AsosiyJamiyat

Taxtako`pirlik 9 yoshli jahon rekordchisining onasi nimadan xavotirda?

'Taxtako`pirlik 9 yoshli jahon rekordchisining onasi nimadan xavotirda?'ning rasmi

Keyingi paytda taxtako`pirlik 9 yashar Jansuluv Tatlimuratovaning jahon rekordini yangilagani to`g`risidagi xabar shov-shuv bo`lib ketdi, deb yozadi "Xalq so`zi" gazetasi.

Gap shundaki, Taxtako`pir tumanidagi Bolalar va o`smirlar sport maktabida badiiy gimnastika bo`yicha shug`ullanib kelayotgan Jansuluv o`tgan yilning 8 dekabrida Toshkentda bo`lib o`tgan noyob qobiliyatli bolalarning “Indigo” sport musobaqasi finalida temirni 5 daqiqa tishlab turdi va jahon rekordini yangiladi. Undan oldingi eng yaxshi natija 4 daqiqayu 30 soniya edi.

— Jansuluv 3 yoshidan boshlab sport maktabimizga qatnay boshlagan, — deydi rekordchining ustozi, badiiy gimnastika bo`yicha mutaxassis Gulsara Ondasinova. — O`tgan davrda u juda ko`plab musobaqalarda g`oliblikni qo`lga kiritdi. Jumladan, 2015 yil 31 dekabrda Toshkentda o`tkazilgan “record.uz-2015” musobaqasining final bosqichida “Eng egiluvchan plastik qiz” degan e`tirofga sazovor bo`ldi. Ushbu musobaqaning 2016 yilgisida g`olib bo`lib, Xitoy mamlakatida bo`lib o`tadigan final bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritdi.

Ayni paytda Jansuluv musobaqaning Rossiya davlatida o`tkaziladigan bosqichiga tayyorgarlik ko`rmoqda.

— Qizimga ko`z tegmasin, deb ham xavotirlanaman, — deydi onasi Gulmira opa. — Chunki, uyda tayyorgarlik jarayonida u o`sha usulda 7 daqiqagacha turishga erishdi. Hozir ustozlari uni Rossiyada bo`ladigan musobaqaga 10 daqiqacha tura oladigan holatga tayyorlashayapti. Ishqilib, omadini bersin.

Jansuluv onasining aytishicha, Ginnesning rekordlar kitobiga xat yo`llangan va ijobiy javob kelishidan umidvor.

Darhaqiqat, yurtimizda iste`dodli va noyob qobiliyatli o`g`il-qizlar juda ko`p. Yaratib berilayotgan imkoniyatlar hamda qulayliklar esa ularga yo`l ochmoqda.

    Boshqa yangiliklar