O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning muxlislarga taqdim etgan «Mendirman o`sha» tarixiy klipi chin ma`noda katta loyiha bo`ldi. Kattayu kichikning e`tiborini tortgan videorolikning bosh rol ijrochilaridan biri Mirkamol Qoraboev bugungi suhbatdoshimiz. U bilan «Mendirman o`sha» haqida gaplashamiz.
— Fikringizcha, nega aynan sizni bosh rolga taklif qilishdi?
— Bu rolni ijro etishim men uchun kutilmaganda bo`ldi. Asli kasbim rejissyor. Bir kuni «O`zbekfilm» studiyasining libos sexida ishlar bilan yursam, Sevara Zunnunovani uchratib qoldim. (Sevara Zunnunova «Mendirman o`sha» klipida liboslar bo`yicha rassom sifatida ishlagan). Gap orasida «Mirkamol, Ozodbek Nazarbekov yangi klip suratga olyapti, shunga suratlaringizni bersangiz» deb qoldi. So`ngra rejissyorlar bilan ko`rishib rasmga tushdim. Lekin klipga meni olishadi, unda Jaloliddin Manguberdining obrazni gavdalantirar ekanman, degan o`y umuman bo`lmagan. Xullas, oradan bir hafta o`tib, rejissyorlar men bilan bog`lanishdi. Ozodbek akani ofisiga bordim hammalari bilan ko`rishib, gaplashganimizdan so`ng klip haqida ma`lumotlarga ega bo`ldim. O`sha paytda quvonch va katta mas`uliyat xissini tuyganman. Rolga tayyorlanish jarayonida tarixiy kitoblarni ko`p o`qidim. Ozodbek akaning o`zi ham buyuk siymo Jaloliddin Manguberdi haqidagi kitoblarni berdilar. O`qib, o`rganib, obraz ustida ishlay boshlagandim.

— Ish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
— Klip qisqametrajli film kabi ishlangan, desam mubolag`a bo`lmaydi. Ssenariy, rejissura, kadrlarning professionalligi gaplarimga isbot, bo`la oladi. Har birimiz ishimizdan shu qadar zavqlanib ishladikki, 15 kun davom etgan tasvirga olish ishlarida umuman charchoq nima ekanini bilmadim. Ammo shunday bo`lsa ham otlar ishtirokidagi sahnalarda biroz qiynaldik. Tayyorgarlik jarayonidagi otlar o`rgatilgan edi, tasvirga olish jarayonida esa uloqlardagi jaydari, chopog`on baquvvat otlardan foydalanilgan. Ular anchayin qaysarlik qilgan bo`lsa-da, amallab, kelishib-kelishib ishlashga muvaffaq bo`ldik (kuladi).
— Jaloliddin Manguberdi roli sizning tashrif qog`ozingizga aylandi, deyish mumkinmi?
— 2013 yil mashxur bokschi Muhammadqodir Abdullaevga bag`ishlangan filmda boks ustasining rolini o`ynaganman. Unda ham ozmi ko`pmi olqishlar olgandim. Lekin qaysidir ma`noda Ozodbek Nazarbekovning klipidagi bu rol meni elga yanada tanitdi.
— Yana qaysi tarixiy shaxslarning rolini ijro etishni istardingiz?
— Agar Jaloliddin Manguberdiga bag`ishlangan film suratga olinsa, unda buyuk janchining rolini ijro etishni juda istardim.
— Kimning bahosi siz uchun muxim?
— Ustozim, Shoira Hamidova, onam va akamning munosabatini kutdim. Ular rolimni ko`rishgandan keyin qanday fikr bildirishar ekan deb shoshgandim.
— Xo`sh...
— Yaqinlarim ijodimni kuzatib, quruq maqtovlar bilan ko`kka ko`tarishmaydi. Ular ko`proq tanqidiy nazarda tahlil qilib berishadi. Bu menga juda ko`p foyda bergan. Ammo bu gapim bilan rolim faqat tanqid qilindi, demoqchi emasman. Albatta, ijobiy fikrlarni ham ko`p eshitdim.

— Keling, suhbatimiz so`ngida oilangiz bilan tanishtirsangiz?
— Otam rahmatli Muxtorjon Qoraboev xofiz edilar. Onam Rohatxon Qoraboeva, akam Muzaffar Qoraboev rejissyor, opam Dilfuza Qoraboeva ham san`at sohasida ishlaydi. Bir so`z bilan aytganda san`atkorlar oilasimiz.
FAKT:
- Mirkomil Qoraboev — 1992 yil Farg`ona shahrida tug`ilgan. O`zbekisiton Davlat San`at va Madaniyat institutining estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi fakultetini tamomlagan.
- O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman o`sha» klipi «9999» studiyasi rejissyorlari Xurshid va Nodir Sobirovlar tomonidan suratga olingan.
- Qo`shiq matni shoir Botir Ergashev qalamiga mansub.
- Klipda O`zbekiston va Qoraqalpog`iston Respublikalarida xizmat ko`rsatgan artist Maxset Otemuratov ham asosiy rollardan birini ijro etgan...
Aliya SULAYMANOVA






