Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi va qator tashkilotlar hamkorligida “Islom Karimov – istiqlol asoschisi” mavzuida ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.
Tadbir davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi hamda 2017 yil 27 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug`anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarorlari ijrosi doirasida tashkil etildi.
O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov, universitet rektori S.Turobjonov va boshqalar mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov buyuk tarixiy shaxs, yuksak e`tiqod sohibi, kuchli siyosatchi, Vatani, xalqi uchun mehri daryo inson bo`lganini alohida ta`kidladi. Yillar davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan, inson manfaatlarnii himoya etuvchi keng ko`lamli islohotlar zamirida ana shu buyuk insonning zahmatli mehnati mujassam.
Islom Karimovning qat`iyati, jasorati, yurtiga bo`lgan kuchli sadoqati sabab mamlakatimiz mustaqillikka erishdi va qisqa muddatda ulkan muvaffaqiyatlarni qo`lga kiritdi. Yosh davlatimizni dunyo tanidi.
– Elim deb, yurtim deb yonib yashagan Birinchi Prezidentimiz mamlakatimizning ravnaq topishi, aholi farovonligi va tinchligini ta`minlashda beqiyos ishlarni amalga oshirdi, – deydi universitet magistranti Bozor Mamadiev. – Bu ezgu fazilatdan o`rnak olishimiz, shu yurt farzandi sifatida bor kuch-g`ayratimizni sarflashimiz kerak, deb o`ylayman. Chunki biz, yoshlarni chuqur bilimli, yuksak salohiyatli, zukko, dunyodagi tengdoshlariga o`rnak bo`la oladigan darajaga etishimiz uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. Bu insonning yoshlarga bildirgan yuksak ishonchi, faxrlanib so`zlashlari bizni yutuqlar sari undaydi.
Tadbirda Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag`ishlangan hujjatli film namoyish etildi.
26.01.2018 09:21
Birinchi Prezident xotirasiga bag`ishlangan hujjatli film namoyish etildi






