Toshkent shahridan Qozog`istonning Janubiy Qozog`iston oblasti markazi Chimkent shahriga avtobus qatnovi yo`lga qo`yildi. Bugun Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Toshkent" avtovokzalidan "Toshkent – Chimkent – Toshkent" yo`nalishida ilk avtobus yo`lga chiqdi, deya xabar qildi O`zA.
Ma`lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog`istonda bo`lganida ikki tomonlama transport qatnovlari samaradorligini oshirish yuzasidan ham kelishuvga erishilgan edi.
Bugun ana shu kelishuvda ko`zda tutilgan rejalar amalga oshdi. Bu ikki qardosh xalq o`rtasidagi tarixiy do`stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo`lidagi navbatdagi muhim qadamdir. Mazkur avtobus qatnovining yo`lga qo`yilishi ijtimoiy-iqtisodiy va turizm sohasi rivojiga ham xizmat qiladi.






