San`at sohasida o`z yo`lini, o`rnini topish uchun ijodkorga nafaqat iqtidor va mehnat, balki yaxshigina omad ham kerakligi ko`p bora ta`kidlangan. Bu gapning isbotini Bahrom Nazarovning misolida ko`rish mumkin. Birgina qo`shiq bilan xalqning mehrini qozongan kamtar va kamgap xonanda bugun “Darakchi” mehmoni. U bilan suhbat davomida ijodi va hayotiga doir savollarimizga javob topishga harakat qildik...
— Xush kelibsiz! Bahrom aka, eshitishimizcha intervyu berishni yomon ko`rar ekansiz. Nega?
—Avvalo hurmat qilib taklif etganingiz uchun o`z minnadorchiligimni bildiraman. Savolingizga kelsak, yoqtirmayman emas, shunchaki, tabiatdan kamgap bo`lganim uchun, savollarga to`liq javob berolmasamchi, fikrimni to`liq tushuntirolmasamchi, deb xavotir olaman. Intervyuga taklif qilishganda xayolimdan o`tadigan birinchi o`y aynan shu bo`ladi. Ammo bu hayajonni engib jurnalistlar bilan uchrashishim kerakligini ham bilaman. Sizlar bilan muloqotda bo`lish va xalq bilan bog`lanish, har bir ijodkorga zarur.

— Intervyularingizning birida ikkinchi mutaxassilik bo`yicha san`at institutiga o`qishga kirishingizni aytgan edingiz...
— O`tgan yili o`qishga kirgan edim, biroq ishlar bilan bo`lib o`qishga vaqt ajratolmadim. Bu yil yana harakat qilaman, degandim hujjat topshiradigan muddat gastrollarga to`g`ri kelib qoldi. Xullas, bu yil ham talaba bo`lish nasib etmadi. Ammo yaxshi narsaning erta kechi yo`q deb o`ylayman.
— Ustoz san`atkorlar san`at yo`nalishida o`qimay, ijod qilib yurganlarni ko`p tanqid qilishadi. Sohadagi noprofessionallik sabablarini ham aynan o`qimaslik bilan bog`lashgan. Bu fikrga sizning munosabatingiz...
— Bu masalani sohamizning eng katta muammosi, deb o`ylamayman. Birgina misol, Ozodbek Nazarbekov vaqtida tanilib, xalq tiliga tushgandan keyin san`at sohasida ta`lim olgan. Aytmoqchimanki, san`atkor nazariy bilimlarni faoliyati davomida egallashi ham mumkin, birinchi o`rinda iqtidor va mehnat kerak. Lekin iqtidori ham yo`q, ustiga ustak o`qimaganlarning ham tarafdori emasman.
— Prodyuseringiz bilan hamkorligingiz yakunlanganiga bir yildan oshdi. Yakka o`zingiz ish yuritishga qiynalmayapsizmi?

— Men o`zimni yolg`iz ijodkorman, deb hisoblamayman. Chunki o`sha paytdagi ma`murim bilan bugun ham birgamiz. Nima bo`lganda ham prodyuserning o`z o`rni bor ekan. Faoliyatimdagi ba`zi masalalarni hal qilishda uning yordami kerakligini his qilsamda, vaziyatda chiqishga harakat qilyapman.
— Yana hamkorlikni davom ettirish kerakdir...
— U bilan shartnoma tugagandan keyingina ishni to`xtatdik. Hech bir narsa abadiy emasligini yaxshi bilaman. Shuning uchun shartnomani yana uzaytirib o`tirmadik.
— Aniq sabablar haqida gapirishni istamaysiz shekilli...
— Ichki gap-so`zlarni omma oldida muhokama qilib o`tirishni istamayman.
— Ahamiyat bersak, dunyo estrada va shou biznesnesida faoliyat yuritadigan xonandalarning aksariyati tanilib olguncha prodyuserdan foydalanishadi...
— Mening vaziyatimda bunday emas. Hech kimdan foydalanib keyin tashlab ketganim yo`q. Aksincha, birga hamkorlik qilish haqidagi taklif sobiq prodyuserning o`zidan tushgan.
— Aytingchi, Bahrom Nazarovning omadi nimada?
— Menimcha, yaxshi ustoz ko`rganimda. O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovdan juda ko`p narsani o`rganib kelyapman. Shuningdek, bugungi kunim, izlanish va mehnatlarim mevasidir.

