Qishloq xo`jaligi yo`nalishidagi Konfusiy instituti dunyo tajribasida bo`lmagan va ilk bor O`zbekiston oliy ta`lim muassasasi qoshida tashkil etilmoqda.
Yangi ta`lim muassasasining faoliyati Toshkent davlat agrar universiteti bilan Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan Agrar universiteti o`rtasida yaqinda imzolangan memorandum asosida yo`lga qo`yiladi.
Maqsad universitetning iqtidorli talabalarini Xitoy universitetlarida qishloq xo`jaligi sohasida ta`lim olishi, professor-o`qituvchi va talabalar almashinuvini amalga oshirish, qishloq xo`jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirishdan iborat.
– Yil oxiriga qadar Sinzyan Agrar universiteti olimlari bilan “G`o`zani biologik himoya qilishda Xitoy texnologiyalarini qo`llash” va “Stressga chidamli qishloq xo`jaligi ekinlari genofondini yaratish” loyihalarini amalga oshirmoqchimiz, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botirjon Sulaymonov. – Ushbu loyihalar joriy yilda XXR Fan va texnologiyalar qo`mitasi hamda O`zbekiston Innovasion rivojlantirish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi va amalga oshiriladi.
Konfusiy instituti davlat o`quv muassasasi sanalib, Xitoy universitetlari va boshqa davlatlardagi universitetlar hamkorligida tuziladi. Bugungi kunda dunyo bo`ylab 500 dan ortiq Konfusiy instituti faoliyat yuritmoqda.






