AsosiySUG'DIYONA

BEKALARNING OShXONADAGI 10 XATOSI

'BEKALARNING OShXONADAGI 10 XATOSI'ning rasmi

BEKALARNING OShXONADAGI 10 XATOSI

Har bir ayolning uy tutish, ro`zg`or yuritish, oshxonada «kashfiyot» yaratish borasida o`z sinalgan usullari bor. Biroq bu borada tajriba orttirish yo`lida ba`zi xatoliklarga yo`l qo`yish uyat yoki ayb emas. Axir xatolar o`rgatadi! Asosiysi, xatolardan to`g`ri xulosa chiqarish va ularni takrorlamaslik! Keling, biz bekalar orasida oshxonada eng ko`p yo`l qo`yiladigan xatolar haqida gaplashamiz.

  • Reseptni oxirigacha o`qimaslik
  • Mahsulotlarni o`z bilganicha taqsimlash
  • Yog`ni tutaguncha qizdirish
  • Ovqatdan tez-tez xabar olish
  • Mazasini ta`tib ko`rish
  • Mahsulotlarni tartibsiz ishlatish
  • Go`shtni sovimasidan kesish
  • Sabzavotlarni ko`p qaynatish
  • Ziravorlarni ko`p qo`shish
  • Muzlatilgan mahsulotlarni eritmaslik

Xato: odatda gazeta-jurnallarda chop etilgan biror taom reseptini oxirigacha o`qimay, tayyorlashga kirishib ketamiz. Natijada esa yo taomning tagi oladi, yoki keragidan ortiq qaynab ketadi. Keyin esa «Reseptida shunday yozilgan ekan, qaerdan bilay?» deb o`zimizni oqlaymiz.

Maslahat: Hovliqmang! Avvaliga resept bilan yaxshilab tanishing. Zarur bo`lsa, biror tanishingizdan «Shuni tayyorlab ko`rganmisan?» deya qiziqing. Barcha kerakli mahsulotlarni to`plab, tayyorlay olishga ko`zingiz etsagina ishga kirishing.

Xato: ba`zi «uddaburon» bekalar ovqatga, ayniqsa, pishiriqlarga yangilik kiritishga usta bo`lishadi. Keyin esa «to`rtta tuxum o`rniga bir dona solgandim, shunga o`xshamadi chog`i», deyishadi.

Maslahat: tejamkorlik yaxshi, biroq hamma mahsulotlar ham bir-biri bilan mos tushavermaydi. Qolaversa, ba`zida bir dona tuxum etishmasligi ham taom yoki egulikning ta`miga ta`sir etishi mumkin. Yaxshisi, aslida ko`rsatilganidek tayyorlagan ma`qul.

Xato: ayrim bekalar qozondagi yog` oppoq tutun chiqar darajada qizimaguncha masalliq solishmaydi. Aslida esa hamma yog` turi ham yuqori haroratga moslashmagan. Ayniqsa, pista, zaytun yog`lari.

Maslahat: qattiq qizdirilgan yog`lar tarkibidagi foydali elementlarni yo`qotadi. Shu sabab yog`ni me`yorida qizdiring.

Xato: «pishganmikan?» deya qozon qopqog`ini hadeb ochaverish taomning mazasini buzadi. Axir har bir taomning dam eyish kabi xususiyatlari mavjud.

Maslahat: aslida taomni dimlagach, kamida 20 daqiqa tegmaslik kerak. Ana shunda taom o`ziga kerakli mazani olib, me`yorida singib pishadi.

Xato: ovqat tayyorlayotib, mazasini necha marta ta`tib ko`rasiz? Pishguniga qadar bo`lgan jarayonda taomni ta`tib ko`raverish uning aniq mazasidan chalg`itadi.

Maslahat: taomning etilib pishganini bilish uchun tayyor bo`lishidan 15-20 daqiqa avval ta`tib ko`rishning o`zi etarli.

Xato: ba`zida mahsulotlarni qozonga tartibsiz solib, to`ldirishadi yoki “tezroq pishsin” deb olovni balandlatish bilan vaqtdan yutishni istashadi. Aslida esa bu bilan taomning tayyor bo`lish vaqti uzayadi xolos.

Maslahat: agar har bir mahsulotni tartib bilan ketma-ketlikda solsangiz, ham tezroq pishadi, ham mazasi bilan quvontiradi.

Xato: pishgan go`shtni likopchaga olgan zahoti kesish noto`g`ri. Bunda maza beruvchi sharbati chiqib ketadi.

Maslahat: qaynatilgan va bug`da tayyorlangan go`shtlarni 15 daqiqa, qovurilgan go`sht mahsulotlarini esa 20 daqiqa davomida kesmay turing. Shunda u o`z sharbatini to`laligicha shimib, mazasini saqlab qoladi.

Xato: ahamiyat bergan bo`lsangiz, qaynatilgan sabzavotlaringizning orasi bo`lingan yo ikkiga ajralgan ko`rinishda bo`ladi. Buning sababi esa ularni juda baland olovda va uzoq qaynatish bilan bog`liq.

Maslahat: sabzavotlarni qaynatishda tog`orachaga solingan suv mahsulotlar ustini qoplashi kerak xolos. Olov ham o`rtacha balandlikda bo`lishiga diqqat qiling.

Xato: bilsangiz, keragidan ortiqcha ishlatilgan ziravorlar ham taom mazasiga putur etkazadi, ham oshqozonga ta`sir etishi mumkin. Ayniqsa, achchiq, nordon ta`m beruvchi ziravorlarni me`yorida ishlatish muhim.

Maslahat: suyuq taomlar suvi qaynab chiqqach, maydalangan va ozgina miqdorda ishlatilgan ziravorlar etarli sanaladi. Quyuq va dimlangan taomlarda esa ziravorlarni egulik tayyor bo`lishidan 15-20 daqiqa avval solsangiz, ta`mi yaxshilanadi.

Xato: vaqtdan yutaman deb ba`zida hali muzi erimagan mahsulotlarni ham ishlataverishadi. Axir muzlatilgan mahsulot to`liq erimasa, o`zi bilan birga ortiqcha suvni ham olib qoladi-ku! Bu esa taom mazasini buzadi.

Maslahat: muzlatilgan mahsulot to`liq erib, asliga yaqin ko`rinishga kelsagina ishlatish mumkin. Aks holda uning na ta`mi, na foydasi bo`ladi.

Marjona RAHIMOVA

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

    Boshqa yangiliklar