O`zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan yosh kichraytirishlar va hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog`liq holatlar bo`yicha 5 nafar futbolchi bir umrga futboldan chetlatildi. Bu haqda O`FF rasmiy sayti ma`lum qiladi.
Jumladan, 2008 yil U-16 va 2011 yil U-19 Osiyo chempionatlarida O`zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashgan Abdumutal Abdullaev o`z tug`ilgan sanasini 19 sentyabr 1992 yil sifatida ko`rsatgan. Aslida esa bu futbolchining ismi-sharifi tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi bo`yicha Nodir Teshabaev bo`lib, 1989 yil 4 oktyabr kuni tug`ilgan. Ayni paytda bu futbolchi hech qaysi jamoa tarkibida to`p surmayapti.
2010 yil Toshkentda o`tgan U-16 Osiyo chempionatida O`zbekiston terma jamoasi tarkibida to`p surgan Muhammadjon Abdullaev o`z tug`ilgan yilini 1994 yil sifatida ko`rsatgan. Bu futbolchining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasida tavallud kuni sifatida 23 noyabr 1991 yil ko`rsatilgan. Muhammadjon Abdullaev 2013 yili o`z ismini Rasuljon Abdullaevga o`zgartirib, Birinchi ligadagi “Xotira-79” jamoasida to`p surib kelgan.
2012 yil U-16 Osiyo chempionatida hamda 2013 yil BAAda o`tgan U-17 JChda O`zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashgan Ulug`bek Davlyatov tug`ilgan yilini 1996 yil sifatida ko`rsatgan. Aslida esa tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi bo`yicha uning ismi Nuriddin Hasanov bo`lib, 1994 yil 20 iyul kuni tavallud topgan. Bu futbolchi shu paytga qadar “Surxon” jamoasida to`p surib kelgan.
2012 yil U-16 Osiyo chempionatida O`zbekiston terma jamoasi tarkibida to`p surgan Zokir Ahmadaliev o`z tug`ilgan yilini 1996 yil sifatida ko`rsatgan. Aslida esa tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi bo`yicha bu futbolchining ismi Dilshod Ahmadaliev bo`lib, 1994 yil 2 noyabr kuni tavallud topgan. Bu futbolchi “Bunyodkor” jamoasida to`p surib kelgan.
Hasanov Burhon “Buxoro” klubi yoshlar jamoasi futbolchisi. 2000 yil tug`ilgan deb ko`rsatilgan. Aslida esa 1998 yil tavallud topgan.
"O`zbekiston futbol federasiyasi doimiy ravishda futboldagi g`irromliklar, yosh kichraytirishlar va hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog`liq holatlarga qarshi kurash olib boradi. O`zbek futbolidagi har bir futbolchini shaxsan o`zim tekshiraman. Agar qonunbuzarliklar aniqlansa, qat`iy ravishda jazolanadi. G`irrom futbol bizga kerakmas", – ta`kidlaydi O`FF prezidenti.
"O`z yoshini kichraytirib, chet elda to`p surib yurgan futbolchilar haqida ham menda barcha ma`lumot bor. Tez orada ular haqida ham batafsil ma`lumotlar e`lon qilinadi va tegishli choralar ko`riladi.
Shuningdek, futbolchilarni chet davlatlarga sotish bo`yicha qoidabuzarlikka yo`l qo`ygan, katta pul ishlash maqsadida, futbolchini g`irromlikka qo`l urishga majbur qilgan futbol agentlari haqida ma`lumotlar to`plangan. Bu ma`lumotlar ham tez orada federasiya rasmiy saytida e`lon qilinadi va ularga tegishli jazolar tayinlanadi", - deydi O`FF prezidenti Umid Ahmadjonov.






