Bir idoraga yo`lim tushdi, kotiba qiz menga kerakli ma`lumotnomani berishdan bosh tortdi. «Menga mana bu ma`lumotnomani olib kelishingiz kerak», deydi u jilmayib. Kotiba qizga qarab, odamlarga ta`sir qilish kabi xislatim yo`qligidan afsuslanaman. Ruhshunoslarning aytishicha, kishilarga ta`sir qilish mumkin, buning uchun atigi 5 ta qoidaga amal qilsangiz bas. Shunda eringiz ham, quloqsiz farzandingiz va hatto hamkasblaringiz ham gaplaringizni eshitishni o`rganadi.
Maqtov mo``jiza yaratadi
Insonning o`ziga xos xususiyatlari yoki urinishlari uchun uni maqtashni unutmang. Hatto u biror ishni aynan sizning ko`nglingizdagidek bajarmagan bo`lsa ham. Shunda u sizga yanada ko`proq yoqish uchun harakat qila boshlaydi. Masalan, farzandingiz bilan dars qilishga va`da berdingiz, ammo vaqtingiz tig`izligi sabab ulgura olmayapsiz, deylik. Shunda sekin turmush o`rtog`ingizning yoniga borib, «dadajonisi, o`g`lingiz (qizingiz) bilan birga dars qiling, o`zingiz hamma narsani bilasiz-ku!» deyishingiz mumkin. Nima deb o`ylaysiz: bu so`zlar aks ta`sir berishi mumkinmi?
Kamchiliklaringizni tan olishni o`rganing!
Beayb Parvardigor, deyishadi. Hayotda har jihatdan o`zini ideal qilib ko`rsatishga urinadiganlarga har doim ham ishonavermaymiz. O`z kamchiligini tan olib, hatto bu ularni hazilga aylantirgan kishi esa darhol e`tiborimizni torta oladi. Masalan, rahbaringizga «oyligimni oshiring», deb kirganingizda o`z yutuqlaringiz bilan birgalikda kamchiliklaringizni-da aytish ham ish beradi. Ammo bu kamchiliklarni vaqtida payqab, oldini olganingizni ham aytib o`tishni unutmang.
Xizmatga xizmat
«Kim menga yordam bera oladi?» deb emas, «Mening kimga nafim tegadi?» degan fikrda yuring. Chunki bizga yordam bergan kishi qarshisida o`zimizni qarzdor sezamiz. Eringiz ertangi ishlaringizga yordam berishini istasangiz, bugun uning eng yaxshi ko`rgan taomini pishiring. Keyin esa yordam so`rashdan tortinmasangiz ham bo`ladi. Aynan mana shu uslub ishxonada hamkasblar orasida ham yaxshi munosabatlar qurish uchun xizmat qila oladi. Ulardan yordam so`rashni ham o`rganing.
Tinglay biling!
Hamma eshitadi, ammo suhbatdoshini tinglay oladiganlar sanoqli. Ba`zilarga bu tabiatan berilgan bo`lsa, ba`zilar esa bu san`atni o`rganishlariga to`g`ri keladi. Suhbatdoshingizni tinglashni, uning so`zlarini qiziqish bilan eshitishni o`rganing. Agar biror narsani eshitmay yoki tushunmay qolsangiz, qayta so`rab bilishdan tortinmang. Suhbatdoshingiz zavq bilan javob berishi mumkin bo`lgan savollarni o`rtaga tashlashni ham unutmang. Bu qarshingizdagi kishida sizga nisbatan mayl uyg`otadi. Inson tabiati shundayki, u o`ziga xush yoqqan kishilarning fikriga qo`shiladi.
Muloyim bo`ling!
Aksariyat hollarda bu ish beradi. Bu borada dunyo olimlari tadqiqot o`tkazishgan: ular avvaliga so`rovnoma o`tkazishdan maqsad nimaligi va manzilni yozib, anketa tarqatishgan. Anketalarning atigi to`rtdan bir qismi to`ldirilgan holda qaytib kelgan. Keyin esa xuddi shu anketaga uni to`ldirish iltimos qilingan otkritka yopishtirib tarqatishgan. Bu gal esa anketalarning yarmidan ko`pi to`ldirilgan holda qaytgan. Shunday ekan, qarshingizdagi inson bilan doim muloyim muomalada bo`ling, qo`pollik qilmang. Qo`pollik bilan har qanday yaxshi ishni ham buzib qo`yish, shirin so`z orqali esa har qanday vaziyatni o`nglash mumkin.
Fakt
Insonlar bilan muloqotda o`zingizga nisbatan ishonchingiz baland bo`lishi muhim. Darvoqe, tabassum qilishni ham unutmang!
MADINA tayyorladi.
Manba: "SUG‘DIYONA"






