5 mart kuni Turkiya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Namik Gyuner Erpul elchixona binosida matbuot anjumani o`tkazdi. O`tgan hafta elchi O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga ishonch yorliqlarini taqdim etib, mamlakatimizda o`z faoliyatini boshladi.
Jurnalistlar bilan uchrashuv chog`ida elchi Turkiya-O`zbekiston aloqalari va kelgusida amalga oshirishi ko`zda tutilgan ishlar to`g`risida ma`lumot berdi.
Elchining ta`kidlashicha, O`zbekiston mustaqilligini 1991 yil 16 dekabr kuni birinchilardan bo`lib Turkiya tan olgan va diplomatik aloqala 1992 yil 4 mart kuni o`rnatilgan.
Elchixona binosi 1992 yilda o`sha paytning Prezidenti marhum Turgut O`zalning O`zbekistonga amalga oshirgan tashrifi chog`ida Prezident Islom Karimov tomonidan Turkiyaga elchixona binosi sifatida berilgan edi.
Aloqalarimizning huquqiy asosini tashkil etish uchun O`zbekiston bilan bugunga qadar 100 dan ortiq shartnoma va bitim imzolangan. Bulardan eng muhimi 1996 yil 8 may kuni imzolangan va Turkiya Parlamenti tomonidan 1996 yil 15 may kuni ratifikasiya qilingan “Abadiy do`stlik va hamkorlik shartnomasi”dir.
Janob elchi ilk bosqichda O`zbekiston bilan o`zaro yuqori darajadagi tashriflar sonini orttirish va bu tashriflarda har ikki tomonning ham manfaati uchun xizmat qiladigan, aloqalarning mustahkam asoslarda kelajagini ta`minlaydigan aniq hamkorlik sohalarini belgilab olish aloqalar munosib darajaga olib chiqilishida muhim bir mezon bo`lishiga ishonch bildirdi.
Siyosatdan iqtisodiyotga, san`atdan sportga, madaniyatdan fuqaro jamiyati loyihalariga qadar keng ko`lamda O`zbekiston bilan dialog kanallarini ko`paytirib, ikki davlat va ikki xalq o`rtasidagi aloqalarni jonlantirish maqsad qilindi.
Bu ikki davlat o`rtasidagi savdo hajmi 2013 yilda oldingi yilga nisbatan taxminan 8 foizlik yuksalish bilan 1 milliard 250 million dollarga etgan.
Hozirgi kunda O`zbekistonda 450 nafarga yaqin turk sarmoyali kompaniya va firma mavjud bo`lib, bu firma va kompaniyalar engil sanoat, qurilish va qurilish materiallari, oziq-ovqat, mehmonxona xo`jaligi, plastik mahsulotlari, farmasevtika va xizmat ko`rsatish sohalarida faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Jami qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo`lgan ushbu investisiyalarning O`zbekiston iqtisodiyotiga yiliga 300 million dollarga yaqin mahsulot eksporti va 50 ming kishilik ish o`rinlari yaratganligi bilan hissa qo`shgani taxmin qilinmoqda.
Turkiyaning qurilish kompaniyalari O`zbekistonda 1991-2013 yilllari orasida taxminan 2 milliard dollarlik pudratchilik ishlarini bajardilar. Aeroportlar, mehmonxonalar va muhim davlat ob`ektlari inshootining bir qismi firmalarimiz tomonidan amalga oshirildi.
Biroq ushbu raqamlar haqiqiy imkoniyatlarni aks ettirmagani bir haqiqatdir. O`zbekiston bilan iqtisodiy va savdo aloqalari yanada ko`p vaqt yo`qotmasdan munosib nuqtaga ko`tarilishi lozim, deya ta`kidladi elchi. Bu borada maqsadlar belgilab olish uchun ikki davlat o`rtasida Qo`shma iqtisodiy komissiya yig`ilishini o`tkazish, shuningdek, ikki davlat biznes dunyosining bir-biri bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishlari uchun o`zaro tashriflar, biznes forumlar va yarmarkalar o`tkazish rejalashtirilgan.
Turizm sohasida qurilish va mexmonxona xo`jaligi sohalarida turk investisiyalari uchun katta imkoniyatlar mavjud. Jahon miqyosida muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirgan turk firmalari qo`yadigan sarmoyalar O`zbekiston iqtisodiyotiga katta hissa qo`shishi aniq.
Shuningdek o`z nutqida elchi O`zbekiston bilan iqtisodiy va savdo aloqalarni qisqa vaqt ichida munosib darajalarga etkazish uchun turk tomoni sifatida barcha ishlarni bajarishga tayyor ekanligini aytib o`tdi.





