Surxondaryoda «Angor paxta tozalash» AJ bosh direktori Toshtemir Xolboev, mazkur aksiyadorlik jamiyati 2-zona tovarshunoslari Murod Allamurodov va G`anisher Madaminovlar, nazoratchi Sirojiddin Arapov, sifat laboratoriyasi xodimi Rustam Ashurov, shuningdek, «Surxonoziqovqasanoati» AJ vakili Alisher Nazarov qo`lga olindi, deb yozadi «Xalq so`zi» gazetasi.
Huquq tartibot organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir chog`ida yuk xatlarini soxtalashtirish yo`li bilan chigit mahsulotlarini talon-taroj qilayotganlar «tumshuqlaridan ilindi». Ulardan noqonuniy ravishda olib ketilayotgan 48 219 kilogramm texnik chigit daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi.
Bundan tashqari, «Angor paxta tozalash» AJ mansabdor shaxslari 2017 yil paxta mavsumida fermer xo`jaliklariga 204 730 kilogramm paxta xom ashyosini qo`shib yozganligi aniqlandi. Ushbu holatlar bo`yicha T. Xolboev, M. Allamurotov, S. Arapov, R. Ashurov, G. Madaminov, A. Nazarovlar, shuningdek, X. Chorshanbiev va A. Eshqobilovlarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






