ishlar xodimlarining sa`y-harakatlari bilan avtomashina to`xtatilib, tekshirilganda, haydovchi (ism-familiyalar o`zgartirilgan) Angren shahrida yashovchi Z.Jalolov mashinani tegishli hujjatlarsiz, mast holatda boshqargani, sherigi “soxta yo`l harakati xavfsizligi xodimi” Ohangaron tumanida yashovchi B.Ikromov ekani aniqlandi.

Surishtiruv davomida ushbu shaxslar ilgari ichki ishlar organlarida bir muddat xizmat qilgani, o`zlarining noqonuniy xatti-harakatlari bilan xizmatdan bo`shatilgani, shundan keyin ham ichki ishlar organlari xodimi libosini kiyib, sodir etgan jinoiy qilmishlari uchun sudlangani aniqlandi. Biroq ular bundan to`g`ri xulosa chiqarmagan ko`rinadi.

O`zA xabariga ko`ra, mazkur holat yuzasidan ayblanuvchilar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Ichki ishlar organlari xodimlarining libos va asboblari ashyoviy dalil sifatida olib qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar