Ayrim ommaviy axborot vositalarida qamoqdagi shaxslarning yaqinlari bilan uchrashuv xonalari haq miqdori oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi, deb yozadi O`zA. Bu ma`lumot yuzasidan Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Qutbiddin BURHONOV tushuntirish berdi.
– 2017 yil 29 dekabrda Moliya va Ichki ishlar vazirliklari tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etganlik uchun yangi tariflar tasdiqlandi.
Qaror ilovasida 2 kishilik xonaga sutkalik to`lov eng kam ish haqining 5 foizi, ya`ni 8 ming 612 so`m, 3 kishilik xonaga sutkalik to`lov eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida, ya`ni 17 ming 224 so`m, 4 kishilik xonaga sutkalik to`lov eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida, ya`ni 25 ming 836 so`m etib belgilandi.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida mazkur tariflar oshirilgan, deb talqin qilindi. Shu bois jazoni ijro etish muassasalaridagi uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etilgani uchun avval belgilangan narxlarga e`tibor qaratilsa yaxshi bo`lardi. Demak, oldin 2 kishilik xonaga sutkalik to`lov - 15 ming 895 so`m, 3 kishilik xonaga – 30 ming 100 so`m, 4 kishilik xonaga – 45 ming 166 so`mni tashkil etgan.
Yana bir qulaylik. Tarif asosida to`lovlar mahkumlardan, 16 yoshgacha bo`lgan bolalardan (agar bolalar katta yoshli kishilar bilan kelmagan bo`lsa), 1 guruh nogironligi bo`lgan shaxslardan, kam ta`minlangan oilalardan bo`lgan shaxslardan (fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi ma`lumotnomasi asosida) undirilmaydi.






