AsosiyJamiyat

"Yashil" yo`lak orqali tilla taqinchoqlar olib kirishga uringan ilk qoidabuzarlar aniqlandi

'"Yashil" yo`lak orqali tilla taqinchoqlar olib kirishga uringan ilk qoidabuzarlar aniqlandi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida jismoniy shaxslar uchun ikki yo`lakli tizim ya`ni “yashil” va “qizil” yo`laklar joriy etildi.

Yaratilgan imkoniyatlardan o`z shaxsiy manfaatlarda foydalanib, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yashil yo`lak orqali tilla va zargarlik buyumlarini olib o`tishga uringan ilk qoidabuzarlar to`xtatib qolindi.

Istambuldan uchib kelgan fuqaro F.Yuldashevaning bojxona chegaralarini yashil yo`lak orqali kesib o`tayotib, o`zini tutishi va bezovtalanishi bojxonachilarda bejiz shubha uyg`otmagan ekan. Qarang-ki, F.Yuldasheva ayollar sumkasidagi pardoz upasi qutilariga va egnidagi kiyimi cho`ntaklariga 263 gr. og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarini yashirgani fosh bo`ldi.

Dastlabki, hisob-kitoblarga ko`ra mazkur tilla va zargarlik buyumlarining taxminiy qiymati 67 mln. so`mdan oshadi.

Ayni shu reys bo`yicha parvozini yakunlagan fuqaro G`.Tolibov ham yashil yo`lak bergan imkoniyatdan g`ayriqonuniy maqsadda foydalanib qolishga urindi. Ya`ni, belgilangan me`yorlardan ortiqcha bo`lgan 72 gr. og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarini qizil yo`lak qolib, yashil yo`lakdan olib o`tayotgan paytda to`xtatib qolindi.

Dastlabki, hisob-kitoblarga ko`ra mazkur tilla va zargarlik buyumlarining taxminiy qiymati salkam 16.5 mln. so`mni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, mazkur post xodimlari “Istambul-Toshkent” reysining yana bir yo`lovchisi fuqaro fuqaro M.Mavlyanova tomonidan qizil yo`lak orqali harakatlanayotib, lekin yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatmasdan turib, qiymati salkam 24,5 mln. so`mni tashkil qiluvchi 119 gr. tilla taqinchoqlarning yashirincha olib kirilishiga chek qo`yishdi.

Vaholangki, amaldagi tartiblarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig`i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me`yorlariga muvofiq umumiy og`irligi 30 grammdan ortiq bo`lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

“Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmati xabariga ko`ra, poytaxtimiz aeroporti orqali har sutkada dunyoning turli shaharlari bo`ylab, o`rtacha 40 dan ortiq reyslar amalga oshiriladi. Bu erda bir kunda o`rtacha 6-7 ming nafar yo`lovchilar harakatlanayotgan bo`lsa, shularning taxminan 93 % i bojxonadan yashil yo`lak orqali o`tishmoqda.

    Boshqa yangiliklar