AsosiySport

O`zbekiston dzyudo federasiyasi rahbariyati tarkibida o`zgarish bo`ldi

'O`zbekiston dzyudo federasiyasi rahbariyati tarkibida o`zgarish bo`ldi'ning rasmi

O`zbekiston dzyudo federasiyasi navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasini o`tkazdi. Konferensiyada O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi, mamlakat dzyudo federasiyasi rahbarlari, federasiyaning hududiy bo`linmalar mutasaddilari, sportchilar, murabbiylar va hakamlar ishtirok etishdi.

Konferensiyada tashkiliy masala ham ko`rib chiqildi. Shu paytga qadar O`zbekiston dzyudo federasiyasida Bosh kotib sifatida ishlab kelgan sportning ushbu turi bo`yicha Olimpiya o`yinlarining uch karra bronza medali sohibi Rishod Rashidovich Sobirov bundan buyog`iga federasiya sport direktori sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo`ldi. Abdulla Nazarovich Murodov esa mamlakat dzyudo federasiyasiga Bosh kotib etib saylandi.

Konferensiya davomida O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, O`zbekiston dzyudo federasiyasi raisi Alisher Akmalov, federasiya vise-prezidentlari Shavkat Mo`minov, Armen Bagdasarov va Dmitriy Adismanlar so`zga chiqib, yurtimizda dzyudoni yanada rivojlantirish, xalqaro maydonda erishilayotgan yutuqlar salmog`ini oshirish, mavjud muammo va kamchiliklarni imkon qadar tezroq bartaraf etish hususida gapirishdi.

Shuning bilan O`zbekiston dzyudo federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o`z ishini yakunladi.

    Boshqa yangiliklar