“Telba” Mel Gibson
Kunlardan bir kuni hayotida ro`shnolik ko`rmagan baxtiqaro bir yigit o`z joniga qasd qilishga qaror qiladi. Axir oilada o`n bir farzand bo`lgandan keyin har tomonlama etishmovchiliklar, bolalikdagi ko`ngil orzulari bora-bora sarobga aylanishi, qolaversa, ota-ona har bir farzandga alohida mehr berolmasligi turgan gap. Buning ustiga, yigit biroz telbanamo ham edi. Lekin taqdirning taqozosini qarangki, kutilmaganda yigitning “ketmoni uchadi” — uni yangi bir kinoloyiha ustida ishlayotgan rejissyor Jorj Miller uchratib qoladi. Rejissyor o`ylab o`tirmasdan telbanamo yigitni o`zining “Telba Maks” filmiga taklif etadi. Ha, bu o`sha mashhur aktyor, rejissyor, “ozodlikning bir kuni uchun hayotidan kecha olgan” Mel Gibson edi.
Mel Kolm-Kille Jerard Gibson 1956 yilning 3 yanvar kuni AQShning Nyu-York shahri yaqinida dunyoga keladi. U irland millatiga mansub bo`lib, oiladagi o`n bir farzandning oltinchisi edi. O`n ikki yoshga to`lganda oilasi bilan doimiy yashash uchun Avstraliyaga ko`chib ketadi. O`smir yigitcha bolaligidanoq jurnalist bo`lishni orzu qiladi. Ammo opalaridan biri unga bildirmay, Avstraliya milliy dramatik san`at institutining aktyorlik mahorati fakultetiga iltimosnoma yuboradi. Avvaliga Mel bundan bexabar bo`lgan bo`lsa, keyinchalik opasining taklifiga ko`nib, mazkur institutning qabul imtihonlarida qatnashadi va talabalar safiga qabul qilinadi. Bo`lajak aktyorning noyob iste`dodi va qobiliyati nazarga tushadi.
“Oltin davr”dan so`nggi muvaffaqqiyatlar
Mel Gibson talabalik vaqtidayoq filmlardan birida suratga tushadi, ammo uning ilk ijodiy debyuti deyarli hech kimning diqqatini jalb etmaydi. Navbatdagi “Yozgi shahar” filmi ham unga o`zi kutgan mashhurlikni hadya etmaydi. Ammo baland bo`yli, moviy ko`zli Mel Gibson bu kartina orqali avtraliyalik rejissyorlarning e`tiborini tortadi.
Muvaffaqqiyatsizliklardan so`ng unga “Telba Maks” fantastik jangari filmidagi roli jahonshumul mashhurlik olib keldi. “Telba Maks” fantastik jangari filmi trilogiyaning birinchi qismi bo`lib, keyinchalik uning davomi bo`lgan “Telba Maks-2: imkoniyat askari” hamda “Telba Maks-3: yashin gumbazi ostida” filmlari suratga olinadi. Kinokartina bir paytning o`zida Avstraliya kinoinstitutining uchta mukofotini qo`lga kiritadi. Postapokalipsis zamonida yashayotgan film qahramoni Maks Rokatanskiy bir kunda ham qizalog`i, ham sevimli rafiqasidan ayriladi. Natijada qahramon qasoskorga aylanadi. Trilogiyaning barcha qismida Maks ko`z ko`rib, quloq eshitmagan sarguzashtu mashaqqatlarni boshdan kechiradi. 2015 yili “Telba Maks”ning davomi “Telba Maks: g`azab yo`li” katta ekranlarga chiqdi. Ammo bu kartinada Mel Gibsonni ko`rmaymiz, nima ham derdik, axir hozirda aktyorning yoshi ham bir joyga borib qolgan.
Holly & Wood ni zabt etib...
1980 yillarning boshida aktyor Gollivudga taklif etiladi. U Amerikaga qaytganda dunyo miqyosidagi mashhurlikka erishgan edi. Mel Gibson Gollivudda filmografiyasini “Xavfli qurol”, “Meverik”, “Suiqasd nazariyasi”, “Qachonlardir biz ham askar bo`lgandik”, “Badal”, “Ayollar nimani xahlaydi?”, “Alomatlar”, “Saxiylik”, “Jannat”, “Daryo” va “Soffel xonim” kabi bir-biridan qiziq janrdagi filmlar bilan boyitadi.
Mel Gibson ishtirokida kino muhlislarining e`tiboriga tushgan asosiy kartinalardan biri, shubhasiz, bu — “Vatanparvar”dir. Filmda Mel Gibson marhum aktyor Xit Lejer birga suratga tushadi. Rafiqasi vafot etgan, bir etak bolani boqib tarbiyalayotgan ota yana bir taqdir sinovidan o`tishi kerak. Butun mamlakatda urush e`lon qilingan, ota esa bolalarini urushning olovli komlaridan saqlashi zarur. Biroq to`ng`ich o`g`il Gabriel vatan oldidagi burchini bajarish uchun urushga otlanadi. Ma`lum vaqtdan keyin otasi haqligini tushunib etgan Gabriel qaytib keladi, sevgilisiga uylanadi. Kunlardan bir kuni shafqatsiz dushman askarlari o`rtancha farzandni ayovsiz otib tashlashadi, Gabrielning ko`ksiga nayza sanchishadi, bu ham etmaganday xonadon kelinini cherkovdagi taqvodorlarga qo`shib yoqib yuborishadi. G`azab otiga mingan ota qo`liga qurol iolishga majbur: endi u intiqom o`tida yonish bilan birga vatandoshlarini mustaqillik, ozodlik uchun kurashga chorlaydi. Shunday qilib, qahramonimiz AQSh nomli mamlakat yuzaga kelishiga o`z hissasini qo`shadi...
Dunyoni titratgan to`rt film
90-yillar boshida Mel Gibson o`zini rejissyor sifatida sinab ko`rmoqchi bo`lib Icon Productions kinokompaniyasiga asos soladi va o`zining ilk rejissyorlik ishi sifatida “Yuzsiz odam” filmini katta ekranlarga chiqaradi.
Ikkinchi rejissyorlik ishida Gibson tarixiy mavzuga murojaat etib, shotland xalqining ozodlik kurashini jonlantiradi. “Sheryurak” butun dunyo kino ixlosmandlarining ko`nglidan joy oladi, kartinada Mel Gibsonning o`zi bosh rolni ijro etgan Uilyam Uollesning “Ozodlik!” deya hayqiriq solishi hozirgacha barchamizning yuragimizni hayajonga soladi. Film “Oskar” mukofotiga sazovor bo`ladi, jumladan, “Eng yaxshi film” va “Eng yaxshi rejissyor” nominasiyalari bo`yicha oltin haykalchani qo`lga kiritadi.
2004 yili Mel Gibson “Isoning iztiroblari” kinokartinasini suratga oladi. Filmda Iso alayhissalom hayotining so`nggi o`n ikki soatidan hikoya qilinadi. Mel Gibson film jonliroq chiqishi uchun o`sha davr tillari — aramey, lotin tillaridan foydalanadi. Filmning o`ziga xos tomoni ham shunda, ya`ni “Isoning iztiroblari” qaysi mamlakatda ekranga chiqarilmasin, dublyajsiz, o`zinng original tilida ko`rsatiladi, subtitr orqali izoh beriladi.
2006 yilda esa M. Gibson o`zining sevimli mavzusiga qaytib, “Apokalipsis” tarixiy eposini katta ekranlarga olib chiqadi. Bu safar ham Gibson o`zining tamoyillariga sodiq qolib, film qahramonlarini eski yukatek tilida “gapirtiradi”. Filmda mayya sivilizasiyasining tanazzulga yuz tutishi haqida so`z boradi. Film voqealari XV asrda Yukatan vodiysida ro`y beradi. Bir kun ichida Yaguar Panjasi laqabli hinduning hayoti ostin-ustun bo`lib ketadi: qo`shni qabila mahalliy qabilani asirga olib, qishloqning kulini ko`kka sovuradi. Asirlar orasida bo`lgan Yaguar Panjasini ham ilohlarga qurbonlik uchun shaharga olib borishadi. Biroq muqarrar o`lim komidan qochib qutulgan qahramon tirik qolgan qadrdonlari — rafiqasi va yangi tug`ilgan chaqalog`ini qutqarish uchun jonini xatarga qo`yishi kerak...
Ana shunaqa, Mel Gibson filmda rol o`ynaydimi yoki rejissyorlik qiladimi, uning kinokartinalarida dramatizm, o`tkir syujet ustunlik qiladi, tomoshabinni, ta`bir joiz bo`lsa, o`rniga mixlab qo`yadi. Mel Gibson filmlarda asosan qasoskor rolini qoyillatib ijro etadi. “Sheryurak”, “Xavfli qurol”, “Vatanparvar”, “Intiqom” filmlarini bir eslang!
Bo`yimday bo`y topdim-u, ko`nglimday ko`ngil topmadim
Mel Gibson 1980 yili uylanadi. O`zining bo`lajak rafiqasini nikoh agentligi orqali topadi. Rafiqasi Robin Mur unga besh o`g`il va ikki qizni hadya etadi. Aytish mumkinki, ancha paytgacha Mel Gibson namunali oila boshlig`i, suyukli er sifatida tillarga tushgandi. Ammo-lekin qahramonimizning bu baxtiga ko`z tegdimi, 2009 yili er-xotin Gibsonlar ajrashadi. Shundan so`ng paparassilar Mel Gibsonni ko`p bora rossiyalik Oksana Grigoreva bilan uchratishadi. Biroq bu safar ham Mel Gibsonning ko`ngil borasida omadi chopmadi. Oksana bilan munosabatlari darz ketgani etmaganiday, o`rtada bola ham sarson bo`ldi: Gibson va Grigorevaning qizi Lyusi uzoq davom etgan suddan so`ng onasi bilan qoldi, ota esa 60 ming AQSh dollari miqdorida aliment to`lab, ona-bola yashayotgan uyning harajatlarini ko`taradigan bo`ldi.
62 yoshni urib qo`ygan Mel Gibson Silvestr Stallone, Jeyson Stetxem, Dolf Lundgren, Antonio Banderas kabi “superaktyorlar” bilan “Shiddatkorlar-3” jangari filmida bosh qahramonlardan birining rolini ijro etib, hali-veri otdan tushmasligini isbotlab qo`ydi. Oldinda esa uni rejissyorlik kursidagi “Isoning iztiroblari”ning davomi hamda vikinglar haqidagi kinoasar kutib turibdi. Nima ham derdik, “Olg`a, Gibson!”
Lola Shoimova tayyorladi.






