Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar qildi O`zA.
Uni tashkil etish to`g`risidagi bitim Afg`oniston Prezidentining 2017 yil dekabrida O`zbekistonga tashrifi chog`ida imzolangan edi.
Ta`lim markazining ilk talabalari o`zbek tili va adabiyoti yo`nalishiga qabul qilindi. Ular ikki yil davomida soha bo`yicha etuk mutaxassis bo`lib etishadi. Kelgusida qurilish va temir yo`llarni ekspluatasiya qilish sohalarida ham mutaxassislar tayyorlanadi.
«Afg`onistonda 7 millionga yaqin o`zbek millatiga mansub aholi yashaydi, — dedi Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidentining MDH davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha maxsus vakili Muhammad Shokir Korgar. — Termizda barpo etilgan ushbu ta`lim muassasasi maktab va bog`chalarimizdagi o`zbek tili mutaxassislariga bo`lgan ehtiyojni ta`minlaydi».
Ta`lim markazi direktori vazifasini bajaruvchi Oybek Ro`zievning ma`lum qilishicha, qo`shni davlat yigit-qizlari bu erda ikki, to`rt va olti yillik sirtqi ta`lim shakllarida tahsil olishadi.
Yangi o`quv markazida Afg`oniston tomoni ehtiyojlaridan kelib chiqib, 17 oliy va 16 o`rta maxsus, kasb-hunar ta`lim yo`nalishi o`quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilgan. Qo`shni davlatning ilmga chanqoq yoshlariga o`zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o`rgatish uchun mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalaridan malakali professor-o`qituvchilar jalb etilgan. Shuningdek, oliy ta`lim muassasalari korporativ tarmog`i orqali «Elektron ta`lim tarmog`i"ga ulanib, O`zbekistonning istalgan oliy ta`lim muassasasi etuk olim va mutaxassislari tomonidan videokonferensiya orqali masofadan turib mashg`ulot o`tkazish imkoniyati mavjud.
Markazning ko`p qavatli muhtasham o`quv binosi, 110 o`ringa mo`ljallangan talabalar yotoqxonasi, axborot-resurs markazi, sport zali va sport maydonchalari, oshxona afg`onistonlik talabalar uchun xizmat qiladi. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o`zlashtirish, temir yo`l transporti tizimini puxta o`rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko`rsatadigan shoxobchalar mavjud.
Axborot-resurs markazi iqtisodiy-texnik va ijtimoiy-gumanitar yo`nalishlardagi fanlar bo`yicha etarli o`quv va yordamchi darsliklar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, O`zbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, audioto`plamlar disklari bilan to`ldirilgan. Elektron kutubxona tizimiga lotin alifbosidagi 700 dan ziyod elektron adabiyot joylashtirilgan.
Kelgusida markazni yanada kengaytirish, yozgi oshxona va novvoyxona, hammom va kir yuvish binosini yangidan qurish rejalashtirilgan. 300 o`rinli qo`shimcha yotoqxona barpo etish mo`ljallangan. O`quv ishlab chiqarish ustaxonasi rekonstruksiya qilinib, yangi bino quriladi.






