AsosiySport

Ramatov navbatdagi lavozimida tekinga ishlaydi

'Ramatov navbatdagi lavozimida tekinga ishlaydi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston futbol Assosiasiyasi prezidenti etib saylangan Ochilboy Ramatov yangi ish joyida tekinga ishlashini ma`lum qildi.

U futbol sohasi vakillariga murojaat qilib, yaxshi pul topish uchun yaxshi ishlash kerakligini ta`kidlagan.

«Futbolni yaxshi ko`radigan odam faqat futbol haqida o`ylab, shuning ichida yashashi kerak. Shu erdan pul topishi kerak, pul topishning boshqa joylarini qilishi kerak emas.

Meni haydab yuborsanglar, boshqa kasbim bor, boshqa ishlarimni qilib, bola-chaqamni boqa olaman. Sizlar esa faqat futbol bilan shug`ullana olasizlar.

Men bu lavozimda oylik olmayman. Men prezidentimiz shu erga jo`natgani uchun keldim, sizlarga yordam bermoqchiman. Sizlar qo`l ko`tarib, tasdiqladingizlar. Sizlarni hech kim majburlamadi.

Mening hamma narsam bor, 7 joydan oylik olaman, faqat boksda va futbolda emas. Yurtboshimiz shularga yordam ber, deb jo`natdi.

O`zim ham hamisha futbolimiz uchun qayg`urganman. Bu mas`uliyatli ish.

Bolalarimizni tarbiyalaymiz. Yaxshi mingta futbolchi chiqaramiz. Ular hech narsadan kamchilik ko`rmasligi kerak. Evaziga barqaror o`ynab berishsin», deya Ramatovning so`zlarini keltiradi «Tribuna» muxbiri.

Ma`lumot uchun, Ochilboy Ramatov 2002 yildan buyon «O`zbekiston temir yo`llari»ning boshqaruv raisi hisoblanadi. U 2016 yilning dekabridan O`zbekiston bosh vazirining birinchi o`rinbosari — Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksining rahbari.

Ramatov shuningdek, 2006 yildan buyon O`zbekiston boks federasiyasi prezidenti hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar