AsosiyJamiyat

Qashqadaryo viloyatida limonchilik uyushmasi tashkil etiladi

'Qashqadaryo viloyatida limonchilik uyushmasi tashkil etiladi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qarshi tumanidagi “Baxt” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligiga tashrif buyurib, viloyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.

2001 yilda tashkil etilgan “Baxt” fermer xo`jaligi 278 gektar erda chorvachilik, parrandachilik, tuyachilik, yilqichilik, quyonchilik bilan shug`ullanadi. 4 gektarda intensiv bog`, 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Xo`jalikda o`tgan yili 55 tonna go`sht, 355 tonna sut, 64 ming dona tuxum, parranda go`shti, baliq etishtirilgan. Go`sht va sut shu erning o`zida qayta ishlanib, ichki bozorga tayyor mahsulot etkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari fermer xo`jaligida qo`shimcha tarmoqlarni ishga tushirish hisobiga yangi ish o`rinlarini yanada ko`paytirish bo`yicha tavsiyalar berdi.

Shu erda viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, achchiq qalampir, kovrak plantasiyalari tashkil etish, chorvachilik, kurkachilik majmualari, pistazor va yong`oqzorlar barpo etish, sutni qayta ishlash, asalarichilik loyihalari taqdimoti ham o`tkazildi.

Prezidentimiz o`rmon xo`jaliklarida intensiv usulda ko`chat etishtirish hamda o`rmon fondi erlaridan samarali foydalanishga oid loyiha bilan tanishar ekan, Toshkent davlat agrar universiteti magistraturasini bitirib, Shahrisabz tumanida 4 sotix erda 6 oyda 50 mingta 1 yoshli limon ko`chati etishtirgan Akbar Saidovning innovasion ishlanmasiga alohida to`xtaldi.

Intensiv usulda, mikroiqlim sharoitida parvarishlangan bu ko`chatlar odatdagiga qaraganda ikki baravar jadallashgan holda o`sadi.

Limonchilik nafaqat Qashqadaryo vohasi, balki mamlakatimiz uchun serdaromad sohalardan. Bu tarmoqni rivojlantirish iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, qo`shimcha daromad manbaini yaratishga xizmat qiladi. Shu bois mazkur istiqbolli yo`nalishni qo`llab-quvvatlash, Qashqadaryo misolida limonchilik uyushmasini tashkil etish lozim, dedi Shavkat Mirziyoev. Yangi uyushmaga “Agrobank” ta`sischilik qiladi.

Qashqadaryo viloyatida teri xomashyosini qayta ishlash va charm-poyabzal klasterini barpo etish, aholini tuxum va parranda go`shti bilan ta`minlash, “G`uzor tekstil impeks” MChJ tomonidan engil sanoat majmuasi tashkil etish, lalmi erlarda dorivor o`simliklar etishtirish hamda Mirishkor tumanidagi sobiq Bahoriston tumani hokimligi va non kombinati binolarida kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama etildi.

Prezidentimiz barcha loyihalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli ko`rsatma va topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar