Xitoylik shifokorlar mikrotiya , ya`ni tug`ma quloq chanog`i rivojlanmay qolgan bolalar uchun yangi quloqlar o`stirishdi, deb xabar berdi lenta.ru nashri.
Ular mazkur tadqiqotda tog`ay hujayralaridan foydalangan holda uch o`lchovli biobosma texnologiyasini qo`llashdi.
5000 kishidan bir kishida uchrovchi mikrotiya quloq chanog`ining tug`ma rivojlanmay qolishi bo`lib, u ko`pincha osiyolik va amerikalik hindularda uchraydi. U odatda o`ng quloqqa shikast etkazib, eshitish qobiliyatining yo`qolishiga olib keladi. Bu nuqsonni asos sifatida qovurg`a tog`ayini olib yoki plastikdan chanoq yasab, plastik jarrohlik yo`li bilan to`g`rilash mumkin.
Biroq xitoylik mutaxassislar noan`anaviy yo`ldan borishga qaror qilishdi. Ular kompyuter tomografiyasi va 3D-bosma yordamida sog`lom quloqning uch o`lchovli strukturasiga ideal mos keladigan karkas yaratishdi. Har bir karkas Spectrum Z510 printerida bosilgan, so`ngra biomaterial uchun bir nechta qolip yasalgan.
Har bir qolip ichiga bemorlarning mikrotiyadan shikastlangan quloqlaridan tirik hujayralar – xondrositlar joylashtirildi. Yangi quloq o`sishi 3 oy vaqt olgan. Shundan keyin har bir karkas bemor qulog`i shakliga kirgach, bemorlarga ko`chirib o`tkazilgan.
Olingan natijalarni deyarli muvaffaqiyatli desa bo`ladi. 5 boladan 4 nafarida yarim yildan keyin aniq tog`ay shakllanishining alomatlari paydo bo`lgan, 3 nafarida yangi quloq chanog`i shakli va o`lchami sog`lom quloqlarniki bilan bir xilda bo`lgan. Afsuski, 2 nafar bolada biroz deformasiya kuzatilgan, shu sababli ushbu jarayonni to`liq xavfsiz va sinovdan o`tgan, deb hisoblab bo`lmaydi.
Xitoylik olimlar kamchiliklarga qaramay, olg`a borib, bu yo`nalishda keyingi tadqiqotlar o`tkazish zarurligini aytishmoqda. “Umuman olganda, biz o`ziga xos quloq chanoqlarini yaratish, tayyorlash va tiklay olishimizga shohid bo`ldik”, deb aytgan olimlar.






