
Konki, xokkey dastasi, bosh kiyim va boshqa anjomlar “Binokor” xokkey klubi hamda NUMO muz sporti turlarini rivojlantirish markazining havaskor shug`ullanuvchilarga yangi 2018 yil kirib kelishiga sanoqli soatlar qolganida topshirilgan Prezident sovg`asi ro`yxatidan o`rin oldi.
– 2017 qishki sport turli bilan shug`ullanuvchilar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Ular Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qishki sport turlarini rivojlantirish maqsadida NUMO professional sport majmuasi qurilishini boshlanganligini, barcha hududlarda muz saroylari barpo etilishiga qaror qilinganligini hamda 4 taqishki sport turi, jumladan xokkey bo`yicha federasiyalar tashkil qilinishini katta quvonch bilan kutib olishdi. Yosh xokkeychilarga Prezident sovg`asining topshirilishini ham muhim boshlang`ich deyish mumkin. Bularning barchasi bolajonlarni quvontirsa, bizda O`zbekistonda qishki sport turlarining kelajagi porloq ekanligiga ishonch uyg`otadi. Bu ishlarning barchasi bolalar o`rtasida xokkeyni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi. Biz allaqachon o`z farzandlarini aynan mana shu xokkey bilan shug`ullanishga berishga qiziqish bildirayotgan ota-onalar soni ortib borayotganligini sezdik, - deydi O`zbekiston xokkey federasiyasi bosh kotibi Shukrilla Karimov.
– Biz Prezident sovg`asidan behad minnatdormiz, - deydi Platon Vedenenskiyning onasi Karina.– O`g`lim 5 yoshidan buyon xokkey bilan shug`ullanadi. Biroq biz bu mashg`ulotni to`xtatishga majbur bo`layotgandik. Chunki o`g`limning bo`yi o`sdi, yangi kiyim olishga esa mablag` yo`q. Mana shu sovg`a sababli biz yana muzga qaytamiz va sevimli sport bilan shug`ullanishda davom etamiz.
O`tgan yillarda bolalar va o`smirlar xokkeyini rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bu borada alohida e`tibor seksiyalarga bolalar va yoshlarni jalb qilish qaratildi. Shukrilla Karimov so`zlariga ko`ra, qisqa muddatda bir nechta jamoalarni tashkil qilish kerak. Bu ularning o`zaro o`yinlarini tashkil qilish va tajriba orttirishlariga xizmat qiladi. Keyinchalik esa xalqaro musobaqalarda ishtirok etuvchi yoshlar terma jamoasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Ana shunday yo`l bilan yosh xokkeychilar o`sib boraveradi va jamoalar paydo bo`ladi.
Kelajakda mamlakatdagi Olimpiya zaxiralari kollejlari va oliy o`quv yurtlarida ham kadrlar tayyorlash mo`ljallanmoqda. Hozircha esa mutaxassislar ayni paytda havaskor xokkey bilan shug`ullanuvchilar orasidan tayyorlanadi. Lekin bu kim xohlasa murabbiy bo`la oladi degani emas, albatta. Nomzodlar respublikada o`rnatilgan tartibda tayyorgarlik va attestasiyadan o`tishadi. Bu mutaxassislar nafaqat xokkeyni bilishlari, balki mashg`ulotlar hamda tarbiyaviy jarayonlarni ham amalga oshiradiganlar bo`lishi talab qilinadi.
O`zbekiston xokkey federasiyasi faoliyatini takomillashtirishda professional xokkey klubi “Binokor”da o`ynagan va ayni paytda Rossiya, Belorussiya hamda boshqa mamlakatlarda murabbiylik qilayotgan mutaxassislar yaqindan yordam berishadi. Federasiya vakillari ularning ko`plari bilan muzokaralar olib borishdi. O`z navbatida ular ham O`zbekistonda xokkeyni rivojlantirish jarayonlarini qo`llab-quvvatlashga tayyorliklarini bildirishgan. Hamkorlikda nafaqat murabbiy va hakamlar tayyorlanadi, balki tarbiyalanuvchilarning xorijda o`quv-mashg`ulot yig`inlari ham tashkil qilinadi.
Hozircha jamoalar shakllantirilmoqda. Mavjud jamoalar o`rtasida turli musobaqalar o`tkaziladi. 2020 yilga borib esa 7-16 yoshgacha bo`lgan 5 yosh yo`nalishidagi jamoalar o`rtasida O`zbekiston chempionati o`tkazilishi rejalashtirilmoqda. 2022 yilga borib esa yoshlar jamoalari o`rtasida shunday musobaqalarga start beriladi. Federasiya rejasiga jamoalarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlarini tashkil qilish kiritilgan.






