Qozog`istonning Aqto`be viloyatida yuz bergan, 52 nafar O`zbekiston fuqarolari qurbon bo`lgan fojeada, haydovchilar aybdor deb topildi, deb xabar berdi Sputnik Kazaxstan nashri.
Dastlabki tergov ishlari natijasida, avtobus haydovchilari tomonidan Qozog`iston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 345-moddasi, 4 bandida ko`rsatilgan jinoyatni (yo`l-harakati xavfsizligi qoidalarini va transport vositasini boshqarish va ekspluatasiya qoidalarini buzish) amalga oshirilgani aniqlangan.
Xususan, tergov davomida haydovchilar yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagan holda, avtobus saloni ichida benzinli kavsharlagichdan (ochiq olov) foydalangani aniqlangan.
Ushbu jinoiy ish Qozog`iston IIVning hududlararo tergov-tezkor guruhi tasarrufida bo`lib, ishning ko`rib chiqilishi Qozog`iston Bosh Prokuraturasi nazoratida.
Bo`lib o`tgan sud majlisida sudya Alima Adilova haydovchilarni ikki oy muddatga hibsga olish haqida qaror chiqardi.
Eslatib o`tamiz, 18 yanvar kuni erta tongda Qozog`istonning Aqto`be viloyati “Samara – Shmkent” yo`lida 57 nafar yo`lovchi mingan avtobusning dvigateli qattiq sovuqdan o`chib qolgan. Calonni istish maqsadida foydalanilgan benzinli kavsharlagichdan yong`in chiqib avtobus yonib ketadi. Yong`indan uch nafar haydovchi va ikki nafar yo`lovchilar qutilib qolishga ulguradi, 52 nafar yo`lovchi qurbon bo`lgan edi.






