3 kundan keyingi o`zingizni bir tasavvur qilib ko`rasizmi? Bir kun oldin «olive» salati uchun qaynatib qo`ygan sabzavotlarni to`g`rash, dasturxon to`lsa ham ko`ngil to`lmay birrov bozorga borib kelish, bayramni chiroyli ko`rinishda kutib olishim kerak deb, amal-taqal qilib pardoz qilish, mehmon kutish... Xullas, sizga kuch-quvvat tilaymiz! Ammo hammasi boshqacha bo`lishi ham mumkin-ku! Keling, harakat qilib ko`ramiz. Buning uchun mazkur testni ishlab ko`rishni tavsiya etardik.
1. Yangi yil bayrami kuni tilingizda tushmaydigan so`z qaysi?
A. «Tartibli bo`lib o`tirsangiz, uzoq o`rmonlardan Qorbobo sizlarga sovg`alar olib keladi».
B. «Xudoga shukr, hammamiz sog`-salomatlikda bir joyga yig`ilayapmiz».
V. «Uf, hali oldinda qancha ish bor qilishga, soat millari 00:00 ga bong urguncha ulgura olarmikanman?»
2. Bayram kuni kutilmagan hazil uyushtirishlariga qanday munosabat bildirasiz?
A. «Men ochiqko`ngillikka yo`g`rilgan hazillarni yaxshi ko`raman! Bu bayram kunining yanada qiziq o`tishini ta`minlaydi».
B. «Munosabatim yaxshi, ayniqsa, boshqalarni hazillashib chuv tushirishni qoyillataman».
V. «Bog`cha bolalarimizmi biz, quvlashmochoq kabi o`yinlar o`ynaydigan?!»
3. Yangi yil kayfiyati qachon sizni qamrab ola boshlaydi?
A. «Archa uchun yangi o`yinchoqlar va bezaklar sotib olib, uyni bezatishni boshlashim bilan».
B. «Savdo markazlari ertaknoma ko`rinish olishi bayram kayfiyatini uyg`otada menda».
V. «Albatta, televizorda mashhur «Taqdir hazili yoxud qushday engil bo`ling»ning anonsi namoyish etilishi ta`sir etadi».
4. Sovg`a ulashishni yoqtirasizmi?
A. «Juda hammas, tanlash, kimga nima yoqarkan deb o`ylash bilan o`zimni burchakda turgan boladek his qilaman».
B. «Bu haqda o`ylash ham, sovg`a xarid qilish ham, keyin uni mehr bilan taqdim etish ham juda yoqimli!»
V. «Yaqinlarim uchun mening borligimning o`zi eng katta tuhfa!»
5. Bozorda sizga paqildoq, salyut kabi narsalarni sotib olishni taklif qilishsa...
A. «Ularsiz bayram bayramdek o`tadimi?»
B. «Bayramni xavfsirab o`tkazishni istamayman, bunday narsalarga umuman hushim yo`q».
V. «Archa, bayramona musiqa kabilardan zavq olish ming marta o`sha paqildoqlardan afzal».
6. Sizni Yangi yil oqshomiga taklif qilishdi. Faqat unga bayramga mos kostyumda borishingiz kerak. Ya`ni chiroyli, yaltiroq liboslarda emas, masalan, biror ertak qahramoni ko`rinishida. Xo`sh, nima qilasiz?
A. «O`ylab ko`raman, oqshom libosida borsam, g`alati ko`rinsam kerak-a?»
B. «Taklifni rad qilaman, unaqa kostyum topish ortiqcha boshog`riq».
V. «Voy, zo`r taklif-ku! Bunday ko`ngilochar kechani rad qilib bo`ladimi? Albatta, o`zim yoqtirgan ertak qahramonining obrazida boraman».
7. Soat millar roppa-rosa 00:00 ga bong urganida qilingan tilaklar, orzular amalga oshishiga ishonasizmi?
A. «Shunday bo`lishidan umid qilaman».
B. «Ortig`i bilan amalga oshishiga ishonaman!»
V. «Ey, bu bir ertakdek gap-da».
8. Yangi yil kuni Qorbobo yoki Qorqiz bo`lishga rozimisiz?
A. «Ha, deyarli har yili bayramda Qorbobo/Qorqizga aylanaman».
B. «Aslo, bu obrazlar menga umuman yarashmaydi».
V. «Soat tungi o`n ikkidan keyin bo`lishim mumkin, to ungacha ishim, mehmondorchiliklarim bor».
9. Va nihoyat, Yangi 2018 yil kirib keldi, oila davrasida kutib oldingiz, sovg`alarni ulashdingiz, endi nima qilasiz?
A. «Bu daqiqalar mo``jizaviy onlar, ko`chaga chiqib odatda osmonni tomosha qilaman».
B. «Ota-onam, yaqinlarim, do`stlarimga qo`ng`iroq qilib, yil omadli kelishini tilab, ularni tabriklayman va televizorda bayramona dasturlarni ko`raman».
V. «Odatda, mahallamizda hamma ko`chaga chiqib, olov yoqib, atrofida raqsga tusha boshlaymiz, Shinavandalar qo`shiq ham kuylashadi. Xullas, bu yog`i o`yin-kulgu!»
10. Bu yil bayramni qanday davrada kutib olishni rejalashtirayapsiz?
A. «Do`stlarim bilan birga kutib olishni rejalashtirganmiz».
B. «Har doimgidek uyda, oilaviy nishonlaymiz!»
V. «To`g`risini aytsam, qiziqarli taklif kutayapman...»
Ballarni hisoblaymiz!
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 | 9 | 10 | |
| a | 1 | 2 | 2 | 3 | 2 | 1 | 2 | 2 | 2 | 1 |
| b | 2 | 1 | 1 | 2 | 3 | 3 | 1 | 3 | 3 | 2 |
| v | 3 | 3 | 3 | 1 | 1 | 2 | 3 | 1 | 1 | 3 |

Natijalar
«Oshxonada emas, o`yin-kulguda o`tkazing»
11–17 ball. Yangi yil oqshomini bolalikka qaytish imkoningiz bor! Sizda aynan bolalardek zavqlanish tuyg`usiga ehtiyoj sezilayapti. Qolaversa, shu kun barcha qarindosh-urug`ingizning bir joyga yig`ilishiga imkon beradi. Unutmang, bu bayram bir katta marofonga o`xshaydi, shu sabab bor kuchingizni tayyorgarlik ko`rishga sarflab, o`ynab-kuladigan, diydorlashadigan dam kelganda, uyqusirab o`tirmang. Oshxonadan chiqmay pishir-kuydir qilish shartmas, harakatni sal vaqtliroqdan boshlab, me`yorni bilsangiz, charchab qolmaysiz. Oqibatda bayramni ko`tarinki kayfiyatda kutib olasiz. Chunki charchoq bayram quvonchini to`la his etishingizga xalaqit qiladi.
Ertaklar olamiga sayyohat
18–23 ball. Yangi yilning boshqa bayramlardan farqi nimada? Uning ertaknomaligida! Shunday ekan, bu bayramni boshqacha o`tkazish kerak. Balkim Qorbobo bo`lib, barchani xushnud etarsiz? Ertaklarga monand bayram tashkillashtirib, yaqinlaringizni lol qoldirsangiz, ular yil davomida buni eslab yurishadi. Faqat hammasini samimiyat bilan qiling! Hazil-huzullarni ham unutmang. Dangasalik va «Menga qizig`i yo`q» kabi beparvolik kayfiyatini bir chetga surib, tasavvur olamingizni ishga solib, badiiy bir kecha tashkil qilsangiz, ishonavering, yil davomida ko`tarinki ruhda yurasiz!
Hammasi boshqacha bo`lsin!
24–30 ball. Yangi yil oqshomini bu yil boshqacha tarzda o`tkazmasangiz bo`lmaydi. Bayramni avvalo his qiling! Keling, hammasini uyingizdan boshlaymiz! Yorqin rangdagi bezaklar bilan uni bezating. Eski bezaklardan voz kechsangiz bo`laveradi. Axir o`zingiz ham Yangi yil unutilmas onlarga boy bo`lishini va kutilmagan syurprizlari bilan sizni lol qoldirishini kutayapsiz-ku! Shunday ekan, ishlaringizni to`g`ri tashkillashtiring va istaklaringizga quloq tuting. Qani, bir o`ylab ko`ring-chi, bayram oqshomini qanday o`tishini qanday istayapsiz? Endi shu istaklaringizga mos bir ssenariy tuzib chiqing!
Shoira VAFOEVA tayyorladi.