— Ijodiy faoliyatingiz davomida biror marta duet kuylamagansiz...
— Takliflar juda ko`p bo`lgan. Ammo bu narsa rejamda bo`lmagani uchun rad javobini berganman. Duet kuylabdi, deb shunchaki, tilga olingandan ko`ra, qo`shig`imizni odamlar uzoq vaqt eslab yurishi yoqimlirok, nazarimda. O`zim tayyor bo`lishim bilan albatta, takliflarning eng yaxshisiga rozi bo`laman.

— Siz uchun san`atdagi marra nimada?
San`at odamlarning ko`ngliga taskin berib, ko`zini quvontirsa-da, uni beshafqat, deb o`ylayman. Chunki bu sohada bir umr xizmat qilib bo`lmaydi. Vaqti soati kelganda, o`z nomiga putur etkazmasdan, izzat va hurmatda “nafaqa” ga chiqish — marra bo`lsak kerak. Keyingi avlod yaxshi gaplar bilan tilga olsa, shu san`atkorning baxti.

— “Har bir erkak kishining muvaffaqiyati ortida, ayolning mehnati yotadi” deyishadi...
— Albatta. Biz erkaklar ishdan charchaganimizda, jahlimiz chiqqanda injiqligimizni ko`taradigan, issiq-sovug`imizdan boxabar, farzandlarimizga ko`z-quloq va oilamiz tinchligini saqlaydigan bu — ayolimizdir. San`atkorning ayoliga ikki hissa qiyin. Ularga haykal qo`yish kerak (kuladi). Erta-yu, kech ijod bilan band bo`lamiz, kezi kelsa, bir oylab gastrollarda yuramiz. Shunday paytlarda ayolimiz oilamizga mas`ul inson bo`ladi. Yaxshi ijod qilib, muxlislarimning ko`nglidan joy olayotganimda ham rafiqamning o`rni katta. Aytishadi-ku, uyda halovat bo`lmasa, ishda unum bo`lmaydi, deb. Shuning uchun umr yo`ldoshimga ming rahmat deyman.

— “Onam ro`moli” nomli qo`shig`ingiz o`z hayotingizdan olingan. Volidangiz haqida gapirib bersangiz...
— Onam asli, qozog`istonlik bo`lib, Toshkentga o`qishga kelganlarida, otam bilan tanishib, oila qurishgan. Ular haqida o`ylasam, yozgi ta`til kunlari yodimga tushadi. Har yili maktabdan ta`tilga chiqqanimizda dadam onam va bizni poezdda Qozog`istonga kuzatardilar. Biz uchun har qanday oromgohdan ham ko`ra o`sha erdagi hordiq maroqli o`tardi. Onam men uchun — odob ramzi edilar. Ularning chiroyli fe`l-atvorlari, muomila va xulqini hamma hurmat qilgan. Onajonimdan ayrilganimdan so`ng, bolaligim hammaniki kabi o`tmagan. Oilaning to`ng`ichi bo`lganim uchun ukalarimga ko`z-quloq bo`lish, dadamga yordam berish bilan ulg`ayganman. Onam vafotlaridan oldin, “Ukalaringni tashlab qo`yma, aka ekaning yodingda bo`lsin” degandilar. Hozirgacha shu gaplar xayolimdan chiqmaydi. Uklarim bilan har kuni ko`risholmasak-da, qo`ng`iroqlashib turamiz. Rahmatli onam doim “Sen Toshkentda o`qishing kerak” derdilar. Bugun ularning orzulari ikki karra amalga oshdi, deb o`ylayman. Poytaxtda o`qidim va ozmi ko`pmi xalq mehrini qozonyapman. Ming shukr...

Blis:
— Instagram siz uchun...
— Hech narsa emas. Kimdir eslatmasa kunlab, haftalab ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligim ham mumkin.
— Kim bilan duet kuylashingiz mumkin: Shohjahon Jo`raev, Jahongir Poziljonov yoki Rayhon G`anieva?
— Ijodkor va inson sifatida o`zim hurmat qiladigan Jahongir Poziljonov bilan hamkorlik qilishim mumkin
— Qishlog`ingizga qanday ta`rif bergan bo`lardingiz?
— “Xinoli qor” nomli turk seriali bo`lardi. Negadir, o`sha kinoda ko`rsatilgan qishloq manzaralarini ???? ga o`xshataman. Buni ko`pchilik tanishlarim ham bilib qolishgan. Uyga borib kelsam “Xinoli qorga bordingizmi?” deb so`rashadi.
Fakt:
- Xonanda ikki farzandning otasi. Ozodbek 6 yoshda, qizi Zehina esa 3 yashar.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi






