Toyloq tumanidagi Payshanba Siyob mahallasida yashovchi Shokirxon Ahrorov mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridan Samarqand shahrigacha bo`lgan 300 kilometrlik masofani yugurib bosib o`tdi, deb yozadi "Zarafshon" gazetasi.
Ulug` Yo`lboshchimizning poytaxtdagi haykali oldidan start olgan 50 yoshli marafonchi kecha Samarqand shahridagi Registon maydonida viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilari, sport faxriylari, mahalladoshlar hamda yoshlar tomonidan kutib olindi.
– Ushbu masofani besh kun davomida zabt etishga muvaffaq bo`ldim, - deydi Sh.Ahrorov. – Navro`z bayrami arafasida Registondan Qarshi shahrigacha yugurib o`tishni, keyinchalik velosipedda Fransiyaning Parij shahriga yo`l olishni rejalashtiryapman.
Tashabbuskor marafonchiga jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, uni yoshlar o`rtasida keng targ`ib qilishga qo`shgan hissasi uchun viloyat hokimligining faxriy yorlig`i topshirildi.






