30 yanvar – O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kun munosabati bilan Samarqand shahrida ham qator tadbirlar o`tkazilmoqda, deb xabar bermoqda O`zA.
Buyuk davlat va siyosat arbobi tug`ilib o`sgan Samarqand shahrida ham ulug` Yo`lboshchimizni yod etishga bag`ishlangan tadbirlar erta tongdan boshlandi.
Registon maydoni yaqinidagi Birinchi Prezidentimiz haykali o`rnatilgan xiyobonda viloyat jamoatchiligi vakillari, yurtimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar jam bo`ldi.
Samarqand viloyati hokimligi va jamoatchiligi, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan haykal poyiga gullar qo`yildi.
– Mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligimiz asoschisi, bugungi obod va farovon hayotimiz bunyodkori Islom Karimov xalqimiz qalbida yashamoqda, – deydi samarqandlik mehnat faxriysi F.Shokirova. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida buyuk Yo`lboshchimiz nomini abadiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlardan barcha yurtdoshlarimiz mamnun. Buni havo harorati sovuq bo`lishiga qaramay bugun erta tongdan ushbu maydonga minglab odamlar gul ko`tarib kelayotganidan ham bilish mumkin. Bu xalqimizning Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bo`lgan hurmati, u kishidan minnatdorligining yorqin ifodasidir.
Tadbirda viloyat jamoatchiligi bilan birga, yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mehmonlar ham ishtirok etdi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Birinchi Prezidentimiz biz, yoshlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan, bu ishga butun borlig`ini bag`ishlagan inson edilar, – deydi Urganch davlat universiteti talabasi, Islom Karimov fondi stipendiyasi sohibi A.Ismoilov. – Biz bugun erishayotgan ozmi-ko`pmi yutuqlarda u kishining xizmatlari beqiyos. Bunga javoban, albatta, o`qish va mehnat faoliyatimizda yuqori natijalarga erishib, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo`shamiz, ajdodlarimizga munosib voris bo`lamiz.
Tadbirlar doirasida Samarqand shahri jamoatchiligi va mehmonlar uchun ehson oshi tortildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev ishtirok etdi.






