AsosiyJamiyat

Shahrisabzga tezyurar poezd boradi

'Shahrisabzga tezyurar poezd boradi'ning rasmi

Shahrisabz shahriga tashrifi doirasida Prezidentimiz Oqsaroy maydonidagi «Koba» madaniyat majmuasida viloyat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.

Loyihalar iqtisodiy jihatdan rang-barang bo`lib, barchasi aholi farovonligi va turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan.

Dastlab, Qashqadaryo viloyatida 2018-2019 yillarda turizm infratuzilmasi ob`ektlarini barpo etish rejasi taqdim qilindi. Rejaga ko`ra, 167 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan,zamonaviy mehmonxonalar tashkil etish, transport xizmatlari ko`rsatish, dam olish va ko`ngilochar hududlar tashkil etish, tarixiy-madaniy obidalarni ta`mirlash ko`zda tutilgan. «O`zbekturizm» kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan loyihalardan yana biri eko va etno turizmni rivojlantirish, Amir Temur tug`ilgan maskanni turizm maskaniga aylantirishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari bugun dunyoda ko`plab davlatlar bu sohani o`zlashtirib, katta daromad olayotganini ta`kidlar ekan, yurtimizdagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish bo`yicha topshiriqlar berdi.

Yana bir muhim tashabbus Qashqadaryo viloyati ko`p qavatli uy-joy fondini ta`mirlash dasturini amalga oshirish hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan. Viloyatda jami 1 ming 656 ta ko`p qavatli uy-joy bo`lib, ularga 151 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko`rsatadi. Ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yili 346 ta ko`p qavatli uy-joy ta`mirlangan. Tijorat banklari tomonidan 13 milliard so`m imtiyozli kredit mablag`lari ajratilgan. Joriy yilgi dasturda 48,1 milliard so`m jalb etish ko`zda tutilgan.

Qashqadaryo viloyati bo`yicha asosiy iqtisodiy ko`rsatkichlar va soliq to`lovchilar soni, yirik korxonalar tomonidan byudjetga to`lanadigan to`lovlar, joriy yilgi prognoz ko`rsatkichlar haqidagi ma`lumotlar navbatdagi taqdimotda namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoevga jismoniy shaxslarning ko`chmas mulk ob`ektlari va er maydonlarini hisobga olish va soliq undirish hisobidan byudjetga tushumlar, tuman va shahar soliq inspeksiyalarining namunaviy tuzilmalari to`g`risidagi loyihalarni soha rahbarlari taqdim qildi. Davlatimiz rahbari bu borada ularning takliflarini tinglar ekan, bu borada zarur ko`rsatmalar berdi, takliflar bildirdi.

Viloyatda ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash loyihasida ichimlik suvi olish inshootlarini qurish, 77 kilometr magistraltarmog`i, 162 kilometr ichki tarmoq tortish, 16 ta suv taqsimlash inshooti qurish ko`zda tutilgan. Toshguzar-Shahrisabz-Kitob temir yo`lini modernizasiya qilish va elektrlashtirishni nazarda tutuvchi loyiha Shahrisabz shahrigacha tezyurar poezd qatnovini yo`lga qo`yishni ko`zda tutadi.

Bugungi kunda viloyat aholisi toza ichimlik suvi bilan to`la ta`minlanmagani achinarli holat, dedi Prezidentimiz. Bu dolzarb masalani qisqa vaqtda hal qilish uchun bor imkoniyatimizni ishga solishimiz lozim.

Shahrisabz shahri va tumanida mehnat bozorini barqarorlashtirish bo`yicha yo`l xaritasiga alohida e`tibor qaratildi. Loyihada vaqtincha ishsizlar haqida ma`lumot, kasbga o`qitish markazlarini tashkil etish, kasblarga bo`lgan talab kabi ma`lumotlar o`rin olgan.

Prezidentimiz ish bilan band bo`lmagan fuqarolarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bugungi kuning muhim masalasi ekanini alohida ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar