AsosiyJamiyat

Lola Karimova YuNESKOdagi elchisi vazifasidagi so`ngi ish kuni haqida

'Lola Karimova YuNESKOdagi elchisi vazifasidagi so`ngi ish kuni haqida  'ning rasmi

Lola Karimova-Tillaeva o`zining facebook’dagi sahifasida O`zbekistonning YuNESKOdagi elchisi vazifasidagi so`ngi ish kuni haqida yozib qoldirdi.

Bugun mening O`zbekistonning YuNESKOdagi elchisi vazifasidagi so`ngi ish kunim. O`n yil davomida diplomat sifatidagi faoliyatim albatta hayotimning muhim qismiga aylangan edi. Men ushbu bebaho tajriba, faoliyatim mobaynida tanishgan va birga ishlagan insonlar hamda eng muhimi – o`z ona vatanimga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo`lganimdan behad mamnunman. Ortga nazar solar ekanman, vakolatxonamiz amalga oshirgan yorqin loyihalarni yod olaman.

O`zbekistonning YuNESKOdagi Doimiy vakolatxonasi 2008-2017 yillardagi faoliyati mobaynida Navro`z xalq bayrami, Katta ashula, o`zbek palovi an`analari, Boysun madaniy merosi, Shashmaqom va Askiya YuNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritildi. 2016 yili dunyodagi eng katta tog` tizmalaridan biri, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston hududini qamrab olgan G`arbiy Tyan-Shan Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro`yxatiga kirildi. 2017 yil dekabr oyida atlas va adras to`qish an`anaviy texnologiyasi YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash bo`yicha ilg`or tajribalar ro`yxatidan joy oldi.

Men YuNESKOdagi elchilik vazifasini tark etishga qaror qilgan bo`lsam-da, madaniyat, ta`lim, ilm-fan va atrof muhitni asrash sohasidagi loyihalarga oid faoliyatimni davom ettirish niyatidaman.

Men, shuningdek, “Sen yolg`iz emassan” xayriya jamg`armasi ishini davom ettirish, va og`ir yurak xastaliklari bilan og`rigan bolalarga fransuz shifokorlari bilan hamkorlikda jarrohlik muolajalarini o`tkazish bo`yicha dasturlarni amalga oshirishni davom ettirish maqsadidaman. Shuningdek, imkoniyati cheklangan bolajonlarga va yordamga muhtoj boshqa o`zbekistonlik bolalarga ko`mak dasturlarini davom ettiramiz.

Mening rasmiy veb sahifamda O`zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan, 2008-2017 yillarda amalga oshirilgan ishlar xususidagi hisobot bilan tanishishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar