AsosiySport

Shohjahon Ergashev: Bunday gaplar mening muxlislarimdan chiqmaydi!

'Shohjahon Ergashev: Bunday gaplar mening muxlislarimdan chiqmaydi!'ning rasmi

Avval engilmas professional bokschimiz Shohjahon Ergashev 12 yanvar kuni Nyu-York shahrida amerikalik Soni Fredriksonga qarshi ringga ko`tarilib, o`zining o`n ikkinchi g`alabasiga erishgani haqida xabar bergan edik.

U ushbu muvaffaqiyatdan so`ng, Jahon boks uyushmasi (WBA)ning reytingida 12-pog`onaga ko`tarilib oldi.

Bu xabardan so`ng, engil vazn toifasida yuqorilagan Shohjahon bilan O`zA muxbiri suhbatlashdi.

– Avvalambor reytingda yuqorilaganingiz bilan tabriklaymiz. Shohjahon bu hush xabarni eshitganingizda nimalarni his qildingiz?

– Assalomu alaykum! Rahmat sizlarga ham muborak bo`lsin. Bu xabardan so`ng xursand bo`lib, yanada mashg`ulotlarga zo`r bera boshladim. Sababi, maqsadim sari doimo olg`a qadam tashlayman. Men kutayotgan chempionlik kamariga ega chiqishimga bir-ikki qadam qoldi.

– Shohjahon bilamiz siz tezkor g`alabalarga intilasiz. Hozirgi so`zingizga qaraganda chempion bo`lishga shoshayotgandaysiz?

– Ha men tezkor g`alabalarni xush ko`raman. Men shoshayotganim yo`q! Faqatgina nimalarga qodir ekanimni dunyoga tezroq bildirib, O`zbekistonimiz sharafini yanada yuksaltirmoqchiman.

– Dunyoda sizning muxlislaringiz ko`p. Lekin ular orasida Shohjahon faqatgina kuchsiz raqiblar tanlaydi va g`alaba qozonadi. Tajribali bokschilar bilan jang qilsa mag`lubiyatga uchraydi degan gap-so`zlar uchrab turmoqda. Bu haqdagi fikringiz qanday?

– Bunday gaplar mening muxlislarimdan chiqmaydi! Balki, mening g`alabali odimlarimni ko`ra olmayotgan insonlardan chiqadi. Bu gap so`zlarni o`zim ham eshitganman. Lekin men ularga e`tibor bermayman va ularning bu safsatalariga chempion bo`lib javob qaytaraman. Professional boksda hech qachon oson raqib bo`lmaydi.

– Shohjahon agarda chempionlik kamari uchun o`tadigan jangda hamyurtimizga qarshi tushib qolsangiz unga qarshi ringga ko`tarilasizmi?

– Men bu kamardan voz kechib, jangga chiqmas edim. Biz sportchilarning maqsadimiz Vatanimiz dovrug`ini dunyoga tanitishdir. Bir birimizga raqib emasmiz.

– Rejalaringiz haqida to`xtalib o`tsangiz?

– Men yaqin kunlarda Amerikaga boraman va navbatdagi jangimga tayyorlanaman. To`g`ri hozir menga kim raqib bo`lishini bilmayman. Biroq, doimo, yangi marralarni zabt etish uchun tinimsiz mehnat qilaman.

– Suhbatingiz uchun rahmat!

– Sizlardan minnatdorman. Xar bir yangiligimni birinchi bo`lib xalqimizga etkazasizlar. Ishlaringizga rivoj bersin.

    Boshqa yangiliklar