22.02.2014 11:51
Shahzoda: “Yoshini yashiradigan ayollar toifasidan emasman”
- Ikkinchi bor onalik baxtiga erishguningizga qadar, garchi katta o`g`lingiz bo`lsa-da, barcha sizga boqib, yoqimtoy, yoshi bilan tashqi ko`rinishi bir-birini mutlaqo inkor etadigan Shahzodani ko`rardi. Endi esa sizni ona sifatida qabul qilishyapti!
- Aslida yoshini yashiradigan ayollar sirasidan emasman. To`g`ri, ularni tushunaman, muhokama ham qilmoqchimasman. Ulardan farqli ravishda “Necha yoshdasiz?” degan savolga mamnuniyat bilan javob beraman. O`ttiz to`rt yoshimda ikki qanotim - o`g`llarim borligidan fahrlanaman! Muxlislarim meni yoshgina Shahzoda emas, balki ona, ayol sifatida qabul qilishayotgani juda yoqimli!
- Sizga tengdosh bo`lgan ko`pchilik ayollar sizdek yosh ko`rinishmaydi. Bunga sabab qilib “Men ham san`atkor bo`lganimda, Shahzodadek yurardim”, deyishadi...
- Bu mutlaqo noto`g`ri fikr! Yaqindagina dugonam, hamkasbim Nilufar Usmonova bilan birga tushlik qilganimizda shu mavzuni muhokama qilgandik. San`atkorning hayoti bayram, o`yin-kulgidan iborat emas! Sohamizning bir qator qiyin tomonlari bor, ayniqsa psixologik tomondan ko`proq qiynaydi. Har bir kasbda ham vaqti-vaqti bilan oq va qora yo`lakchalarga tushib qoladi kishi. Shunchaki undan chiqa bilish kerak! Yosh ko`rinishimning boisi hayotga ijobiy nuqtai nazar bilan qarayman. “Nega ishim o`xshamadi?” “Unday bo`lganida natijasi ijobiy bo`lardi”...kabi savollar bilan o`zimni qiynashni yoqtirmayman. Bu borada onam bilan ko`p tortishaman. U kishi judayam pessimist, men esa optimistman. Onamga doim nimadir yoqmaydi, hayotga mamnuniyat bilan qaramaydi. “Pessimistlik bilan ish tutganingiz uchun ham biror nimadan ko`nglingiz to`lishi qiyin”, deyman. “O, Maryam, Maryam” filmidagi qahramonim xuddi onamga o`xshaydi. U kishining taqdiri og`ir kechgan, bir o`zi ikki farzandni katta qildi. Doim o`tmishini eslaganida, “bo`ldi endi, unuting u kunlarni!” deyman. Har bir kishi qiyin vaziyatlarga “bu menga berilgan jazo”, deb emas, shunchaki sinov deb qarasa vassalom! Doim kulib, xursand yurishimdan “O`zi baxtli-da!” degan fikr tug`ilishi mumkin. Aslida mening ham o`zimga yarasha, hatto atrofimdagilardan ikka karra ko`proq tashvishlarim bor. Hayotning jiddiy sinovlarini juda erta boshdan o`tkazishga ulgurganman. Va bu meni atrofga real ko`z bilan qarashga o`rgatdi. Eng muhimi, qorong`ulik ortidan doim yorug`lik kelishini o`zim misolimda angladim. Unutmang, chetdan risoladagidek ko`ringan san`atkor aslida baxtsiz bo`lishi mumkin...
Yosh ko`rinishimning yana bir asosiy sabablari, genga borib taqalsa kerak. Ota-onamning ham yosh bilan tashqi ko`rinishi bir-birini inkor etadi. Yana bir sirim - bugungi kun bilan yashayman.
- So`zlaringizga qaraganda, Deyl Karnegining kitoblarini o`qib turasiz, shekilli? “Bugungi kunning “oraliq”, bo`sh joyi”da yashang”, degan gap aynan unga tegishli!
- Psixologiyani juda yaxshi ko`raman. Nafaqat Karnegi, balki bir qator mualliflarning psixologiyaga oid kitoblarini o`qiganman. Lekin o`qiganim yo biror yaqinimning bergan maslahatiga emas, balki yuragimga quloq tutib ish ko`radigan odatim bor.
- Yuqorida “O, Maryam, Maryam” filmi haqida so`z ochdingiz. Demak, rolingizni ta`sirli va ishonarli chiqishida ma`lum ma`noda onangiz va o`zingizning taqdiringizni ijro etganingiz sabab ekanda-a?
- Albatta! Onamning hayoti orqali ko`p narsani ko`rdim. Qaysidir ma`noda onamning taqdiri menda takrorlandi. Shu sabab u kishining ichki kechinmalarini yaxshi tushunaman. Va bularning barini filmda qahramonim siymosida yana qayta his etish oson kechgani yo`q!
- Hech qattiq tushkunlikka tushganmisiz?
- Tez-tez tushkunlikka tushib turaman. Yolg`izligimda undan chiqishim anchayin uzoq vaqtga cho`zilardi. Xudoga shukr, hozir oilamdan tashqari, atrofimda do`stlarim, yaqinlarim bisyor. Ularning yordamida tushkunlik xolatini tezda tark etaman. Depressiya bu - kasallik. Hayotim mobaynida juda og`ir va uzoq vaqtlik “kasal”likni boshdan kechirdim. O`sha vaqtda yordamini ayagan do`stlarim yaramga sepilgan tuzdek bo`lishgan. Hozir barini unutganman, eslamaslikka ham harakat qilaman. Ayni damda og`ir vaziyatni boshdan kechirayotganlarga aytar so`zim, hayotda yorug`lik tomon intilib yashang! Qorong`ulikdan ozgina yorug`lik topsangiz ham bu sizning muvaffaqiyatingiz. Arzimagan narsalardan ham baxtni topa bilish kerak! Bu shaxsan o`zimda sinalgan tajriba!
- Intervyularingizdan birida “Meni hamma birdek yaxshi ko`radi, degan xayolda edim”, degandingiz. Buni xomxayolligini anglashingizga nima turtki bo`ldi?
- Tajriba! Hayotimni qorong`u, o`rtacha yorqin va yorqin davrga bo`lib chiqqanman. Ko`z tegmasin, ayni damda yorqin davrni yashayapman! Atrofimda ishongan do`stlarim, oilam, ikki o`g`lim bor. Nazarimda, yana hamma meni birdek yaxshi ko`radiganga o`xshayapti (miriqib kuladi). Odam doim yaxshilikka ishonsa, yashash engilroq bo`larkan.
- Shaxsan o`zingizga “menga yoqmaysiz!” deganlar bo`lganmi?
- Juda ko`p bor. Ijtimoiy tarmoqlardan birida faolman. Kimdir “Shahzoda bekorchimi?” degan xayolga ham borishi mumkin. Aslida unday emas. Kun bo`yi ishda yurib, kechga tomon uyga qaytaman. Oila a`zolarim bilan suhbatlashib, so`ng Holidni ovqatlantirayotgan vaqtimda ijtimoiy tarmoqqa kiraman. Ba`zi hamkasblarim “qarang, meni yoqtirmasligini yozishibdi”, deb jig`ibiyron bo`ladi. Bunga oddiy qarash kerak. Masalan, men yoqtirmaydigan odamlar ham bor. Bu haqda albatta ularga oshkor etmayman (samimiy kuladi). Vaxolanki ularning menga hech qanday yomonligi tegmagan. Lekin nega yoqtirmasligimni tushuntirib berolmayman.
- Holid tug`ilganidan keyin “Ijodda nima yangiliklar?” degan savollar o`z o`rnini “O`g`lingiz katta bo`lyaptimi, qiynalmayapsizmi?” kabi savollarga bo`shatib bergandir-a?
- (Samimiy kulib) Bu jarayon menga juda yoqyapti! Ko`pchilik ayol san`atkorlar bir vaqtda farzandli bo`ldik. Bir dugonam “Qizim kechasi bilan uxlamaydi, qiynalib ketdim”, deb xasratini aytib qoldi. Shunda o`zimga o`zim Xudoga shukr Xolid juda og`ir-bosiq, meni tashvishga qo`ymaydi, deb qo`ydim. Bolaligimda oila-a`zolarim san`atkor bo`lishimni tasavvur ham qila olishmagan. Chunki “Shahzoda bir etak farzandning onasi bo`ladi!” degan fikrda bo`lishgan-da! Haqiqatda yosh bolalarni juda yaxshi ko`raman, ularning yonidan befarq o`tib ketolmayman.
- Cakkiz yildan so`ng ikkinchi farzandni dunyoga keltirish qaroriga kelganingizga qaraganda, Holidni enaga qo`liga topshirmassiz, deb o`ylagandim. Qolaversa, katta o`g`lingizni ham mustaqil katta qilmagansiz.
- Solix tug`ilganida “Ishim sabab, unga etarlicha mehr, e`tibor berolmayapman, boshqa tug`mayman”, deya qaror qilgandim. Rosti, ikkinchi farzandni rejalashtirmagandik. Sof vijdon bilan ayta olaman, ko`ngildagidek rafiqa, namunali onaman, deya olaman. Lekin boshim bilan uy ishlariga sho`ng`iydigan va “qachon erim maosh olib kelarkin?” “Farzandimning kelajagini turmush o`rtog`im ta`minlab bersin!” deydigan ayollar toifasiga kirmayman. Turmush o`rtog`im bilan teng ishlab, o`zim pul topishni yaxshi ko`raman. Shu sabab ham enaga yolladim. Aytsam kulasiz, Holid olti oylik homila ekanidayoq enaga izlashni boshlaganman (kuladi). Chunki enaganing insoniy fazilatlari men uchun muhim edi. Uy bekasi bo`lib, kundalik yumushlardan xorib, asabiy xolatim bilan bolani qiynashni istamadim. O`g`lim yonida o`ziga ishongan, tetik, asablari joyida bo`lgan ona bo`lishni istayman!
- Kunning necha qismini farzandingiz bilan o`tkazasiz?
- Enaga ertalab to`qqizda keladi va ishda qancha ushlanib qolishimga qarab, Holidni yonida bo`ladi. Bordi-yu uyda bo`lsam, enagani chaqirmayman. Ba`zi onalarga o`xshab, uyda bo`lsa ham enaga yordamidan foydalanadiganlar sirasiga kirmayman.
- Enagani qanday tanladingiz?
- Enagani juda uzoq vaqt izladim. Hatto shunday bo`ldiki, telefonda gaplashganda ovozi yoqmay qolsa ham, uning xizmatidan kechgan paytlarim bo`ldi. Holid tug`ilguniga qadar bo`lgan enaga qidiruv jarayoniga behuda vaqt sarflaganimni angladim. Akusherlik-ginekologiya institutida ko`zim yoriganida, ikki hamshira e`tiborimni tortdi. Chaqaloqlarni tomosha qilish uchun jonlantirish bo`limiga tushardim. U erning oynasidan og`ir axvolda yotgan chaqaloqlarga qarab turganimda, doim o`sha ikki hamshira qizning “shu ishim, majburiyatimda”, deb emas, bor mehri bilan ularni parvarishlayotgani ko`rardim. Shifoxonaning bosh shifokoridan “shu ikki hamshirani enaga qilib olsam maylimi?” deganimda “Nega aynan ularni tanladingiz?” deya hayrat bilan so`roqqa tutdi. Bilsam, fidoiyligi uchun ularni butun shifoxonadagilar yaxshi ko`rar va yo`qotib qo`yishdan qo`rqishar ekan. Qisqasi, Malika va Maloxatni enaga qilib oldim (kuladi). Shunday qizlar uchraganidan xursandman!
- Holidni ko`krak suti bilan boqyapsizmi yo bo`tqalar bilan?
- Solixni bir yarim yil ko`krak suti bilan boqqanman. Holidni ikki yarim oy mobaynida ko`krak suti bilan ovqatlantirdim, so`ng bo`tqaga o`tdik. Bunga konsertga tayyorgarlik jarayoni cho`zilib, uyga kechroq kelishim sabab bo`ldi.
- Onalik sizni yoshartirdimi yo ulg`aytirdi?
- Ich-ichimdan o`zimni haliyam yoshdek his etaman. Lekin onalik baxti zimmamga yanada ko`proq mas`uliyat yukladi. Qaysidir ma`noda ulg`aydim.
- Asli nechta farzandingiz bo`lishini istagansiz?
- Juda ko`p! Lekin birinchi oilam bilan ajrashib, Solixni bir o`zim katta qilishimga to`g`ri kelganida juda qiynalganman. Bu jarayonda onam menga yaqindan ko`makdosh bo`lgan. O`sha vaqtda o`g`limning ehtiyojlarini qondirolmaganimni hozir to`g`irlashga urinyapman. Balki farzand tarbiyasiga xuddi erkaklardek yondashishim sabab, ishlashni istayman. O`g`limni ham ma`nan, ham ruhan, ham moddiy jihatdan ta`minlashga xohishim kuchli. Lekin negadir bir o`g`il, bir qizim bo`ladi, derdim (kuladi). Holid tug`ilganida esa yana o`g`illigidan xursand bo`ldim. Balki bunga qarshi jins vakillari bilan osonroq til topishishim sababdir. Qiz farzand haqida hozircha o`ylamayapman. Chunki bor diqqat-e`tiborim, mehr-muhabbatim Holidda-da!
- Bunga Holidga bo`lgan mehr to`sqinlik qilyaptimi yo tug`ruq jarayonidagi qiyinchiliklar?
- Solix va Holidning tug`ilishi shifokorlar nuqtai-nazaridan oson tug`ruq sirasiga kirmaydi. Lekin fikrimcha, ikkisida ham qiynalmaganman. Shunday ekan Holidga bo`lgan mehrim sabab, hozircha qiz farzand haqida o`ylamayapman (kuladi).
- Farzandli bo`lganingizda xursand bo`lganlar qatori, xafa bo`lganlar ham topildimi?
- Birgina xavotirim Solixning rashki edi. Chunki o`g`limning kelajagini ta`minlash maqsadida tinimsiz ishlardim. Solix esa asosan onam bilan bo`lardi. Ikkinchi bor turmushga chiqishim etti uxlab tushimga kirmagandi-da! Hozir ham ishlashimga qaramay, Holidga ko`proq vaqt ajratishning uddasidan chiqyapman. Bu esa Solixga ruhan ta`sir qiladi, degan xavotirda edim. Haligacha Solixning kayfiyati bo`lmasa “qizg`onmayotganmikan”, deb tashvishga tushaman. Ko`zim yorigach, shifoxonada Solix ham men bilan birga edi. O`shanda “Bolaligimda meni buvimga qoldirib, o`zingiz ishlaganingiz yaxshi bo`lgan! Yo`qsa, uyda o`tirib, asabiylashib meni qiynardingiz. Turmushga chiqqaningizdan ham xafa emasman, axil va to`laqonli oilamiz bor”, degan. Gohida onam “umrimni sizlarga bag`ishlaganman”, deb xasratini boshlaganida “Ikkinchi bor oila qurganingizda, sizni qizg`onmasdik! Sizni hozirgidek asabiy emas, baxtli ko`rishdan xursand bo`lardik” deyman.
Nazarimda, yana bir karra ona bo`lganimdan hech kim xafa bo`lgani yo`q.
- Xonanda Lola Yo`ldosheva ham baxtingizga sherik bo`lib, sizni tabrikladimi?
- Albatta! Ko`zim yorigan kuniyoq shifoxonaga kelib tabrikladi. To`g`ri, shifokorlar yonimga chiqishga ruxsat berishmadi. Holidga bir talay sovg`a-salom hadya qildi. Chillamiz chiqqach esa uyimizga kelib tabriklashdi.
- Kutganmidingiz?
- Chetdan qarab, “Bular mutlaqo bir-birini bilan gaplashmaydi”, deb o`ylashlari mumkin. Bu noto`g`ri fikr! Har bayramda kelib tabriklashadi. Ko`pincha Lolaning qizi Shaxina biznikida yotib qoladi.
Bir necha yillar avval “katta bo`lishgach, tushunishadi”, derdim. Hozir ular voyaga etgan, oilali, o`ziga yarasha muammolarni ham boshdan o`tkazishdi. Balki ular ota-onasini qattiq yaxshi ko`rishar... Bolalarcha qizg`onishga ham yo`ymoqchi emasman, ularni muhokama ham qilmayman. O`zim misolimda ayta olaman, onam turmushga chiqqanida faqat va faqat xursand bo`lardim. O`zim ona bo`lgach, onamning yolg`izligi meni tashvishga sola boshladi (ko`ziga yosh oldi)... Shu ma`noda Lola ham ota-onasi uchun xursand deb o`ylayman.
- Mavzuni o`zgartira qolaylik Ayni paytda O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining teatr tanqidchiligi bo`limida o`qiyapsiz. Chaqaloqqa qarash, oila tashvishlari, yangi konsert dasturiga tayyorgarlik bilan birga o`qish qiyinlik qilmayaptimi?
