AsosiyJamiyat

Camarqanddagi bolalar bog`chasida antisanitariya holatlari aniqlandi

'Camarqanddagi bolalar bog`chasida  antisanitariya holatlari aniqlandi'ning rasmi

Joriy yilning 24 yanvar kuni Maktabgacha ta`lim vaziri o`rinbosari Q.Aripov, Samarqand viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i N.Sadinovalar Samarqand shahridagi 69-sonli maktabgacha ta`lim muassasasida bo`ldi. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligi rasmiy sayti xabar bermoqda.

O`rganish ertalab soat 8.05 da boshlanganiligi bois, hali tarbiyalanuvchilarning aksariyati bog`chaga kelib ulgurmagan edi. Vazir o`rinbosari o`quv-tarbiyaviy mashg`ulotlar va guruhlardagi sharoitlar bilan tanishishni keyinroqqa surib, fursatni boy bermaslik maqsadida, mazkur bolalar bog`chasi oshxonasiga to`g`ri kirib bordi. Albatta, oshxonaga kiriboq u erdagi tartibsizlikni ko`rgan kishining dili xira bo`lishi tayin. Odatagidek, o`rganuvchilarni bog`cha oshpazi kutib oldi. Mehmonlarni kutmagan oshpaz opa, shoshib qoldi shekilli, vazir o`rinbosarining «Necha tarbiyalanuvchiga tushlik tayyorlayapsiz?»— degan savoliga javob bera olmay dovdirab qoldi. Maktabgacha ta`lim muassasasi xo`jalik mudiri anchagina tajribasi bor ekan shekilli, ushbu savolga: 297 nafar — deb tezkorlik bilan javob qaytardi.

Shu mahal, endigina qaynay-qaynay deb turgan katta qozon hamda go`sht mahsulotlari uchun mo`ljallangan stol ustidagi tog`oraga solingan go`sht vazir o`rinbosarining e`tiborini tortdi. Me`yor bo`yicha bir bolaga 100 gramm go`sht mahsuloti ishlatilishi lozimligini inobatga olsak, bugungi tayyorlanayotgan tushlikka 29,7 kg go`sht mahsuloti ishlatilishi kerak albatta. Shu me`yorlarga rioya etilayotganligiga amin bo`lish maqsadida vazir o`rinbosari boshchiligidagi guruh a`zolari qozondagi go`sht mahsulotining vaznini o`lchab ko`rishdi. Afsuski, qozonga solingan haqiqiy go`sht miqdori 3,7 kg. tashkil qildi.

Tog`oraga solingan xom go`sht mahsulotining og`irligi 7,7 kg.ni, pishayotgan va xom go`shtni qo`shib hisoblaganda, esa jami 11,4 kg. tashkil qildi. Ana xolos, oddiy matematik hisob-kitobdan ham ma`lumki, tushlikka ishlatilgan go`sht miqdori belgilangan me`yordagidan 17,6 kg.ga kam ekanligini bog`cha ma`muriyati qanday izohlaydi? Oshpaz va xo`jalik mudiri oshxonadagi muzlatgichdan bir tog`orachada oylar davomida muzlatilgan suyaklarni (chamasi 3—4 kg) shosha-pisha ko`rsatishdi. Aslida bu suyaklardan anchagina ilgari pishgan go`shtlar ajratib olinganligi yaqqol ko`rinib turibdi.

Oshxona yonginasida joylashgan omborxonada ham ahvol ko`ngildagidek emas, aksariyat qishloq xo`jaligi mahsulotlari noto`g`ri saqlanayotganligi aniqlandi.

MTMning tarbiyalanuvchilari bog`chaga kelganliklariga amin bo`lgan vazir o`rinbosari guruhlarda ham o`rganish o`tkazdi. Guruh xonalari, yuvinish xonalari, yotoqlardagi antisanitariya holatlarini hech qanday bahona bilan oqlab bo`lmaydi.


Mutaxassislarning fikriga ko`ra, bog`chadagi haqiqiy ahvolning bu holatga kelib qolishiga maktabgacha ta`lim muassasasining barcha mas`ullari birdek aybdor. Aks holda, bir necha ogohlantirishlarga qaramay to`g`ri xulosa chiqarilganda edi, nisbatan ahvol yaxshiroq bo`larmidi, deyiladi xabarda.

24 yanvar kunining o`zidayoq Samarqand shahridagi 69-maktabgacha ta`limi muassasasi mudirasi Rayhon Ne`matova, xo`jalik mudiri Avaz Gafarov hamda oshpaz Kibriyo Hamdamova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

    Boshqa yangiliklar