AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida avtobus qatnovi yo`lga qo`yiladi

'O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida avtobus qatnovi yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Toshkent shahrida “O`zbekiston – Qirg`iziston – Xitoy” avtomobil koridorini shakllantirish va xalqaro avtomobil qatnovlari sohasida uchta davlat o`rtasidagi o`zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o`tgan hafta oxirida, ya`ni 22-25 yanvar kunlari ikkitomonlama hamda uchtomonlama muzokaralar o`tkazildi. Bu haqda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, 22 yanvar kuni O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi muhokamalar yakunida uchta yo`nalishdagi muntazam avtobus qatnovlarini qayta tiklash uchun zarur taomillarni olib borishga kelishib olindi. Ular “Toshkent – Bishkek” (“G`ishtko`prik”/“Jibek Joli” nazorat-o`tkazish punktlari orqali), “Toshkent – O`sh” (“Do`stlik”/“Dostuk” nazorat-o`tkazish punktlari orqali) va “Farg`ona – O`sh” (“O`zbekiston”/“Qizil-Qiya” nazorat-o`tkazish punktlari orqali) yo`nalishlaridir.

Ikki davlat hukumatlari o`rtasida 1996 yil 4 sentyabrda xalqaro avtomobil qatnovlari bo`yicha imzolangan Kelishuvni amalga oshirish doirasida mazkur bitimga erishildi.

Ekspertlarning qayd etishicha, mamlakatlarimiz o`rtasidagi avtobus qatnovlariga aholi o`rtasida bo`lgan ehtiyoj juda katta. Sababi O`sh nafaqat Qirg`izistonda aholisi ko`pligi bo`yicha ikkinchi o`rinda turadi, balki etnik o`zbeklar zich yashaydigan hudud ham hisoblanadi. Bu borada ikki poytaxtni bog`lovchi yo`nalish ishga tushirilsa, u ham ommalashishi shubhasiz.

Ilgari Qirg`iziston tomoni Toshkent va O`sh o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlarni yo`lga qo`yishni taklif etgandi.

“Biz ikki davlat hududlari o`rtasidagi parvozlar geografiyasini kengaytirishimiz lozim. Ayniqsa, Toshkent va O`sh o`rtasidagi reyslarni ochish zarurati etib keldi. Yangi transport yo`nalishlari ikki mamlakatning turizm salohiyatini faollashtirish imkonini beradi”, deya ta`kidlagandi o`tgan yil poytaxtimizga ikkitomonlama uchrashuvlarda ishtirok etish uchun kelgan Qirg`iziston iqtisodiyot vaziri Artyom Novikov.

O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlari o`rtasida o`tgan yil 12 may kuni xalqaro avtomobil qatnovlari bo`yicha imzolangan Kelishuvning tegishli moddasiga asosan har ikki mamlakatning mazkur jabhadagi ekspertlari o`rtasida ham birinchi yig`ilish o`tkazildi. 23 yanvar kuni tashkil etilgan majlis davomida ikki davlat o`rtasida xalqaro avtomobil yuklarini tashish bo`yicha ruxsatnoma blankalarini o`zaro almashishni yo`lga qo`yish bo`yicha kelishuvga erishildi. O`zbekiston va Xitoy o`rtasida xalqaro avtomobil yuklarini tashishni amalga oshirish uchun maksimal darajadagi keng imkoniyatlarni ta`minlashga o`zaro sodiqlik alohida qayd etib o`tildi.

O`zbekiston avtornsport vositalarini Xitoy Xalq Respublikasi hududida hech qanday to`siqlarsiz yuk tashishlarni amalga oshirishi bo`yicha ham kelishuvga erishildi. Bu milliy avtotashuvchilarimiz uchun qulay sharoitlar yaratadi albatta.

24-25 yanvar kunlari esa uch tomonlama muhokamalar bo`lib o`tdi. Unda “O`zbekiston – Qirg`iziston – Xitoy” avtomobil koridori tashqi savdo yo`nalishlarini diversifikasiya qilish va ushbu davlatlar o`rtasidagi yuk tashish hamda tranzit muddatlarini qisqartirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.

Tomonlar o`tgan yil 30 oktyabridan 3 noyabriga qadar “Toshkent—Andijon (O`zbekiston) — O`sh — Irkeshtom (Qirg`iziston) — Qoshg`ar (Xitoy)” yo`nalishi bo`ylab ilk xalqaro avtoqatnov muvaffaqiyatli o`tkazilganini olqishladi. Unda 9 ta yuk avtomobili (har uch tomondan uchtadan) qatnashgandi. Yakunda ushbu yo`nalish bo`ylab muntazam avtomobil yuklarini tashishni tashkil etish iqtisodiy jihatdan samarali ekanligi o`z tasdig`ini topgandi.

    Boshqa yangiliklar