Avval xabar qilinganidek, 6 yanvar kuni Xitoyning Yansz daryosida Eronning "BRIGHT SHIPPING LIMITED" kompaniyasiga tegishli "Sanchi" neft tankeri bilan Gonkongning "CF CRYSTAL" yuk tashuvchi kemasi to`qnashishi oqibatida neft ortilgan tankerda chiqqan yong`inni o`chirish va bedarak yo`qolgan ekipaj a`zolarini qidirish ishlari olib borilayotgan edi.
Bugun 8 yanvar kuni qutqaruvchilar bir nafar dengizchining jasadini topishdi. Qurbon bo`lgan dengizchining shaxsini aniqlash uchun jasad Shanxaydagi shifoxonaga etkazilgan. Bu haqda Eronning ISNA agentligiga tarqatgan ma`lumotga tayanib Reuters xabar bermoqda.
Ayni paytda neft tashuvchi kemada yuzaga kelgan olovni o`chirish va qolgan 30 nafar ekipaj a`zolarini qidirish ishlari davom etmoqda.
Xitoyning SSTV telekanali to`qnashuv oqibatida kelib chiqqan yong`in sabab tanker istalgan vaqtda portlashi va dengiz tubiga g`arq bo`lishi mumkinligini aytmoqda.






