Har bir fuqaroni ichki ishlar organlari xodimi timsolida o`zining hayoti, sog`ligi, sha`ni va qadr-qimmatini har qanday tajovuzlardan muhofaza qilishga, og`ir damda yordam berishga tayyor bo`lgan himoyachisi borligiga hamda o`zining xavfsizligi ta`minlanganligiga ishontirish, huquq-tartibotni ta`minlash maqasadida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Patrul-post xizmati bataloni tarkibida “Ezgulik patruli” guruhi tashkil etilib, Samarqand viloyatining madaniy me`ros ob`ektlari, muqaddas qadamjolari, shuningdek fuqarolar gavjum bo`ladigan joylarida xizmat olib borishi yo`lga qo`yildi.
Mazkur uslubning avvalgisidan asosiy farqi shundaki, “Ezgulik patruli” guruhi tarkibini erkak xodim bilan ayol xodima tashkil etib, bunda, ayollarning yuzaga kelishi mumkin bulgan ziddiyatli vaziyatlarni bartaraf etish va o`zaro munosabatlarni tartibga solish sifatlari ham e`tiborga olindi.
“Ezgulik patruli”ning asosiy vazifalari:
-xizmat olib borishi belgilangan ob`ektlarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta`minlash;
-jabrlangan, noqulay ahvolda tushib qolgan va yordamga muxtoj fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa zaruriy yordam ko`rsatish;
-belgilangan yo`nalishda huquq-tartibotni ta`minlash piyoda patrullik qilish yo`li bilan amalga oshiriladi.
-belgilangan yo`nalishda xizmat olib borayotgan xodimlarning yonida o`zlariga biriktirilgan zaruriy ekipirovka bilan bir qatorda birinchi tibbiy yordam uchun zarur bo`lgan dori vositalari bilan ta`minlangan dori qutichasi (aptechka) mavjud bo`ladi.
“Ezgulik patruli”da xizmat olib borayotgan xodimlar ingliz va rus tillarida erkin so`zlasha oladigan, tashqi ko`rinishi ko`rkam va istarali, birinchi tibbiy yordam ko`rsatish ko`nikmalariga ega, jismoniy va ruxiy tayyorgarligi yuqori xamda muomala madaniyati shakllanganligi bilan farqlanadi.









