Bahoriy va bayramona kayfiyatdan ilhomlangan xonanda Anvar Sobirov “Ayyoming muborak elim” deb nomlangan yakkaxon konsert dasturini muxlislariga taqdim etishga bel bog`ladi.
26-27-28 mart kunlari bo`lib o`tishi kutilayotgan konsert dasturiga tayyorgarlik jarayonlari qizg`in. Shu bois, ham sahifamiz mehmonining bo`sh vaqtini topib, suhbatga chorlash oson bo`lmadi.
— Konsertga tayyorgarlik ishlari qanday ketyapti?
— Konsertimizga bu yil ancha jiddiyroq tayyorgarlik ko`ryapmiz. Aniqrog`i, milliylikni sog`ingan muxlislarimiz uchun ushbu konsertimizajoyib sovg`a bo`lsa ajabmas. Tan olish kerak, har bir vohaning o`z muxlislari bo`ladi. Bizning konsertimizga esa Xorazm qo`shiqlarini maroq bilan tinglab, raqsga tushaman, deya niyat bilan kelishadi.Konsertimiz dekorasiyasida Xiva shahrini gavdalantirganmiz. Dasutarda yigirmadan ortiq ashula aytadigan bo`lsak, to`qson besh foizi tesha tegmagan mavzularda, mahzun, sho`x, farg`onacha, surxoncha, xorazmcha qo`shiqlar ham bor. Eski qo`shiqlarimizni esa zaxirada olib qo`yib, talabga qarab kuylaymiz (jilmayadi).
— San`atkorlar konsert berishdan avval yangi qo`shiqlarini reklama qilishni odat qilishgan. Lekin siz unday qilmadingiz, shunday ekan konsertingiz omadli bo`lishiga ishonasizmi?
— To`g`ri, qo`shiqlarni reklama qilish orqali muxlislarni jalb etsam ham bo`lar edi. Aytish joiz, har bir san`atkorningo`z rejasi bor. Qo`shiqlarimizni konsertdan avval reklama qilsak, konsert kuni yana o`sha eski qo`shiqlarni kuylagandek bo`lamiz. O`zimga etarli muxlislarim bor, shunday ekan qo`shiqlarimni“piar” qilishga hojat yo`q deb o`ylayman.Necha yildan beri konsert o`tkazib kelayotgan bo`lak, bironta muxlisimiz zaldan norozi bo`lib chiqib ketmagan. Men yaratgan qo`shiqlarimga va muxlislarimga ishonib konsert beryapman.
— Anvar Sobirov qachon fonogrammadan voz kechadi?
— Ochig`i, bugun jonli ijroda kuylamayotgan xonandalar qo`shiq ayta olmaydigan san`atkorlar sirasiga kiritilyapti. Bu noto`g`ri!Qolaversa, jonli ijroning xarajatlari fonogrammadan bir oz farq qiladi... Jonli ijroda bemalol qo`shiq ayta olaman, ammo hozircha bunga moddiy tomonlama tayyor emasman.
— Konsertga Xorazmdan raqs dastalarini taklif etibsiz, vaholanki, poytaxtda ham maromiga etkazib ijro etadigan raqqosalar kam emas...
- To`g`ri, poytaxtda ham yaxshi raqqoslar bor, lekin Xorazm raqsini baribir haqiqiy xorazmlik raqqosalar qiyomiga etkazib ijro etib beradi.
— Bir to`y xizmatida muxlisingizni kamsitib, “Ko`rinishingiz bir ahvolda, siz bilan suratga tushmayman”, deya jerkib bergan ekansiz. Shu rostmi?
— Birinchidan, bu bo`lmagan gap. Chunki shu paytgacha hech kimni qo`pol gap bilan dilini og`ritmaganman. Keyin nega muxlislar faqat san`atkorlarni ayblayveradi? Mening jahlimni chiqaradigan tomoni, ba`zi paytlarda xizmat yoki konsertda aynan qo`shiq kuylab turgan paytimizda kelib suratga tushmoqchi bo`lishadi. Bilasiz, qo`shiqning avj qismlari ichingizdan kuch yig`ib kuylanadi. Ayrim muxlislar aynan ana shu avji kuylanayotgan paytda kelib, suratga tushmoqchi bo`lishadi. Tag`in mana bu erda ko`zingiz yumilib qoldi, qaytadan tushamiz, deb turib olishadi. Butun davra sizning qo`shig`ingizni tinglashga shay tursa-yu, siz suratga tushib yuraversangiz... Bizni hurmat qilib esdalik uchun suratga tushmoqchi bo`lishganidan xursandmiz, lekin suratga tushish uchun qulay paytni kutish kerak.
San`atdan tashqari
- Oilangiz haqida nega gapirmaysiz?
- Gapiramanu, lekin batafsil gapirishni istamayman!
- Turmush o`rtog`ingiz muxlislaringizdan rashk qilib turadimi?
- Rashk qilsa kerak. Lekin san`atimni to`g`ri tushunadi.
- Farzandlaringiz orasida sizning kasbingizni tanlamoqchi bo`lgani bormi?
- O`sayotgan navdani qaerga bursangiz, shu erga qarab shox tashlaganidek, farzand tarbiyasi ham xuddi shunday! Agar Alloh yuqtirgan bo`lsa, balki san`atkor bo`lar...
- O`zingizni yaxshi oila boshlig`iman deb hisoblaysizmi?
- Oilada qattiqqo`lman, lekin farzandlarimni urmayman. Bolani urmasdan, yaxshi gap bilan ham yo`lga solsa bo`ladi. Masalan, men uyga kirib kelishim bilan farzandlarim shovqin solib o`tirgan bo`lishsada, birdan tinchib qolishadi. Erkak kishi o`zining hurmati, salobati bilan qattiqqo`l bo`lishi kerak, deb o`ylayman.
Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi





