Bu Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida (2.02.2018 yildagi PF–5325-son Farmonga 7-ilova) nazarda tutilgan.
Hujjatda nikoh va oila to`g`risidagi qonun hujjatlariga kiritiladigan bir qator yangiliklar nazarda tutiladi, deb yozadi "norma.uz".
Birinchidan, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish natijalari bo`yicha ularning salomatligi holati to`g`risida bila turib yolg`on ma`lumotlar yozilgan ma`lumotnoma berganlik uchun tibbiyot muassasasi rahbari va xodimlarining javobgarligi kuchaytiriladi.
Shuni eslatib o`tamizki, Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish to`g`risidagi nizomga (VMning 25.08.2003 yildagi 365-son qaroriga 1-ilova) muvofiq, ko`rikni o`tkazgan vrach ko`rik natijalarining xolisligi uchun shaxsan javob beradi.
Ikkinchidan, nikohlanuvchi shaxslar maxsus ta`lim dasturi bo`yicha oilaviy turmush asoslariga majburiy o`qitiladi. U ilg`or xorijiy tajribani hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
Hozir Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining (VMning 14.11.2016 yildagi 387-son qaroriga 1-ilova) 78-bandiga muvofiq, FHDYo organi arizani qabul qilayotganda nikohlanuvchilarga faqat nikoh tuzish tartibi va shartlarini, kelgusida er-xotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Shuningdek FHDYo organi nikohlanuvchilar bir-birining salomatliklari to`g`risida va oilaviy ahvoli to`g`risida xabardor ekanliklariga ishonch hosil qiladi, ularni nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarni yashirish oqibatlari to`g`risida ogohlantiradi.
Uchinchidan, nikoh qayd etilishini kutish muddati oshadi (aniq muddati hali aytilmadi). Bugungi kunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 73-bandiga muvofiq, nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to`g`rida belgilangan namunadagi ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy o`tgach FHDYo organi tomonidan qayd etiladi. Bunday jiddiy ishni o`ylab ko`rish uchun mazkur muddat etarli emas deb topildi.
To`rtinchidan, nikohni faqat sud tartibida tugatish rejalashtirilmoqda.
Hozirgi paytda Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining VI bobi 1 va 2-paragraflariga muvofiq, buni voyaga etmagan farzandlari bo`lmagan er-xotinlarni ularning o`zaro roziligiga ko`ra FHDYo organi amalga oshiradi. Bundan tashqari, er-xotindan biri bedarak yo`qolgan, ruhiyati buzilishi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoxud 3 yildan kam bo`lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo`lsa, o`rtada voyaga etmagan umumiy bolalari bor-yo`qligidan qat`i nazar, FHDYo organi nikohdan ajratishni qayd etadi.
Beshinchidan, er-xotinni yarashtirish muddati 1 yilgacha oshiriladi. Hozir Oila kodeksining 40-moddasi 2-qismiga muvofiq, sud ishning ko`rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oygacha muhlat tayinlashga haqli.
Oltinchidan, nikoh tugatilganda er-xotinlarning mulkiy javobgarligini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunda jahon yuridik amaliyotidagi ajrashish tashabbusi bilan chiqqan shaxsning turmush o`rtog`iga voz kechish uchun haq to`lash instituti haqida so`z bormoqda.
Shuni qayd etib o`tamizki, 2018 yil bo`yi davom etadigan normalarni yaratish jarayonida ko`rsatilgan yangiliklarga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida rasman e`lon qilingan va 3.02.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning to`liq matni, sharhlar va u bilan bog`liq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.






