Halol ishlamayotgan adliya xodimlariga majburiylik prinsipi qo`llaniladi. Kimki bunga amal qilmasa u bilan butunlay xayrlashiladi.
O`zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov adliya idoralarining 2017 yilda amalga oshirgan ishlari sarhisobi va kelgusida bajarilishi lozim bo`lgan ustuvor vazifalariga bag`ishlangan kengaytirilgan hay`at majlisida bu haqda ma`lum qildi, deb yozadi O`zA.
Majlisda adliyaning fuqarolarga bevosita xizmat qiladigan tizimlaridan biri bo`lgan notariat sohasida yo`l qo`yilayotgan kamchilik va nuqsonlar e`tibor markazida bo`ldi.
Notariat aholidan eng ko`p e`tiroz tushayotgan soha ekani ta`kidlandi. Fuqarolar bilan ishlashda hanuzgacha qo`pol muomalada bo`lish, ularni sarson qilish, ko`rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha pul mablag`larining undirilishi holatlari murosa qilib bo`lmaydigan holat. Bunday kamchiliklarga yo`l qo`yganligi uchun 229 nafar notariat xodimiga nisbatan keskin choralar ko`rilgan. Ayrimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
“O`zimizga savol berib ko`raylik, faoliyatimizga chetdan baho beraylik. Shunda hammasi oydek ravshan bo`ladi. Qachon xalqqa yaqinlashamiz? Nima qilsak xalq bizga ishonadi?”, deya vazirlik hamda videokonferensaloqa tizimi orqali majlisda ishtirok etayotgan hududiy adliya organlari rahbarlariga murojaat qildi vazir.
Notarial idoralarda o`tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma`lum bo`lmoqda. Bu fuqarolarning uzoq kutib qolishi, ishi vaqtida bitmasligiga va tabiiyki, noroziligiga sabab bo`lgan.
Ayrim adliya organlarida notarus axborot tizimlari talab darajasida yuritilmagan. Taqiq olib tashlangan holatlar tizimga vaqtida kiritilmagan. Bu fuqarolarning mulkini erkin tasarruf etishiga to`sqinlik qiladi.
Mamlakatimizda bugungi kunda 704 notarius faoliyat yuritmoqda. Ularning hammasi ham o`zi ishini o`z vaqtida vijdonan ado etyaptimi? To`g`ri, o`z ishini puxta biladigan, vazifasiga vijdonan yondoshib, fidokorona xizmat qiladigan noturiuslar ko`pchilikni tashkil etadi. Notariuslarning mahallalarda fuqarolarni qabul qilishi va notarial harakatlarni o`sha joyning o`zida bajarish tizimi yo`lga qo`yilgani natijasida 5 mingdan ortiq notarial harakatlar amalga oshirildi.
Biroq ularning ayrimlari o`zlari uchun qoidalar yaratib, ixtisoslashib olgan. Biri faqat meros, yana biri faqat garov bilan bog`liq harakatlarni rasmiylashtirgan. Ko`pchiligi ipoteka kreditiga oid shartnomani tasdiqlashni asossiz ravishda rad etmoqda. Ammo bunga ularning mutlaqo haqqi yo`q. Notarius davlat notarial idorasiga kelgan fuqaroga bir xil yondoshuv asosida bir xil xizmat ko`rsatishi kerak.
Mana shunday qonunga zid harakatlari tufayli Toshkent shahrida keyingi 4 oyda 26 notarus intizomiy javobgarlikka tortilgan, 3 nafari ishdan bo`shatilgan.
“Fuqarolarga xizmat ko`rsatishni rad etadigan, ularni xafa qiladigan notariusdan ko`ra o`sha joy vakant bo`lgani ma`qul”, ta`kidlab o`tdi vazir.
Adliya tizimidan norozi bo`layotgan fuqarolar ko`pligi sabab tizim xodimlaridan qonun doirasida ishlash bilan birga madaniyat bilan xizmat ko`rsatish talabi qo`yilayotgan bo`lishiga qaramay bundan o`ziga to`g`ri xulosa chiqarayotgan xodimlar juda ozligi taassuf bilan qayd etildi. Ayrimlar intizomiy jazo choralari qo`llanilganiga qaramay insofga kelmagan.
“2018 yilda yangicha ish olib boramiz. Fuqarolarga xizmat ko`rsatishda qo`yilayotgan talablarni bajarmaydigan, ya`ni halol ishlamaydigan xodimlarga majburiylik prinsipi qo`llaniladi. Kimda kim bunga amal qilmasa u bilan butunlay xayrlashishimizga to`g`ri keladi”, deb qat`iy qayd etdi vazir.






