O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda e`lon qilingan «Islom Karimov xotirasiga bag`ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» tanlovi doirasida «O`zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida «O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov faoliyati xronikasi (Solnoma)» chop etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
«Mazkur nashr Islom Karimovning O`zbekiston rahbari sifatidagi yigirma etti yillik faoliyat xronikasini o`zida mujassam etgan. Solnomani varaqlar ekansiz, Birinchi Prezidentimiz mamlakatimizning murakkab va tahlikali davrida ham, shonli zafarlarga boy paytida ham xalq bilan birga bo`lgani, xalqning dardu tashvishi, quvonchu shodligi, orzu-istaklarini xuddi o`zinikidek qabul qilgani, «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun» degan ezgu g`oyalariga sodiq qolgani, shu yurt, shu el uchun o`zi aytmoqchi «yonib yashash kerak»ligini amalda isbotlaganiga guvoh bo`lasiz», — deyiladi xabarda.
Kitobdan ayrim parchalar keltirib o`tilgan:
«1989 yil 25 iyun. Islom Karimov Farg`ona viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan tanishish maqsadida ushbu viloyatda bo`ldi. O`zbekiston rahbari viloyatning shahar va qishloqlariga borib, yuzaga kelgan notinch vaziyat tufayli jabr ko`rgan odamlar bilan suhbatlashdi, ahvolni barqarorlashtirish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish bo`yicha mahalliy rahbarlarga aniq ko`rsatmalar berdi.»
«1990 yil 20 iyun. O`zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida Mustaqillik deklarasiyasi qabul qilindi. Deklarasiyada huquqiy va demokratik davlat mustaqilligining ustuvorligi, O`zbekistonning ittifoqdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan munosabatlari shartnomalar asosida belgilanishi va davlat belgilari (gerb, bayroq, madhiya)ni o`zi ta`sis etishi qayd etildi.»
«1991 yil 31 avgust. O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov Respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida ma`ruza qildi. Ushbu sessiyada mamlakatimiz hayotida buyuk tarixiy voqea sodir bo`ldi. Yurtboshimiz butun dunyoga O`zbekiston Respublikasi mustaqilligini e`lon qildi. 1 sentyabr – Mustaqillik kuni umumxalq bayrami etib belgilandi».
Tanlovga mamlakat va xorij ommaviy axborot vositalarida chop etilgan, internet nashrlarida e`lon qilingan ko`plab materiallar, ilmiy-ommabop maqolalar, Birinchi Prezidentning hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan kitob va risolalar kelib tushgan. Nufuzli hay`at a`zolari tomonidan ularning eng yaxshilari saralanib, 2018 yilning I choragida tanlov g`oliblarining nomlari e`lon qilinadi.






