Feysbukda tashkil etilgan Iste`molchi.uz (Potrebitel.uz) O`zbekiston iste`molchilari noformal tashkiloti sahifasi foydalanuvchilardan birining arizasi Sog`liqni saqlash vazirligining e`tiboriga tushdi.
Ushbu sahifa foydalanuvchilaridan biri kecha guruhdoshlaridan yordam so`rab murojaat qilgan. Uning yozishicha, Toshkent shahrining Sputnik-1 dahasida joylashgan 1-sonli tug`ruq majmuasida soat 16:00 arafasida chiroq o`chib qolgan.
1,5 soat chiroq kelavermagach, ona 1055 raqamiga qo`ng`iroq qilib, tug`ruqxonadagi chaqaloqlar apparatlarga ulangani, xususan o`zining farzandi ham vakkumda yotganini ma`lum qilgach, unga yarim soatda chiroq yonishini ma`lum qilishgan. Biroq vaziyat muddatidan avvalroq hal qilingan, murojaatdan 2 daqiqa o`tar o`tmas tug`ruqxonaga chiroq kelgan.
Foydalanuvchi shu o`rinda tug`ruqxonada ana shunday vaziyatlarda ishlatsa bo`ladigan generator yo`qligining sababi bilan qiziqib, bu borada kimga murojaat qilishni Feysbuk foydalanuvchilaridan so`ragan.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tug`ruqxona bosh shifokori vazifasini bajaruvchi Mahbuba Nazirova bilan bog`langanimizda u ushbu vaziyatni quyidagicha sharhladi:
“Tug`ruqxonamizda kecha chiroq o`chib qolgani rost, biroq buning oqibatida hech qanday favqulodda holat yuz bermadi. Aslida bunday hollarda ishlatadigan ikkinchi elektr tarmog`imiz ham bor. Bizga elektr tarmog`idagilar chiroqni 15-20 daqiqada beramiz deyishgani sababli biz uni ulashga ehtiyoj sezmadik. Elektr bilan ishlaydigan uskunalarga to`xtaladigan bo`lsak, hozirda deyarli barcha tug`ruqxonalarda zamonaviy uskunalar mavjud bo`lib, ular chiroq o`chgan holda ham 2 soatgacha uzluksiz ishlash quvvatiga ega” – deydi Mahbuba Nazirova.
Shuningdek hozirda mazkur vaziyat yuzasidan Sog`liqni saqlash Vazirligi ham tushuntirish talab qilgani va hozirda tug`ruq majmuasi ma`muriyati tushuntirish xati yozayotganligini ma`lum qildi.