- Qiyin albatta! Namunali talabalar qatori doimiy ravishda darslarga borolmayotganimni tan olaman. Guruhimizda to`rtta qizmiz, ular bilan do`stlashib olganman. Borolmagan kunlarim kursdoshlarimdan mavzuni so`rab, uy vazifalarini olib, albatta mustaqil o`zlashtirishga harakat qilaman. Yoshligimdan doim hech nimaga ulgurolmayotgandek his etardim o`zimni. Buni o`ylab, asabiylashganing sari ulgurolmayotgan ishlaring ortishini tushunib etdim. Turmush o`rtog`im bu fe`limni tarbiyalay oldi (kuladi). O`zimni hotirjam tutish va kunimni rejalashni o`rgandim.
- Rejalaringiz qatorida “sessiya”ni yopish ham bormidi?
- (Miriqib kuladi) ha, bor edi. “Sessiya”ni yopdim, bundan buyon dars qoldirmaslikka harakat qilaman.
- Nega aynan teatr tanqidchiligini tanladingiz?
- Aktyorlik mahoratisiz filmlarda suratga tushgan vaqtlarimdayoq bu sohaga qiziqib qolganman. Nazarimda shu turtki bo`ldi. Aslida rejissyorlik bo`limiga hujjat topshirmoqchi edim. Lekin xohishim ustsnlik qildi chog`i.
- Demak, shunchaki diplomga ega bo`lish uchun emas, keyinchalik bu sohada faoliyat yuritish uchun o`qiyapsiz?
- Albatta! Teatr tanqidchiligi sohasiga qiziqishim kattaligini so`z bilan ifodalab berolmayman.
- Ko`chaga ilingan konsert banerlaringizdagi imijingizga odamlarning ko`zi o`rganolmayapti. Imij borsidagi g`oya kimdan chiqdi?
- (Miriqib kuladi) o`zimning ham ko`zim endi o`rgandi. Muhiddin ismli fotograf bilan ishladim. Bu ilk hamkorligimiz. Shu sabab mutlaqo boshqacha ko`rinishda namoyon bo`lishni istadim. Odamlar kulib turgan qiyofamga o`rganib qolgandi. O`sha damda negadir shu imijda ko`rinishni xohladim. Tayyor rasmlarni ko`rganimda avvaliga o`zimga ham u qadar manzur bo`lmadi. Turmush o`rtog`im esa “Qaytadan fotosessiya qilish kerak!” deb qat`iyan noroziligini bildirdi. Lekin shu imijimga ko`nikdik (miriqib kuladi).
- O`tgan yilgi konsertingizda asosan xit qo`shiqlaringiz ijro etilgandi. Bu gal yangi qo`shiqlar ko`proq bo`lsa kerak?
- Ha, talaygina yangi qo`shiqlar, kutilmagan sovg`alarga boy bo`ladi. Muxlislarim bir mavzu haqida qo`shiq kuylashimni iltimos qilishgandi, o`tgan yili ulgurolmagandim. Bu yilgi konsertda so`ralgan qo`shiq albatta jarang sochadi. Mavzu nima haqda ekanini aytolmayman. Bugungi kunga qadar sinab ko`rmagan yo`nalshimda kuylamoqchiman. Balki bunga yoshim ulg`aygani sababdir... Muxlislar meni Shohruxxon va “Smash” bilan ko`rishga o`rganishgandi. Lekin bu galgi duetdoshim mutlaqo kutilmagan san`atkor bo`ladi. Eski “xit”larimni ham yangicha ko`rinishda kuylayman.
- Qanday yugur-yugurlar huzur bag`ishlayapti-yu, qay biri toliqtiryapti?
- To`yib uxlolmayotganim biroz toliqtiryapti. Huzur bag`ishlayotgan jihati esa har kuni yangilik topayapmiz. Ertangi repetisiyada yangi g`oya natijasini ko`rish yoqimli jarayon. Tabiatan odamlar bilan muloqotda bo`lishni yaxshi ko`raman. Har kuni ijodiy jamoa bilan uchrashib, hazil-huzul qilib suhbatlashib o`tiramiz. Asosiy vaqtimiz shunga ketib qoladi (kuladi). Keyin konsert rejissyori Natasha “bo`ldi, hazil-huzulni to`xtatib, ishga kirishamiz!” deb qoladi. Boshqa san`atkorlarni kuzatganman, hamma jiddiy xolatda ishlaydi. Biz esa quvnoq jamoamiz!
- Doim shu quvnoqlik sizni tark etmasin, charchamang!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi





