AsosiyShou-biznes

Muhammadsoli Yusupov: “Gap qaerda emas, qanday ishlashda!”

Shunday san`atkorlar borki, minglab rollari bilan tomshabinlar qalbidan joy ololmagan va aksincha, birgina roli bilan qalblarning tub-tubiga o`rnashgan. O`zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupovni ikkinchi toifadagi ijodkorlar qatoriga kiritish mumkin. “Temir xotin” spektaklini ko`rmagan, undagi bosh qahramonning jaydari, beg`araz hazillariga kulmagan o`zbek tomoshabini kamdan kam topiladi. To`g`ri, aktyorning bosh rollari haqida gap ketganda barmoqlarimiz soni kifoyadir, biroq epizodik rollar bilan ham mashhurlikka erishish mumkinligini u o`z ijodida isbotladi. Demak, bugun O`zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupovning umr bekatlariga to`xtalamiz...

1-bekat: O`qituvchilar xonasidagi miniatyura

1955 yil 1 yanvar Farg`ona viloyatining Toshloq tumanida tug`ilganman. Ota-onam o`sha paytda Marg`ilon ipak kombinatida ishlashgan. Oilada to`ng`ichi men edim. Mendan keyin ikki ukam va uch singlim bo`lgan. Rosti, bolaligimda san`atkor bo`laman deb hech o`ylamagandim. Ammo oynai jahon orqali efirga beriladigan barcha teleminiatyuralarni, “Shum bola” kabi spektakllarni tomosha qilishni hech kanda qilmasdim. Shuning uchun ham mening birinchi ustozim bu — televidinie! Efirga berilayotgan hazillarni maroq bilan eshitib, mazza qilardim.

Esimda, sinfdoshim Nabijon Sobirov bilan doim teleminiatyurada berilgan hazilni yodlab, har kuni o`qituvchilar xonasida o`ynab berardik. Men — Ergash Karimov, do`stim Nabijon esa Hasan Yo`ldoshev rolida bo`lardi. Bizning qobiliyatimizni ko`rgan o`qituvchilarimiz “Senlar albatta artist bo`lasan!” deb ko`p takrorlashardi. Ular aytgandek, men san`at sohasini tanladim. Do`stim esa jurnalist bo`lib ishlamoqda.

2-bekat: Ko`chgan tosh va ilk maosh

Bolaligim haqida gap ketganda bir voqeani ko`p eslayman. 15-16 yoshlarda edim. Yoz. Dadam “Ta`tilda bekor yurmagin” deb meni tog`amga qo`shib  Chotqoldagi qurilishga yubordi. U erda katta-katta toshlardan  do`kon, mol-qo`ylar uchun turli qo`rg`onlar qurardik. Men bilan birga ishlayotgan do`stim ham bor edi. Bir kuni tog` tepasida turgan toshni olib tushamiz, deb do`stim bilan juda noqulay va vahimali vaziyatni boshdan o`tkazganmiz. Uzoqdan o`rta hajmda ko`ringan tosh yoniga borganimizdan keyin juda bahaybat ekanini ko`rdik. Ammo uzoq balandlikka chiqqandan keyin quruq qo`l bilan qaytish yo`q. O`zimizcha, kuchimizga ishonib uni pastga irg`itib, olib tushamiz deb o`ylagandik. Ammo og`ir tosh bizning boshqarishimizga ko`narmidi? Joyida siljishi bilan pastga katta tezlikda tusha boshladi. O`zi bilan esa yo`lida uchragan boshqa toshlarni ham etaklagani esimda. Tasavvur qiling, tog` pastida quruvchilar ish bilan band. Toshni katta tezlikda kelayotganini ko`rib, hamma har yoqqa qochgan, hatto mol-qo`ylar ham yugurib qolishgandi. Yaxshiyamki, tosh pastga tushguncha maydalanib ketgan. Bo`lmasa, oqibati nima bo`lishini hech kim bilmasdi. Barcha voqealarni tepadan kuzatib turgan biz aybdorlar esa kattalardan qo`rqib, kech bo`lguncha yashirinib yurganmiz. Ishonasizmi, hatto ayrim ishchilar biz bolalarni o`ylamay qilgan ishimiz uchun do`pposlamoqchi ham bo`lishgan. Baxtimizga yoshi katta bir amaki bizga nasihat qilgan va o`sha kishi sabab kaltakdan ham omon qolganmiz. O`sha erda olgan ilk maoshimga maktab uchun narsalar xarid qilganman.

3-bekat: “Yiqilmaydigan institut”, paxta dalasi, talabalik

Bolaligimda shifokor bo`lishini juda istaganman. Samarqand, Andijon tibbiyot institutlariga hujjat topshirib, o`ta olmaganman. Shunda otam “ikkita urinishing ham befoyda ketdi. Kel, seni yaxshisi, “yiqilmaydigan  intstitut”ga olib boraman”, deb o`zi faoliyat yuritadigan Marg`ilon ipak kombinatiga ishga joylashtirganlar. Ishlab yurgan paytlarim paxta terimiga olib ketishgan. O`sha paytlarda juda yaxshi eslayman. Kun bo`yi terimdan charchaganimizga qaramay, kechqurun bo`ladigan turli ko`ngilochar tadbirlarni o`tkazishga juda shoshardik. Negadir hamma men aytadigan latifalar, qo`shiq va raqsga intiq edi. Shunday kunlarning birida hamkasblarimdan bittasi Toshkentda Teatr va rassomchilik institutida tayyorlov bo`limi ochilgani haqida aytib, albatta shu erga borishim kerakligini ta`kidladi. Shunday qilib yonimdagilarning kuchli qistovi bilan payta terimini tashlab, Toshkentga otlanganman.

To`g`ri, boshida ota-onam biroz qarshi bo`lishgan. Ammo mening astoydil qilayotgan harakatlarimni ko`rib, oq fotiha berishgan. Omadim bor ekan, o`qidim. Bilmadim, shunchalik yaxshi talaba bo`lganmanmi yoki qaysidir jihatim bilan ustozlarim ko`nglidan joy topgan ekanmanmi, meni institutda olib qolishgan. Ammo bu erdagi faoliyatim uzoqqa cho`zilmadi. Harbiy xizmatga ketganman. Qaytgach, esa hozirgi  Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Farg`ona Davlat Musiqali va komedik teatrida drama aktyori sifatida ishimni davom etirganman. U erda 1995 yilgacha aktyor bo`lib ishlaganman.

Ha aytgancha, umrimning yana bir muhim bekati 1993 yil bo`lgan. Aynan shu yili rejissyor bo`lish orzuyimni amalga oshirganman. Ikkinchi mutaxassislik bo`yicha yana insttitutga hujjat  topshirganman. Hechdan ko`ra kech deb 38 yoshimda yana bir bora sirtqi bo`lim talaba bo`ldim. O`qib yurgan kezlari meni Farg`ona teatriga bosh rejissyor lavozimiga ko`tarishgan. 

4-bekat: 17 yoshdagi judolik

Hayotimdagi birinchi judolikni 17 yoshimda o`tkazganman. O`zimdan bir yosh kichikina ukam og`ir xastalik tufayli olamdan ko`z yumgan. Undan ayrilganimdan keyin 5-6 yil davomida o`zimga kelolmay yurganim hali yodimda. Bu men uchun kutilmagan va hayotimdagi eng katta zarba edi. So`ng bobom, buvim ham bu yorug` dunyodan ko`z yumishgan. Hayotimdagi so`nggi yo`qotish esa 2011 yilda yuz berdi  — dadam vafot etdilar. Ota-ona qanchalik qarimasin, kasal bo`lmasin, ulardan bir kun ajrab qolish haqida hech birimiz o`ylamas ekanmiz. Men ham hech dadamdan ayrilaman deb o`ylamasdim. Ming shukrki, bugun ota o`rnida ham onam biz farzandlari yonida. Har bir boshlagan ishlarimizda bizni duo qilib madadkor bo`lyaptilar. Ilohim, umrlari uzun bo`lsin.

5-bekat: “Shaxsiy hayotim haqida gapirish yoqtirmayman!”

1980 yil oila qurganman. Birin-ketin farzandlarimiz tug`ilgan. Shaxsiy hayotim haqida gapirishni unchalik yoqtirmasam ham farzandlarim  to`g`risida ma`lumot berishim mumkin. Beshta farzandim bor. Katta qizim men erisholmagan kasb egasi — shifokor bo`lib ishlaydi. O`g`lim O`zbekiton Davlat Konservatoriyasini bitirgan, Muqimiy nomidagi musiqali teatrda bastakor. Bir qancha spektakllarda ishladi. Undan keyingi o`g`lim ham Farg`onadagi madaniyat uyida faoliyat yuritadi, qo`shiq ham kuylab turadi. Kenja o`g`lim hozirda oliygohga hujjat topshirish bilan ovora. Eng kichkintoy erka qizim esa San`at kolleji talabasi. San`at jurnalistikasiga  qiziqishi katta. Bir so`z bilan aytganda, deyarli barcha farzandim kasbimni qaysidir ma`noda davomchilari. Nabiralarimga kelsak ular soni ettita. Kattasi 5-sinf. Havas qilgulik ota va boboman.

Mavzuga oid fikrlari...

  • Teatr allomalaridan biri Stanislavskiy aytganidek, “Rolning katta kichigi bo`lmaydi, aktyorning katta kichigi bo`ladi”. Aytmoqchi bo`lganim aktyorga berilgan rol uning hajmiga qarab tanlanmaydi. Rol xoh katta yo kichkina bo`lsin, aktyor bor jonu mehrini bersa, u ko`ngildagidek chiqib, tomoshabin mehrini qozonadi.
  • Ijodiy faoliyatim davomida bir necha bor Toshkentda ijod qilish taklifni bildirishgan, rad etganman. Sababi, menga shuncha imkoniyatlar yaratgan, barcha yutuqlarimning asosiy sababchisi Farg`ona teatrini tashlab ketishga haddim sig`maydi. Shunga qaramay Toshkentlik hamkasblarim bilan munosabatlarim juda yaxshi. O`zbekfilm va teatrlar bilan hamkorlikni juda yaxshi yo`lga qo`yganman. Tez kunlarda O`zbek Milliy Akademik Drama teatrida ijro etgan rolimni ham tomosha qilishingiz mumkin. Gap qaerda ishlashda emas, ishni qay darajada bajarib berishda, deb bilaman.

“Darakchi” ma`lumotnomasi:

  • 1989-yil O`rta Osiyo va Qozog`iston teatrlari festivalida eng yaxshi erkak roli uchun taqdirlangan.
  • 1990-yil O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artisti va “Temir xotin” filmida ijro etgan roli uchun Davlat mukofotini qo`lga kiritgan.
  • 1992-yil O`rta Osiyo va Qozoqiston teatrlari festivalida eng yaxshi erkak roli uchun taqdirlangan.
  • 1999-yil O`zbekiston xalq artisti unvoniga ega bo`lgan.
  • 2013 yil “E`tirof” milliy mukofotida Yilning eng yaxshi aktyori deb tan olingan.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar