AsosiyDunyo

OLMAOTALIK OLTINChI SINF O`QUVChISI PARRANDA FABRIKASI OChDI

'OLMAOTALIK OLTINChI SINF O`QUVChISI PARRANDA FABRIKASI OChDI'ning rasmi

Hammasi kvadrosikl olish orzusidan boshlangan. Bor yo`g`i to`rt oy ichida ajoyib muvaffaqiyatga erishgan o`smir biznesini yanada rivojlantirish niyatida.

Miras (ismi tah.) har kuni ertalab fabrikasiga kirishni odatga aylantirdi. Jo`jalarning suvi bilan emini bergandan keyingina darsiga yo`l oladi. Qo`ldan yasalgan katakda 200 jo`ja bor. Broyler jo`jalariga go`sht bozorida talab katta. Ayni paytda jo`jalarning dastlabki partiyasini sotib ulgurgan o`quvchi ikkinchi partiyani ikki oydan so`ng sotishni rejalashtirmoqda, deb yozadi O`zA.

"Maktabga ketib, soat beshda kelaman. Shundan so`ng em-suvini yana yangidan beraman. Emiga vitaminlar aralashtiraman", – deydi 6-sinf o`quvchisi Miras Kosherboev.

Jo`ja boqish fikriga kelishi ham juda qiziq bo`lgan.

"Kvadrosiklim bo`lsa edi" deb orzu qilgan Mirasga buvisi "pulni o`zing yig`, uning uchun bironta ish och" deb maslahat beradi. Shu tariqa, sentyabr oyida o`quvchi 100 ta jo`ja sotib oladi. Hovlisida kichikroq katak qurib, otasi va buvisining yordami bilan o`z ishini boshlaydi.

"Ikkalamiz borib sotib oldik. Men faqat maslahat berdim. Hamma ishni nevaramning o`zi qildi. Birinchi partiya qavm-qarindosh, do`st-yorondan ortmay qoldi. Mirasning qiziqishi shundan keyin yanada ortdi. Hozir xarajatning hammasi o`z qo`lida. Chiqim-kirim xarajatlarini o`zi hisoblab, harakat qilib yuribdi", - deydi Mirasning buvisi Bibinur Kosherboeva.

Tadbirkorlar palatasining vakillari yoshlarning biznesga qiziqishi ortib borayotganini ta`kidlamoqda.

"18 yoshga to`lmagan yoshlar biznes bilan shug`ullanmoqchi bo`lsa, ota-onasidan ruxsat olishi zarur. Yoshlar uchun maxsus maktab bor. U erda 18 yoshdan 29 yoshga qadar qabul qilinadi. Lekin 18 yoshgacha bo`lganlarni ham qabul qilishimiz mumkin. 12 yoshdagi bola ota-onasining nomidan ochish kerak yoki 14 yoshga to`lgandan keyin xususiy tadbirkor sifatida ro`yxatga olinishi mumkin", - deydi Olmata shahri tadbirkorlar palatasining biznes treneri Malik Musabekov.

Miras faoliyatini kengaytirib, g`oz, o`rdak, kurka parvarishlashni ham rejalashtirmoqda. Qishloq-xo`jaligi mahsulotlari bilan savdo qiladigan xususiy do`kon ochish niyati ham bor.

    Boshqa yangiliklar