O`FF prezidenti Umid Ahmadjonov nihoyat, uzoq kutilgan intervyuni berdi.
Federasiya rahbari bildirgan fikrlardan so`ng muxlisu mutaxassislar orasida turlicha qarashlar bo`lishi turgan gap - biri salbiy, boshqasi ijobiy.
Chunki bir kishining nuqtai nazari boshqasiga to`g`ri kelmasligi tabiiy hol. Shundan kelib chiqib, biz ham mazkur intervyuga munosabat bildirishga qaror qildik.
Quyidagi gaplar kimgadir yoqmasa, ma`zur tutadi, degan umiddaman. Axir haqiqat ko`pincha achchiq bo`ladi.
ABRAMOV HAQIDA
Jahonning aksariyat mamlakatlarida futbol federasiyasi o`z salobatini saqlab turishga intiladi. O`z tizimida faoliyat yuritadigan mutaxassislardan ichki intizomga amal qilishni talab etish ham shular sirasiga kiradi. Abramovning chetlatilishi borasida O`FF tomonidan chiqarilgan xabarda murabbiy tashkilot sha`niga mos kelmaydigan gaplar tarqatishda ayblangandi.
Umid Ahmadjonovning intervyusida esa Vadim Karlenovichning o`z vaqtida amalga oshirgan ko`p ishlari va futbolchilarni sotishdagi qing`irliklari tilga olingan. Murabbiydan lisenziya olib qo`yilishiga shu ham sabab sifatida ko`rsatilgan.
Shu o`rinda bir savol tug`iladi: agar Abramov O`FFning qaroriga qarshi fikr bildirmaganda, o`tmishdagi ayblari oshkor bo`larmidi?
Albatta, Ahmadjonovning jon kuydirib aytgan gaplariga qo`shilmay iloj yo`q. Vadim Abramov darhaqiqat, qing`irlik qilgan bo`lsa, javobini bersin. Ammo u kelasi mavsum Superligada 12ta jamoa qolishiga qarshilik bildirmaganda vaziyat qanday tus olardi?
O`zbekiston chempionatida o`tgan yillar davomida ko`p shubhali ishlar ro`y bergan. Masalan, necha yildirki, kelishilgan o`yinlar haqida bong urib kelamiz. Ammo Kelishilgan o`yinlarga qarshi kurash qo`mitasi ham hech kimni oshkor etmay, yo`q bo`lib ketdi.
O`FF o`tmishdagi ayblarni ochishga bel bog`lasa, balki bu borada ham yangilik eshitarmiz? Masalan, uch yil oldin «Paxtakor» - «Metallurg» (3:2) o`yinida nima bo`lganini hamon tushunmaymiz. Balki «qartalar»ni ochish vaqti kelgandir?
FORMAT HAQIDA
Umid Ahmadjonovning intervyu davomida bildirgan bir fikriga hech ikkilanmay qo`shilish mumkin - 12 jamoalik tizim darhaqiqat, o`zbek futboli manfaatiga xizmat qiladi. Shaxsan o`zim shunday bo`lishiga juda ishonaman. Ancha yillar oldin mazkur tizimga o`tish kerakligi haqida maqola ham tayyorlaganman.
O`sha davrlar mana endi kelyapti. Shunday ekan, O`FF boshlagan islohotlar naf keltirishiga shubha qilmayman. Ammo gap shundaki, federasiya bu yangiliklarni o`z reglamentiga tayangan holda amalga oshirishi kerak edi.
Hattoki, bu reglament avvalgi rahbariyat davrida joriy etilgan bo`lsa ham. Qonun (reglament esa futbolimizning asosiy qonunidir) - hammaga barobar bo`lishi shart.
To`g`ri, buning uchun bir yilni yo`qotish kerak edi va Ahmadjonov shunga rozi bo`lmadi. Intervyu davomida ham nima uchun yana kutish kerakligi haqida yozg`irgan. Ammo reglament talab qilgan bo`lsa, kutish shart edi.
Nima uchun shart? Chunki shunda qonun (reglament) buzilmaydi. Eslab qoling, agar O`FF o`zi chiqargan qoidalarga amal qilmaydigan bo`lsa, boshqalardan qanday qilib hurmat talab qilishi mumkin?
O`ylashimcha, bir yil yo`qotilgan taqdirda ham o`zlikni saqlab qolish shart edi. O`FFning yangi rahbariyatida nimanidir isbotlash uchun besh yil muddat bor. Bu vaqt ichida qoidaga amal qilib ham ko`p narsalarga ulgurish mumkin.
TA`TIL
O`FF prezidenti suhbat davomida bir narsaga alohida e`tibor qaratgan - oliy ligada mavsum oralig`ida uch oylik tanaffus bo`lgan va futbolchilarga 10-20 kunlab dam berilgan. Aynan shu narsa o`yinchilarning jismoniy tayyorgarligiga zarar keltirgan.
Ochig`i, bunday fikrga nima sabab bo`lganiga tushunish qiyin. Chunki futbolchilarni ta`tilga chiqarish amaliyoti faqat bizda emas, butun dunyoda bor.
Masalan, hozir Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya chempionatlari qishki ta`tilga chiqdi va o`yinchilar dunyoning turli chekkalariga dam olish uchun ketishgan.
Ular bir kunlik hordiq uchun uch qadam ortga tashlashmaydi. Aksincha, «yaxshi dam - mehnatga hamdam» naqli futbolga ham xos. Masalan, Angliya futboli xuddi shunday tanaffus yo`qligidan ko`p jabr chekkan.
Premer-ligada Yangi yil arafasida «boksing dey» o`tkaziladi va klublar har ikki-uch kunda o`yin o`tkazishadi. Futbolchilarga dam berilmasligidan esa Xosep Gvardiola, Antonio Konte va Joze Mourino kabi taniqli murabbiylar ko`p nolishgan.
Aynan shu tufayli APLda ishtirok etadigan klublar mavsumni juda horg`in holatda yakunlashadi. Kim biladi, deysiz, Angliya termasining Evropa va jahon chempionatlaridagi muvaffaqiyatsizliklariga ham balki shu sabab bo`layotgandir?
Ammo Umid Ahmadjonovni bir masalada mutlaqo nohaq deb bo`lmaydi. Masalan, aksariyat futbolchilarning ta`tildan kunora choyxonada yog`liq palov eb, ortiqcha vazn bilan qaytishini to`g`ri ta`kidlabdi. Ammo bunga ta`til emas, noprofessionallik sabab bo`ladi.
Evropada futbolchilar dam olish vaqti ham sport formasini ushlash uchun mashq qilib turishadi. Bizda esa choyxonaga borishadi. Biroq buning uchun ta`tilni yo`qotish emas, shunchaki, ishni to`g`ri yo`lga qo`yish kerak, xolos. Klubda sog`lom raqobat kuchaytirilsa bo`lgani, semirib, yugurolmay qolgan futbolchi o`z-o`zidan chetga chiqadi.
«DEMBELLIK»
Federasiya rahbarining yana bir masala bo`yicha aytganlariga qo`shilish lozim. Insof yuzasidan ta`kidlab o`tish kerakki, hali hech qachon O`FFdek katta tashkilot prezidenti moliyaviy masalalar, FIFA va OFKdan kelgan pullar qaerga sarflanayotgani, kelishilgan o`yinlar va boshqa muammolar haqida bu qadar ochiq gapirmagandi.
Ayniqsa, «dembellar» masalasiga alohida e`tibor qaratish maqsadga muvofiq. Shu vaqtga qadar bunday muammo borligi haqida mutasaddi tugul, jurnalistlar ham etarlicha gapirishmagandi.
Endi o`z ko`zim bilan ko`rgan bir voqeaga to`xtalsam. Mavzuga juda mos. Bir safar O`zbekiston yoshlar termasini kutib olish uchun aeroportga chiqqanimda guvoh bo`lganman.
Jamoa uchib kelgan samolyotda qaysidir klubning «dembel» futbolchisi ham bor ekan. U o`z ishi bilan xorijga chiqib kelyapti, boshqalar qatori shunchaki yo`lovchi, xolos. Ammo yoshlar termasidagi futbolchilardan biriga bamaylixotir ish buyurib, yuklarini ko`tarishni buyurgan. Iltimos qilmayapti, buyuryapti!
Yosh futbolchi esa aytganlarini quloq qoqmay bajarmoqda. Nima uchun? Chunki ular bir klubda to`p surishadi. Ertaga qaytib borganda «qulog`ining tagida shavla qaynab qolishi» mumkin. Yoki maydonga tushganda hech kim unga to`p uzatmay qo`yar. Qay biri yomonroq?
Tashqaridan qaraganda, juda xunuk ko`ringandi o`sha voqea. Balki kim uchundir arzimasdek tuyular, ammo bu haqida ochiq-oydin gapirgani uchun Umid Ahmadjonovga faqat rahmat aytish kerak.
Shu vaqtga qadar mazkur muammoga hatto murabbiylar ham e`tibor qaratishmagan. Balki ularga klubdagi ichki muhitdan ko`ra, futbolchilarning maoshi va mukofot pulidan oladigan chegirmasi muhimroq ko`ringandir?
FUTBOL KIM UChUN?
Shaxsan o`zimga intervyu davomida aytilgan bir gap juda yoqdi. Umid Ahmadjonov shunday degan: «Bizning futbol - xalq emas, futbolchilar uchun. Haqiqat shunda. Biz qilayotgan barcha ishlar esa ularni uyg`otishga qaratilgan. Avvaliga yaxshilab yugurishsin, xalqqa xizmat qilishsin. Buning uchun esa tizimni o`zgartirish kerak».
Intervyudan so`ng Ahmadjonovga e`tirozlar ko`p bo`lganini aytib o`tdik. Ammo kimdir mana shu gaplarga ham qo`shilmasa, uni bemalol noxolislikda ayblayvering.
Bo`m-bo`sh stadionlar, kelishilgan o`yinlar, totalizator, noxolis hakamlik - bizda futbol xalq emas, murabbiy, futbolchi va hakamlar uchun ekanini isbotlash uchun yana nima kerak?
Klublarning byudjeti deyarli yuz foiz homiylar tomonidan tashkil etiladi. U yog`iga esa turli «o`yinlar» boshlanadi - murabbiy o`z shogirdini jamoaga olib kelishga harakat qiladi, klub boshlig`i esa o`zinikini. Chunki unga beriladigan ko`tarma puli, maosh va mukofot pulidan o`z hissasiga ega bo`lishi kerak.
Boz ustiga, futbolchi ham bunga qarshi emas. Chunki tarkibda o`zidan kuchliroq sanalgan o`yinchilar ko`p ekani va sog`lom raqobatdan o`tolmasligini yaxshi biladi. Shunday ekan, daromadining yarmidan voz kechib, jamoada qolishdan o`zi ham manfaatdor.
Nima uchun bizda klub va o`yinchi o`rtasida faqat bir yillik shartnoma imzolanadi? Chunki kelasi yili yana xuddi shunday «operasiya»ni amalga oshirib, pul ishlab olishga imkon tug`iladi.
BABAYaN
U yog`ini so`rasangiz, mana shu qin-g`irliklar oxir-oqibat O`zbekiston milliy jamoasiga ham ta`sir o`tkazmadimi? Yurtimizda iqtidorli futbolchilar etarlicha topiladi va birgina xolis murabbiy ishlaganda, balki jahon chempionatiga chiqardik ham. Ammo butun boshli mamlakat termasini o`zimizning oliy ligada «toblangan» shaxsga topshirib qo`ydik.
Oqibat nima bo`ldi? Igor Sergeev gol urolmasa ham nima uchun 12ta o`yinda maydonga tushdi? Bu savolga Umid Ahmadjonov shunday javob bergan: «Bosh jamoamiz JChga chiqolmadi.
Samvel Babayan esa Janubiy Koreyaga qarshi kechadigan hal qiluvchi o`yin arafasida Gollandiyadan murabbiy taklif qilyapti. Uchrashuvga 10 kungina qolgan, bu vaqt ichida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini qanday qilib o`zgartirish mumkin? Odamlar qornini yo`qotish uchun yillab harakat qilishadi.
Bu shunchaki maqtanchoqlik, xolos. «Men Gollandiyadan murabbiy taklif qildim». Murabbiy bu bilan xalqni aldadi. Nima uchun shu ishni oldinroq qilmadi? Nega har bir o`yinni, futbolchilarning jismoniy holatini kuzatib bormadi? Nima uchun Babayan har doim Igor Sergeevni maydonga tushirgan?
Yagona maqsad - uni xorijga sotish edi. Bunday murabbiylarning xayolida faqat futbolchilarni sotib, pul ishlash bor, xolos». Umid Ahmadjonovning bu gaplariga qo`shimcha qilish shart bo`lmasa kerak. Hammasini ochiq-oydin aytgani uchun baraka topsin.
YaKUNDA
Umid Ahmadjonov O`FF rahbarligida 3 oydan buyon ishlamoqda. Bu vaqt ichida u boshqargan tashkilot ancha-muncha xatolarga yo`l qo`ydi. Buni faqat federasiyada ishlayotganlargina tan olmasligi mumkin. Boshqalar hammasini ko`rib turibdi. Ammo bir narsada O`FFni aslo ayblay olmaysiz - u darhaqiqat, ishlamoqda.
To`g`ri, xatolarga yo`l qo`yayotgandir, ammo nimanidir yaxshilashga intilmoqda. Siz uchun qay biri ma`qul ekanini esa o`zingiz hal qilishingiz kerak - hammasini silliqqina qoldirib, hech narsaga qo`l urmagan ma`qulmidi yoki 10ta xato evaziga bo`lsa ham bitta yaxshi ish bajarishmi?
Albatta, men O`FFning xatolarini oqlamoqchi emasman, aslo. Ba`zan tashkilotda futbolni tushunadigan odam qolmagandek tuyuladi. Ammo bunisini ma`lum vaqt o`tgandan so`ng bilib olishimiz mumkin.
Mazkur holatda faqat bir narsa muhim - O`FF xatolardan to`g`ri xulosa chiqaradimi? Agar xulosa chiqara olsa, demak hammasi yaxshi bo`ladi. Aks holda...
Bu haqida endi nasib qilsa, bir yildan so`ng gaplashamiz.
Zafar QOSIMOV






