Filmning tag zamini — ssenariyning professional darajada yozilgani bo`lg`usi kinoasarning muvaffaqiyatini ta`minlashini bahor kinomavsumining ilk premerasi - “Ko`rgim keladi” psixologik dramasida ko`rish mumkin...
Film voqealarining asta-sekinlik bilan rivojlanib, kulminasiya va echimga olib kelinishi, janr talablarining to`liq amalga oshirilgani tomoshabin e`tiborini tortadi. Ishchi nomi “Ziyoda” bo`lgan bu psixologik dramaning asosida xonanda qizning hayotiy sinovlari, ichki ruhiy kechinmalri aks etadi. Xonandalar hayoti haqida filmlar suratga olingan. Lekin “Ko`rgim keladi” kinokartinasida qo`shiqchilar hayotining psixologik tomoni, ko`proq sahna ortidagi hayotiy dramatik voqeliklar ifoda etilgan.
“O`zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan mazkur filmda professional ijodkorlar jamlangan. Ssenariy muallifi Murod Muhammad Do`st. Voqealar qahramonlarning psixologik portretlari vositasida rivojlanib boradi. Professional aktrisa Dilnoza Kubaeva ana shunday dramatik yukni ko`rsatib berishdek vazifani uddalagan. Filmning barcha komponentlari aynan Ziyoda qahramonini ichki va tashqi dunyosi, holatlari, kechinmalariga qurilgan. Rejissyor Javohir Qosimov, operator Muzaffar Yusupov, bastakor Shuhrat Zokirov, rassom Akmal Saidov Ziyodaning fojeasini ochib berish uchun kamera, rakurs, musiqa, detallar, ob`ekt, liboslardan unumli foydalanishgan. Hatto, tabiat manzaralari ham qahramonning kechinmalariga befarq emasdek. Og`ir kasallikka chalingan qizini davolash ilinjida yurgan Ziyodaning taqdiriga tomoshabin befarq bo`lolmaydi. Aktrisa Dilnoza Kubaeva qahramoni hayotiga singib ketgan. Qo`shiq san`ati — qo`shiq sanoatiga aylanib ketayotgan shou-biznes olamida o`zligini, g`ururini, or-nomusini yo`qotmagan Ziyodaning qalbi kadrda “yig`laydi”. “Yallachi ekansiz”, degan tamg`aga vijdoni, hayotiy prinsipi, insoniyligini qarshi qo`yadi.
“Ko`rgim keladi” psixologik dramasida so`zning ham o`z yuki va o`rni bor. “Onam boshqa ro`zg`or qilmagan”, “Ko`nglimda g`azab uyg`onadi” qabilidagi iboralar qaxramonlar leksikonini ancha boyitgan. Adabiyotchi ssenariynavisning ijodini kinoga uyg`unlashtirishning afzalligi ham shunda. Tesha tegmagan so`z va iboralarning qo`llanilishi filmning yutug`i. Professional aktyorlar ansamblida debyutant Xusan Jo`raevning ishtiroki “Ko`rgim keladi” filmining haqiqiy kashfiyoti bo`ldi. Sof tuyg`ulari, beg`ubor va beg`araz muhabbati bilan yosh aktyor Xusan Jo`raevning qahramoni Kamol yorug`lik va umid olib kirdi.
Tomoshabin sifatida “Ko`rgim keladi” filmidagi O`zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova ijrosidagi Rohila opa, Zuhra Solieva va Tohir Saidov talqinida qo`shni er-xotin obrazlarining kengroq ochib berilishini istagan bo`lardim. Rohila opa hayotning fojeasi mohiyatini, xotinining gardaniga o`tirib olgan xudbin erning oilaviy munosabatlari chuqurroq aks ettirilishini kutgan edim. Balki bu qaxramonlar hayotining mavhumligi mualliflarning fishkasidir, yana bilmadim...
Musoqov imkoniyatlaridan foydalana olmadi(mi)?
Yana bir yosh rejissyor Temur Musoqovning “Bekatdagi odam” filmida psixologik drama va detektiv janri elementlari uyg`unlashib ketgan. Film voqealari real hayotdan olingan xudbin, erkatoy va ma`suliyatsiz yigitning mast holda avtomobilni boshqarishi uchta begunoh insonning hayotdan ko`z yumishiga sabab bo`ladi...
Uchta oilaning boshiga og`ir musibat tushadi... Filmda inson hayotining qadr-qimmati, o`zgalar va yaqinlar oldidagi ma`suliyat kabi tushunchalar ssenariy asosiga singdirilgan. Asosiy urg`u rafiqasi va o`g`il farzandini yo`qotgan yigit, fojeaning sababchisi bo`lgan bebosh o`g`ilning otasi, hamda tergovchi obrazlariga yo`naltirilgan. O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev ijrosidagi ota obrazi ishonarli chiqqan. Oila a`zolaridan judo bo`lgan bosh qahramon yigit roliga esa xayrixoh bo`lish qiyin. Aktyor ichki dardni, yo`qotish hissini nigohi orqali bera olmagan. Aktyor Sirojiddin Vafoevning qahramoniga hamdard bo`la olmadim.
Detektiv janrda har bir detal muhim. Rejissyor ana shu detallarga e`tibor qaratishi kerak edi. Ota jinoyat joyiga qanday kelib qoldi? Fojea tafsilotlarini telefoniga suratga olgan ayolning uyi bekatning orqa tomonida. Rakurs esa oldi plandan olingan. Avtohalokatdagi uchinchi odamning kimligi, ayolining ko`rsatmalarini inobatga olmasligi juda mavhum. To`g`ri, mavhumlik detektiv janrga xos detal. Mavhumlikda o`ziga xos intriga ham bor. Lekin mavhumlik syujet echimida oydinlashishi kerak. “Bekatdagi odam” filmida ayrim savollar javobsiz qolgan. Tergovchining jinoyatda ayblanayotgan shaxsga nisbatan, u qanday bo`lishidan qat`iy nazar, “so`tak” deya haqoratlashi noo`rin. Bir otaning ikkita o`g`li — butunlay boshqa-boshqa dunyo. Biri uchta odamning hayotiga nuqta qo`ydi. Ikkinchisi esa shifokor, bemorlarni hayotga qaytaradi. Ana shu kontrastni yanada kuchaytirish lozim edi. Aktyor Farhod Abdullaevning qahramoni film muqaddimasida bir ko`rindiyu, kadrda boshqa ko`rinmadi. Tomoshabin sifatida uning yana bir bor ko`rinishini kutgan edim. Hayot va o`lim g`oyasi mana shu qahramonlar timsolida yanada kuchaygan bo`lardi.
“Ko`rgim keladi” filmining xotimasida xonanda Sevara Nazarxonning “Ko`rgim kelar sizni negadir” qo`shig`i yangraydi. Film qaxramonlarining hayoti va taqdiriga tomoshabinlar hamdard bo`lishini istardik. Toki, bu qahramonlarni qayta va qayta ko`rgimiz kelaversin. Mavhumlik esa mantiqan syujet foydasiga ishlasin.
Nayzagul





