Engilmas professional bokschimiz Shohjahon Ergashev (11 0, KO 11) navbatdagi jangini 2018 yilning 12 yanvar kuni AQShning Nyu-York shahridagi «Turning Stone Casino Resort» arenasida amerikalik Soni Fredriksonga (18 0-0, KO12) qarshi o`tkazadi.
Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan Shohjahon Ergashev o`zining ushbu jangga qanday tayyorgarlik ko`rayotgani haqida O`zA muxbiri bilan suhbatlashdi.
– Amerikalik raqibingiz haqida nima deya olasiz?
– Soni yosh bo`lishiga qaramasdan juda tajribali bokschi. U bugunga qadar 18 jang o`tkazib, ularning o`n ikkitasida muddatidan avval g`alaba qozongan. Uning o`ng qo`l zarbalari biroz kuchli.
– Shohjahon ushbu jangga qanday tayyorgarlik ko`rmoqdasiz?
– Janglarga Nyu-York shahrida tayyorlanaman. 12 yanvar kuni bo`lib o`tadigan bahsga doimgidek texnik va taktik, tezkorlikni oshiruvchi mashqlarni bajarmoqdaman. Nafaqat boksda, balki sportning barcha turlarida sportchining jismoniy holati yaxshi bo`lishi kerak. Buning uchun esa tinimsiz mehnat, g`alabaga bo`lgan intilish juda muhimdir. Men bo`lajak jangga tayyorman!
– Faoliyatingiz davomida 11 jangni nokaut bilan yutgansiz. Bu yuksak g`alabalarini qo`lga kiritishingizga nima dalda bo`ladi?
– Avvalo g`alabaga bo`lgan ishtiyoqim va boya aytganimdek tinimsiz mehnat. Shuningdek, onamning va boshqa yaqinlarim, xalqimizning ishonchi va ularning duolari menga dalda bo`ladi. Har bir jangdan oldin O`zbekistonimiz sharafini yanada yuksaltirishni o`z oldimga maqsad etib qo`yaman.
– Kelgusidagi rejalaringiz?
– Eng katta maqsadim professional boksning yarim engil vazn toifasida chempion bo`lish. Shuningdek, barcha sportchilarimizning yuksak g`alabalarga erishishini xohlayman.






