AsosiyJamiyat

O`zbekiston Prezidenti nomidan Afg`oniston xalqiga texnika hadya qilindi

'O`zbekiston Prezidenti nomidan Afg`oniston xalqiga texnika  hadya qilindi'ning rasmi

10 yanvar kuni Hayraton shahrida (Afg`oniston Islom Respublikasi) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika Afg`oniston xalqiga hadya qilinishiga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston rasmiy delegasiyasi a`zolari, Afg`oniston Prezidenti ma`muriyati va hukumati, ushbu mamlakat jamoatchiligi va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili I.Ergashev, Afg`oniston transport vaziri M.Taxmosiy, ta`lim vaziri o`rinbosari A.Mahjur, Balx provinsiyasi gubernatori o`rinbosari M.Tavhidiy va boshqalar O`zbekiston rahbariyati xalqlarimiz o`rtasidagi azaliy do`stlik rishtalariga asoslangan yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, barcha jabhalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta`kidladi.



YRK_2139.JPG

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Afg`oniston bilan ko`p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish hamda qo`shni mamlakatda tez fursatda tinchlik, barqarorlik o`rnatilishi, uning iqtisodiy va transport infratuzilmasi tiklanishiga ko`maklashish tarafdori ekani qayd etildi.

Keyingi paytlarda O`zbekiston – Afg`oniston hamkorligida izchil o`sishga erishildi. 2017 yilning 4-6 dekabr kunlari Afg`oniston Prezidenti Ashraf G`ani O`zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Tashrif yakuniga ko`ra, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarga oid 20 hujjat imzolandi. Imzolangan hujjatlarning aksariyati nafaqat Afg`oniston va O`zbekiston, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Jumladan, O`zbekiston mutaxassislari tomonidan "Mozori Sharif – Hirot" temir yo`li va "Surxon – Puli Xumri" elektr uzatish liniyasi qurish bo`yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Afg`oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga xizmat qiladi.

O`zbekistonning Afg`onistonga do`stona munosabati, davlatimiz rahbariyatining kelgusida ham afg`on xalqiga ko`maklashishga tayyor ekani ramzi sifatida Surxondaryo viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning topshirig`iga muvofiq Afg`oniston fuqarolari uchun maxsus Namunaviy ta`lim markazi tashkil etilgani ta`kidlandi. Markazga 20 yanvar kuni 100 ga yaqin talaba kelishi kutilmoqda.

Afg`oniston rasmiy shaxslari va jamoatchilik vakillari sovg`a qilingan avtobus, traktor va maxsus texnikalar uchun O`zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. O`zbekistonning Afg`oniston iqtisodiyotini rivojlantirishga qo`shayotgan hissasi afg`on xalqi turmushi yaxshilanishi va uning tinch taraqqiyot yo`liga qaytishiga xizmat qiladi. Jumladan, O`zbekiston tomonidan taqdim etilgan avtobuslar afg`on bolalarining maktabga borishini osonlashtiradi. O`zbekiston delegasiyasi ishtirokida uchta avtobus Hayraton shahri ma`muriyatiga topshirildi.

So`zga chiqqanlar O`zbekiston – Afg`oniston hamkorligini barcha sohalarda rivojlantirish va kengaytirish tendensiyasi kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ikki tomonlama munosabatlardagi bunday ijobiy o`sishga, avvalo, Afg`onistonga do`stlik qo`lini cho`zgan va ushbu davlatning iqtisodiy infratuzilmasi tiklanishida amaliy yordam ko`rsatayotgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qat`iy irodasi tufayli erishilgani ta`kidlandi.

YRK_2154.JPG

Afg`oniston O`zbekistonning savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada faollashtirish, infratuzilmaga oid turli yirik loyihalarni amalga oshirish va mintaqadagi integrasion jarayonlarda ishtirok etishda yordam berish orqali Afg`onistonda tinchlik va barqarorlik o`rnatishga qaratilgan sa`y-harakatlarini yuksak qadrlaydi. Afg`oniston aholisi va jamoatchiligi etkazib berilayotgan elektr energiyasi hajmini oshirish, Kobul va shimoliy viloyatlarning elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini ta`minlashga mo`ljallangan yangi "Surxon – Puli Xumri" elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga tayyorligi uchun O`zbekistonga alohida minnatdorlik bildirdi.

O`zbekistonning Afg`onistonga etkazib berilayotgan elektr energiyasi haqini kamaytirgani to`g`risidagi xabar tadbir ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi.

Afg`oniston xalqiga texnika hadya qilish tantanali tadbiri do`stona muhitda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar