O`zbekistonda aholini ayniqsa, sog`liqni saqlash va ta`lim sohasi xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat`iy taqiqlash bo`yicha Vazirlar Mahkamasining qarori ishlab chiqiladi. Bu haqda 17 aprel kuni bo`lib o`tgan brifingda O`zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov ma`lum qildi.
Ushbu qarorda joylardagi obodonlashtirish xizmatlari faoliyatini kengaytirish, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash to`g`risidagi chora-tadbirlar ham aks etadi. Bunda xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasi inobatga olinadi.
Fuqarolarni jamoat ishlariga majburlash holatlari shundan keyin ham qaytarilsa, Prezident ta`kidlanagidek, jazo qattiq bo`ladi, jumladan, jinoiy javbogarlikkacha bo`lgan choralar ko`riladi, dedi Komil Allamjonov.
Shuningdek, Prezident tashrifi arafasida Qashqadaryoda yo`l bo`yida yasalgan soxta issiqxonalar, Jizzaxdagi tibbiyot muassasasida eski jihozlar o`rnatilgani va kasallarni onlayn ro`yxatga olish dasturi ishlamasligi kabi holatlar prokuratura organlari tomonidan tekshiriladi.
Yana shu kabi ko`zbo`yamachilik holatlari takrorlanishini oldini olish maqsadida doimiy va qat`iy nazorat o`rnatiladi. Ko`zbo`yamachilikka yo`l qo`ygan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi.
Brifing yakunida qayd etilishicha, davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi, aybdorlarning jazolanganligi haqida OAV, jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi mediamarkaz orqali xabarlar berib boriladi.






